Bolalarda uchraydigan diatezlar

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Kataral eksudativ diatez[1]
Fayl:250px
Bolalarda uchraydigan diatezlar
KXK-10 L-20-L30[2]

Diatezlar (diatheses: grek tilidan diatesis biror narsaga moyillik) – konstitutsiya anomaliyalari, baʼzi bir kasalliklarga moyillik va odatdagi qoʻzgʻalishlarga maʼlum bir tiplarning noadekvat reaksiyalari bilan xarakterlanadi.

Tarix[tahrir | manbasini tahrirlash]

Asrlar oʻtishi bilan “konstitutsiya” atamasining mohiyati oʻzgardi. Gippokrat “yaxshi konstitutsiya” atamasida organizmning toʻrt suyuqlik garmoniyasini tushungan[3]; Galen “pnevmaning” turli xil holati haqida aytgan; Paratselz sogʻlom odam tanasida tuzlar, oltingugurt yoki simobning ustunligi bilan tushuntirgan[4]. Keyinchalik kasallik tananing alohida tuzilishi yoki tarkibi bilan bogʻliq degan fikrlar aytilgan. XVII asrda konstitutsiya - temperament haqidagi bilimlar, keyinchalik konstitutsiyani tana tuzilishining tashqi xususiyatlari bilan ham bogʻlashgan. XIX asr oʻrtalarigacha odam patologiyasi haqidagi fanlarda gumoral yoʻnalish (qon, limfa, sharbatlar oʻzgarishi) saqlangan. Konstitutsiya toʻgʻrisidagi noilmiy tasavvurlar koʻp yillar davomida saqlangan. 1846-yilda Rokitanskiy tomonidan (oʻsha vaqtlarda tibbiyotda tan olingan mualliflardan) “Patologik anatomiya” kitobi chop etilgan, unda kasallikning patologo - anatomik tomonlari koʻrsatilishi bilan birga, qon tarkibining buzilishi hisobiga kasallikning paydo boʻlish teoriyasi kelib chiqadi degan fikr kiritilgan. Virxov ishlaridan keyin kasalliklarning yuzaga kelishi qon tarkibidagi oʻzgarishlardan paydo boʻladi degan fikr inkor qilindi, kasallikka esa hujayra patologiyasi deb qarala boshlandi. Pediatrlarni konstitutsiya va diatezlarning umumiy tibbiy va klinik tushunchalari bilan Mixail Stepanovich Maslov tanishtirdi. M.S. Maslov pediatriya tarixiga koʻp vaqti va ishlarini bolalardagi konstitutsiya anomaliyalari va diatezlarni oʻrganishga bagʻishlagan olim sifatida kirdi.

Xozirgi davrda diatez[tahrir | manbasini tahrirlash]

Hozirgi vaqtda diatez tushunchasi deganda, bola organizmining nasldan-naslga oʻtadigan alohida xususiyatga ega holati, kasalliklarni yengilroq yoki ogʻir kechishini aniqlaydigan, odatdagi muhit taʼsiriga organizmning noadekvat javobi tushuniladi. Diatez tushunchasidan koʻrinib turibdiki, bu holatlarga hech qachon kasallik deb qarash kerak emas. Aniqrogʻi diatezlarni noqulay tashqi va ichki taʼsirlar natijasida (bolaning noratsional kun tartibi, ovqatdagi oʻzgarishlar, parvarish nuqsonlari, surunkali yuqumli kasallik va emotsional stresslar) kasallikka olib keluvchi odam konstitutsiyasining anomaliyalari yoki adaptatsiyaning buzilishi deb qarash mumkin. Diatezlarning rivojlanish mexanizmi vegetativ nerv tizimi va ichki sekretsiya bilan bogʻliq. Tashqi muhit sharoiti oʻzgarganda (ovqatlanish, kun tartibining buzilishi, organizm kasalliklari), markaziy yoki vegetativ nerv tizimining funksional buzilishlarida nerv-regulyator mexanizmlar organlar va moddalar almashinuvining toʻgʻri funksiyasini taʼminlay olmaydi, buning natijasida organizmning tashqi muhitga moslanishi susayadi, reaktivligi oʻzgaradi, aniq bir kasalliklarga moyillik yuzaga keladi. Diatezlarda hattoki fiziologik qoʻzgʻatuvchilar va odatdagi hayot sharoiti patologik reaksiyalarni chaqirishi va kasallikka olib kelishi mumkin. Kasalliklarga moyillikni pasaytirish yoki baʼzida bartaraf qilish mumkin. Konstitutsiya anomaliyalari bor bolalar oʻtkir respirator infeksiyalar bilan tez kasallanadi, ularda kislota – asos balansining buzilishi, ogʻir toksikozlar, talvasa sindromi, septik va yalligʻlanish jarayonlar rivojlanishiga moyillik boʻladi. Diatezlarning alohida shakllari keyinchalik teri, oshqozon-ichak trakti, siydik chiqarish yoʻllari va suyak-boʻgʻim tizimining surunkali patologiyasiga aylanishi mumkin.

