Botanika sanatoriysi

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Botanika sanatoriysi — balneologik kurort. Toshkent shahridan 30 km uzoqlikda. Chatqol togʻi etaklarida, Chirchiq shahridan 15 km masofada, dengiz sathidan 570 m balandlikda joylashgan. Maydoni 19,7 ga. Sanatoriy hududida dastlab temir yoʻl xodimlari uchun dam olish uyi (1942-yil gacha), harbiy gospital (1942-46), mavsumiy (1947-56) va yil boʻyi ishlaydigan (1956—66) dam olish uyi boʻlgan, 1966-yildan markaziy va periferik nerv sistemasi hamda hazm aʼzolari kasalliklari bilan ogʻrigan kishilar davolanadigan sanatoriyga aylantirilgan. Sanatoriy yaxshi koʻkalamzorlashtirilgan, yaqinidan Boʻzsuv oqib oʻtadi. Iqlimi kontinental: qishi yumshoq, yozi issiq, yanvar ning oʻrtacha temperaturasi — G, iyulniki +26°, nisbiy namlik 50%, quyoshli kunlar davomiyligi yiliga 2700 soat. Sanatoriydagi termal xloridgidrokarbonatnatriyli mineral suvdan ichish, vannalar uchun, ichaklarni chayish, meʼdani yuvish maqsadida, Jizzax viloyati Zomin tumani "Baliqli koʻl"dan olib kelinadigan balchiqsan esa chaplash (applikatsiya) va galvanik balchiq koʻrinishida foydalaniladi. Bundan tashqari, fizioterapiya, refleksoterapiya, davo fizkulturasi, massaj, issiq (parafin va ozokerit) hamda lazer bilan davolash usullari ham qoʻllaniladi.

526 oʻringa moʻljallangan yotoq korpuslari (bir va ikki oʻrinli), yozgi va qishki klub, kutubxona, sport maydonchalari mavjud, Bolalar va onalari uchun yil davomida ishlaydigan 68 oʻrinli boʻlim ham bor (1990-yildan).[1]

Yana q.[tahrir | manbasini tahrirlash]

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. "Botanika sanatoriysi" OʻzME. B-harfi Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil