Boyazid Bastomiy masjidi

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Masjid
Boyazid Bastomiy masjidi
Mamlakat  Oʻzbekiston
Hudud Qiziltepa tumani
Meʼmoriy uslub Markaziy Osiyo meʼmorchiligi
Soʻngi imom Zavqiddin Oripov
Maqomi Faoliyat koʻrsatmoqda
Qurilish materiali Pishiq g'isht

Boyazid Bastomiy masjidi — Navoiy viloyati Qiziltepa tumanida joylashgan masjid[1]. Bosh imom xatib — Zavqiddin Oripov.

Qiziltepa tumanining „Boʻston“ qishlogʻida Boyazid Bastomiy ziyoratgohi mavjud. Bu maskanda 1929-yilgacha katta minorali masjid boʻlib, shoʻrolar davrida buzib tashlangan. Boyazid Bastomiy masjidi Navoiy viloyati adliya boshqarmasi tomonidan 1998-yilning 11-avgustida № 08 son qaror bilan roʻyxatdan oʻtgan. Sultonul orifin, burxonul muhaqqin nomlari bilan ulugʻlangan Boyazid Bastomiyning toʻliq ismi Imom Aburahmon as Sulamining (936—1021) „Tabaqoti sufiyya“ asarida keltirilgan: Yaʼni Abu Yazid (Boyazid) Tayfur bin Iso Sarushondir. Boyazidning bobosi majusiylardan boʻlgan. Ular uch aka-uka boʻlganlar: Odam, Tayfur va Ali. Hammalari zohid, ulugʻ avliyolar qatoridan oʻrin olganlar. Barchalari Bastom ahlidandir.

Alisher Navoiy oʻzining „Nasoyim ul muhabbat“ asarida Boyazid Bastomiy haqida shunday yozadilar:

Hazrat Bastomiy q.t.a. avvalgi tabaqadindur. Oti Tayfur bin Iso. Axmad Huzravayx, Abu Hafs, Yahyo Mu’oz va Shaqiqi Balxiyni ko‘rib erdi. Ul Ray asxobidin erdi. Ammo anga bir valoyat (avliyolik) eshigi ochildiki, anda mazhab padidor bo‘lmadi. Boyazid q.s. namoz qilsa erdi, ko‘ksining sungaklaridin qa’qa chiqar erdi. Tangri taolo qo‘rquvchidan va shariat ta’zimidan[2].

Ushbu keltirilgan maʼlumotlardan shu narsa anglashiladiki, Boyazidning ismi Tayfur ekan. Bu zoti sharif 801-yilda Erondagi Bastom (Vistom) shahrida tugʻilgani sababli Bastomiy nomi bilan mashhur boʻlgan. Boyazid Bastomiyni yoshlik paytlari maktabga borayotgan vaqtda uchratib qolgan buyuk shayx Hazrat Shaqiqi Balxiy bu goʻdak kelajakda zamonaning eng buyuk avliyosi boʻlajak deb bashorat qilgan ekan.

Boyazid Bastomiy 875-yilda vafot etgan. Sovetlar davrida Boyazid Bastomiy masjidi buzib tashlangan.

Buzib yuborilgan masjid oʻrnida 1990-yilda choʻpkori, shimoliy va sharqiy tomonlari ayvonli masjid barpo etilgan. Masjidni bunyod etish ishlariga tuman tashkilotlari va aholi mablagʻ toʻplab qatnashgan.

Ramziy qabr ustida mahobatli gumbaz qurilgan. Hududdagi shifobaxsh suvli quduq qaytadan taʼmirlangan.

Hozir Boyazid Bastomiy masjidi tumanning bosh masjididir. Har juma kuni yuzlab musulmonlar masjidga yigʻiladi. Masjidga kelib ibodat qiluvchilar uchun yangi tahoratxona binosi ishga tushrildi. Xatm-xudoyi oʻtkazuvchilarga qulay boʻlishi uchun ayvon qurilgan. Ziyoratga keluvchilar koʻp boʻlib, ularning orasida xorij mamlakatlaridan keluvchilar ham bor.

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. „Navoiy viloyati“. Qaraldi: 31-iyul 2023-yil.
  2. „“Боязид Бастомий” жоме масжиди.“. Qaraldi: 31-iyul 2023-yil.