Boruxi Kalxot

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Boruxi Kalxot
Umumiy maʼlumot
Tavalludi 1845-yil
Buxoro
Vafoti 1891-yil
Samarqand
Fuqaroligi Buxoro amirligi
Kasbi xonanda
Janr mumtoz ashula

Boruxi Kalxot (1845, Buxoro — 1891, Samarqand) — Shashmaqomning Buxoro ijrochilik maktabi vakillaridan biri.

Tarjimayi holi[tahrir | manbasini tahrirlash]

Boruxi Kalxot 1845-yili Buxoro shahrida bo‘yoqchi kosib oilasida tug‘ildi. U musiqa mashg‘ulotini juda yoshligidan boshlagan. Bu xonandada ajoyib xotira, bir marta eshtishdayoq eslab qolish, har qanday sharoitda ham bilgan maqomlarni bekam-u ko‘st, boshqalarga mohirona yetkazish xususiyatlari kuchli bo‘lgan. Uning taniqli xonanda bo‘lib yetishuvida u tug‘ilib o‘sgan Buxorodagi mavjud san’at muhiti, ayniqsa, Shashmaqom ijrochiligi va maqomchilar: Otajalol, Otag‘iyos, Sharofxon, Tursunxo‘ja, Qori Karomat, Hojixon, Qurboncha, Levicha singari bir qator atoqli ijrochilarning hissasi katta bo‘lgan.

Buxoro amiri Muzaffar bilan uchrashuvidan keyin[1] u saroydagi bir qator hofiz va sozandalar bilan yaqindan tanishadi. Bu uning xonandalik san’atining yanada rivojlanishi, repertuarining boy va mazmundor bo‘lishiga yo‘l ochadi. Hofiz keyinchalik Samarqandga ko‘chib boradi. U Samarqandning sharqiy qismida joylashgan Mahallayi Sharq (yoki Yahudiyon)da istiqomad qilgan[2]. Yangi muhit, xonanda-sozandalar, maqom ijrochiligining samarqandcha uslublarini o‘zlashtira boshlaydi. Hofiz Samarqandda Buxoro Shashmaqomi ijrochilik yo‘llarini puxta egallagan, uni maromida ijro etadigan yetuk san’atkor bo‘lib kelganligi tufayli tez orada shuhrat qozona boshlaydi.

Dastlabki xonandalik qadamini Buxoroda turli marosimlar, to‘y qo‘shiqlari va shundan keyin Shashmaqom bilan boshlagan hofiz hayotining so‘nggi yillarigacha mana shu xalq musiqa merosini ijro etish bilan mashg‘ul bo‘ladi.

Vafoti[tahrir | manbasini tahrirlash]

Hofiz Boruxi Kalxot ko‘p yashamadi, u 1891-yilda 46 yoshida vafot etdi. Ammo shu qisqa umri davomida xalq musiqasi ulkan xazinasining bir talay qismini o‘rgandi, ijro etdi va muhlislarga yetkazdi.

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. Тўраев Ф. Бухоро муғаннийлари. Тошкент: Фан, 2009. — 37—38 bet. 
  2. Абрамов М. Гузары Самарканда. Ташкент: Узбекистан, 1989. — 15 bet.