Carl Jung

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Jump to navigation Jump to search
Jung 1935-yilda.

Carl Gustav Jung (talaffuzi: Karl Gustav Yung; 1875-yil 26-iyul — 1961-yil 6-iyun) analitik psixologiyaga asos solgan shveytsar psixologi va psixiatridir. Jungning asarlari psixiatriya, psixologiya,[1] antoropologiya, arxeologiya, adabiyot, falsafa va dinshunoslik sohalarida muhim rol oʻynagan.

Jung tomonidan ishlab chiqilgan analitik psixologiyadagi markaziy konsepsiyalardan biri — bu individuallashuv boʻlib, bu Jung tomonidan individ „Meni“ning butun umri davomida oʻzining anglangan va anglanmagan elementlari qurshovidan qutulishga intilishidir. Jung bu jarayonni insoniy taraqqiyotning asosiy vazifasi deb hisoblagan. U bugungi psixologiyada mavjud boʻlgan eng mashhur va taʼsirli konsepsiyalarni ishlab chiqqan, va ular orasiga sinxronlik, arxetipal hodisalar, jamoaviy ongsizlik, psixologik kompleks, ekstraversiya va introversiya hodisalarni misol qilib keltirish mumkin.

Carl Gustav Jung 1875-yil 26-iyul kuni Shveytsariyaning Turgo kantonida Kessuil shahrida rohib oilasida tavallud topgan.

Jung taʼlimoti[tahrir]

Jungning taʼlimotiga va tafakkur tarziga uning oilasidagi vaziyat ulkan taʼsir koʻrsatgan. Jungning onasi, va ona tomonidan bobo va buvilari Xristian ilohiyotchilari va rohiblari boʻlishgan, va bu uning onasiga ham taʼsir qilgan va Jungning oʻzida ham okkultik va akademik ilohiyotshunoslikka boʻlgan qiziqishlarni keltirib chiqargan. Ota tomonidan esa unga ilm-fanga boʻlgan qiziqish oʻtgan. Garchi Jung psixologiya bilan amaliy darajada shugʻullangan, klinikada bemorlarga tashxis qoʻygan va davolagan, kitoblar yozgan va analitik psixologiyaga asos solgan boʻlsada, olim umrining asosiy qismi kvant fizikasi, vitalizm, Sharq va Gʻarb falsafasi, jumladan, epistemologiyasi, alkimyo, munajjimlik, sotsiologiya, adabiyot va sanʼat kabi sohalarni tadqiq etishga sarflangan. Jungning falsafa va spiritual sohalardagi qiziqishi uni koʻpchilik tomonidan mistik deb atalishiga sabab boʻladi, lekin u oʻzini ilm odami deb hisoblagan; Freyddan farqli ravishda Jung falsafiy konsepsiyalar sohasida chuqur bilimga ega boʻlgan va epistemologiyani zamonaviy psixologiya nazariyalari bilan bogʻlashga intilgan.[2][3]

Asosiy konsepsiyalari[tahrir]

Jung tomonidan psixologiya sohasida ishlab chiqilgan konsepsiyalarning eng asosiylarini alifbo tartibida quyidagicha joylashtirish mumkin:[4]

Anima va animus (arxetip) — shaxs psixikasining kontraseksual jihati. Ayol psixikasida unda mavjud boʻlgan maskulin jihat ham kompleks va ham arxetipal obraz shaklida namoyon boʻladi. Xuddi shu tarzda erkak psixikasida ham unda mavjud boʻlgan feminin jihat ham kompleks va ham arxetipal obraz shaklida namoyon boʻladi. Bu yerda Anima erkakdagi yashirin feminin jihat, Animus esa ayolda yashirin maskulin jihatdir.

Arxetip — antropologiyadan „qarzga olingan“ konsepsiya boʻlib, u inson ong ostida mavjud boʻluvchi va universal hamda takroriy tarzda inson ongida gavdalanuvchi obrazlar yoki mavzularni oʻzida aks ettiradi. Jungning arxetiplar haqidagi qarashlari vaqt oʻtishi bilan oʻzgarib borgan.

Arxetipal obrazlar (yoki tasvirlar) — inson psixikasidagi ziddiyatlar orasida vositachilik qiluvchi universal timsollar boʻlib, ular asosan madaniyatlar boʻylab diniy sanʼat asarlarida, mifologiyada va ertaklarda oʻz aksini topadi.

Jamoaviy ongsizlik — turli madaniyatlar tomonidan boshdan kechiriluvchi (tajribadan oʻtkaziluvchi) ongsizlik jihatlari.

Kompleks — inson idroki va xulq-atvorini nazorat qiluvchi obrazlar va tajribalarning bosim ostiga olingan (unutilgan) qismi.

