Botulizm

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Botulizm
Clostridium botulinum.jpg
Clostridium botulinum mikropreparatining fotografiyasi, gensianviolet bilan ranglangan.
 
Klassifikatsiyasi va tashqi linklar
Ixtisos Yuqumli kasalliklar, Gastroenterologiya
KXK-10 A05.1
KXK-9 005.1
Patient UK Botulizm


Botulizm (lot. botulus — kolbasa) — odam va hayvonlar (ayrim sut emizuvchilar)da uchraydigan oʻtkir yuqumli kasallik; ovqatdan boʻladigan toksikoinfeksiyalar guruhiga kiradi. B. (Clostridium botulinum) bakteriyalari bilan ifloslangan ovqatlar isteʼmol qilinganda yuzaga keladi. B. qoʻzgʻatuvchilari tabiatda keng tarqalgan boʻlib, chidamli (sporali) va chidamsiz (vegetativ) xillari uchraydi. Sporalari tashqi muhitda yillab saqlanishi mumkin; sporalar tuproqdan suv, meva, sabzavot, oziq-ovqat, yemxashakka oʻtadi, keyin odam va hayvonlar ichagiga tushib, soʻngra najas bilan yer yuziga tarqaladi. B. mikrobi faqat anaerob (havosiz) sharoitda rivojlanadi. Shu sababdan konserva qilingan, tuzlangan, dudlangan mahsulotlar va kolbasaga tushib kalgan sporalar anaerob sharoitda oʻsib, vegetativ shakl (bakteriyalar)ga aylanadi. Ular ana shu sharoitda kuchli zahar (ekzotoksin) hosil qiladi. Bu mahsulotni isteʼmol qilgan odam kasal boʻladi. B. toksini ichakda tez soʻriladi, qonga oʻtadi va butun organizmga tarqalib, asosan nerv sistemasini zararlaydi. Kasallik toʻsatdan boshlanadi. Bemorning boshn ogʻriydi, tinkasi quriydi, koʻzi tinadi, lohaslanadi, koʻngli aynib qusadi, uyqusi qochadi, qorni ogʻriydi, ogʻzi quriydi, tashna boʻladi; koʻpincha qabziyat kuzatiladi. Keyinchalik boshi aylanadi, koʻz xiralashadi, qovoqlar salqiydi, bemor ravon gapira olmaydi yutish, nafas olish faoliyati buziladi; yurak va nafas markazlari falajlanishi tufayli oʻlim sodir boʻlishi mumkin. Bemor faqat kasalxonada davolanadi. Zamonaviy davo usullari: B.ga qarshi zardob, sunʼiy nafas oldirish apparatlarini oʻz vaqtida qoʻllash yaxshi naf beradi. Kasallikning oldini olish uchun konserva tayyorlash qonunqoidalariga qatʼiy amal qilish, uy sharoitida konserva va oziq-ovqat tayyorlashda sanitariya talablarini oʻrniga qoʻyish talab etiladi. Davosi: B.ga qarshi maxsus zardob yuboriladi; zond orqali meʼdani yuviladi, huqna qilinadi, yurak dorilari beriladi, nafas olish izdan chiqqanda sunʼiy nafas oldiriladi va boshqa Hayvonlarda B. ozuqa (buzilgan silos, kepak va boshqalar)dan zaharlanishdir. Aksariyat ot, qoramol, parranda va norkalar kasallanadi. Kasallikning yashirin davri bir necha soatdan 10— 12 kungacha. Kasal hayvonning markaziy nerv sistemasi zararlanadi, hiqildoq, til va pastki jagʻlar falajlanadi, burnidan shilimshiq oqadi, suv yuta olmaydi. Kasallangan hayvonlarning 70—95% halok boʻladi. Kasal hayvon goʻshtini isteʼmol qilish man etiladi (goʻshti va terisi kuydiribtashlanadi).

Davosi: kasal hayvonning meʼdasi yuviladi, surgi dorilar (arekalin, pilokarpin, ezerin) beriladi, iliq huqna qilinadi. B.ga qarshi maxsus zardob yuboriladi. Kasallikning oldini olish uchun mollarga sifatsiz yemxashak bermaslik, kasallik chiqqan hollarda sogʻlom mollarni ham B.ga qarshi zardob bilan emlash lozim.

Adabiyotlar[tahrir]

  • OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil
  • Shovahobov Sh., Yuqumli kasalliklar va epidemiologiya asoslari, T., 1997; Shopoʻlatov J., Veterinariya asoslari, T., 1993.

Shonosir Shovahobov, Poʻlat Moʻminov.

Manbalar[tahrir]