Ekstraversiya va introversiya — Jungning psixologik tiplar nazariyasining bir qismi hisoblanmish insonning ochiqligi va yopiqligi darajasini belgilovchi tushunchalar.[5]

Individuatsiya — individ ruhiyatida kechadigan murakkab jarayon boʻlib, unda individ oʻzining „na ongi va na ongsizligini inkor qiladi, va ularning har ikkisini ham teng koʻradi“.[4]

Persona — shaxsiyatning „moslashish va shaxsiy qulaylik sababi tufayli“ yuzaga keluvchi elementlaridir — bizning turli vaziyatlarda turli qiyofalarga kirishimiz.[6]

Soya/Sharpa (arxetip) — shaxsiyatning bosim ostiga olingan, shunday ekan nomaʼlum jihatlari boʻlib, ular asosan salbiy ahamiyat kasb etadi.

Oʻzlik (Men) (arxetip) — shaxsdagi individuatsiya jarayonini nazorat qiluvchi markaziy ustqurma konsepsiya boʻlib, u erkaklik va ayollik tamoyillari birligi, yaxlitlik va umumiylik hisoblanmish mandalalar oʻzlik (Men) ning timsoli hisoblanadi. Jung uni psixikaning markaziy arxetipi deb hisoblagan.

Sinxroniklik — hodisalarning tartibsiz va tizimsiz sodir boʻlishiga javobgar boʻlgan akauzal (sababiyat qonunlaridan tashqaridagi) tamoyil.[7]

Kollektiv ongsizlik[tahrir]

Psixoanalitik nazariyaning yaratilishi bilan individlarning shaxsiy ong osti sohalar mavjudligi umum qabul qilingan qarashga aylana bordi. Bu qarash ham Freyd, ham Jung tomonidan ommalashtirilgan. Individning shaxsiy ongosti oʻsha individ tomonidan oʻtmishda qachondir his qilingan yoki tajribadan oʻtkazilgan, biroq vaqt oʻtishi bilan bosilgan va unutilgan, yoki repressiya qilingan oʻy-fikrlari va hissiyotlaridan iboratdir. Jamoaviy ongsizlik, yoki jamoaviy ong ostida toʻplangan elementlar esa individning hayoti davomida toʻplanmaydi, va unda mavjud narsalar oʻylar, xotiralar yoki gʻoyalar kabi individga umri davomida ongli ravishda ayon ham boʻlmaydi. Uning tarkibiy qismlari hech qachon jismoniy yoki kognitiv tajriba asosida „bilinmagan“ va butkul unutilgandir.

Jamoaviy ongsizlik sohasi boshqa hayvon turlarida mavjud boʻlmagan va barcha insonlarga xos boʻlgan universal irsiy elementlardan iborat boʻladi. Mazkur hodisa evolyutsionar biologiya, sivilizatsiyalar tarixi, etnologiya, miya va asab tizimi rivojlanishi, va umumiy psixologik rivojlanish kabi fan sohalari doirasida oʻrganiladi. Amaliy fiziologik va psixologik jihatdan uni Carl Jung „faqatgina ikkilamchi darajada anglanganlik sohasiga chiquvchi va muayyan psixika tarkibiy qismlariga aniq shakl va shamoyil beruvchi ibtidoiy va universal mavjud boʻlgan shakllar — arxetiplardan iborat boʻlgan soha“[8] deb ataydi.

Manbalar[tahrir]

  1. Darowski, Emily; Darowski, Joseph (1-iyun 2016-yil). „Carl Jungʻs Historic Place in Psychology and Continuing Influence in Narrative Studies and American Popular Culture“. Swiss American Historical Society Review. 52 (2). ISSN 0883-4814
  2. http://mlwi.magix.net/jungmetaphysic.htm
  3. Lachman, Gary (2010). Jung the Mystic. New York: Tarcher/Penguin. p. 258. ISBN 978-1-58542-792-5.
  4. 4,0 4,1 Anthony Stevens (1991) On Jung London: Penguin Books, pp. 27-53
  5. Dicks-Mireaux, M. J. (1964). „Extraversion-Introversion in Experimental Psychology: Examples of Experimental Evidence and their Theoretical Explanations“, Journal of Analytical Psychology, 9, 2.
  6. The Jungian Model of the Psyche | Journal Psyche". journalpsyche.org.
  7. Bright, George. (1997) „Synchronicity as a basis of analytic attitude“, Journal of Analytical Psychology, 42, 4
  8. Carl Jung (1959). The Archetypes and the Collective Unconscious, Collected Works, Volume 9, Part 1. Princeton University Press. para. 90-92,118. ISBN 0-691-01833-2.

Havolalar[tahrir]