Eksudativ kataral diatez[tahrir | manbasini tahrirlash]

Erta yoshdagi bolalarga xos konstitutsiya anomaliyasi boʻlib, teri va shilliq qavatlarning qaytalanuvchi deskvamativ zararlanishi, allergik reaksiyalar rivojlanishi va yalligʻlanish jarayonining choʻziluvchan kechishi, shuningdek, suv-tuz almashinuvi buzilishi va limfoid giperplaziyaga moyillik bilan xarakterlanadi[5]. 30-53% erta yoshdagi bolalarda ekssudativ-kataral diatezning qisqa vaqtli belgilari aniqlanadi. Koʻpgina bolalarda ekssudativ-kataral diatez patogenezida oshqozon-ichak traktining yuqori oʻtkazuvchanligi, semiz hujayralar membranalarining yetarli boʻlmagan stabilligi, biogen aminlar va oqsillarni parchalaydigan fermentlar aktivligining pastligi muhim ahamiyatga ega. Ekssudativ-kataral diatezning asosiy xususiyati shundan iboratki uning boshlanish vaqti ona (bolani koʻkrak suti bilan emizganda) yoki bola ovqatida gistamin va gistamin liberatorlari koʻp boʻlgan maxsulotlar - qulupnay, yer yongʻoq, sitruslilar, shokolad, baliq, pishloq, kolbasa, tomatlar, karam isteʼmol qilinishi bilan bogʻliq; bunda yuzaga keladigan allergik reaksiyalar immun mexanizmlar ishtirokisiz paydo boʻladi. Ekssudativ-kataral diatezli bolalarga xarakterli boʻlgan belgilarga quyidagilar kiradi: tana vaznining ortiqligi, kerikish, hayotining birinchi oyidan boshlab bichilish, gneys (boshining soch qismida yogʻli seboreyali tangachalar), terining quruqligi va oqarishi, sutli strup - yonoq terisi va jagʻning qizarishi, keyinchalik qipiqlanish. Koʻp hollarda terida eritematoz-papulez va eritematoz-vezikulez qichishadigan toshmalar, tirnalganda ikkilamchi infitsirlanishi mumkin boʻlgan toshmalar paydo boʻladi[6]. “Geografik til”, oʻzgaruvchan najas, choʻziluvchan konyuktivitlar, rinitlar, obstruktiv bronxitlar, koʻp hollarda kamqonlik, raxit aniqlanadi. Organizmda suv, natriy, kaliy va xloridlar ushlanib qolishi kuzatiladi, lekin interkurrent kasalliklarda suvsizlik tez rivojlanadi. Moddalar almashinuvining xususiyati metabolik atsidoz, erkin-radikal lipidlarning qayta oksidlanishi, gipoproteinemiya, giperglikemiya va giperlipidemiyaga moyillik, jigar funksiyasi buzilishi hisoblanadi. 3-4 yoshda ekssudativ-kataral diatez vujudga kelishi asta-sekin yoʻqoladi. Diagnoz anamnestik va klinik maʼlumotlarga asoslangan. Differensial tashxis allergik diatezlar bilan oʻtkaziladi. Agar teri va boshqa allergik koʻrinishlar oddiy allergen taʼsirlar natijasida yuzaga chiqsa, davolashga qaramasdan kuchayib borsa va bolaning ota-onasi allergik kasalliklar bilan kasallangan boʻlsa, bemorda allergik diatez va aniq allergik kasallik (masalan, atopik dermatit) tashxisi qoʻyiladi. Ekssudativ-kataral diatezi bor bolalar pediatr dispanser kuzatuvi ostida boʻlishi kerak. Kerak boʻlganda allergolog, dermatolog va boshqa mutaxasislar konsultatsiyasi oʻtkaziladi. Bola va onasiga koʻkrak suti bilan emizish vaqtida, ratsional ovqatlanishni uyushtirish muxim axamiyatga ega. Allergiya chaqiradigan maxsulotlarni, yengil hazm boʻladigan uglevodlarni chegaralash lozim. Bir yoshgacha bolalarni sunʼiy ovqatlantirilganda nordon aralashmalar tavsiya qilinadi. Allergenlarni topishda anamnez, “ovqat kundaligini” tuzish va maxsus allergolik tekshirish yordam beradi. Uyda gipoallergenli muhit yaratish zarur, eng koʻp tarqalgan allergik vositalarni man etish (penitsillin, atsetilsalitsil kislota, vitamin V1, biologik dori vositalari). Profilaktik emlash haqidagi savollar individual yechiladi, ular medikamentoz tayyorlashdan keyin (giposensibilizatsiya, antigistamin dori vositalari) ekssudativ-kataral diatez qaytalangandan keyin, 1-oydan kam boʻlmagan vaqtda oʻtkaziladi. Allergik zararlanishda V6, A, E, V5 vitaminlari yoshiga mos davo dozasida asta-sekin qoʻllaniladi, antigistamin dori vositalari (masalan, suprastin, tavegil, dimedrol, ketotifen, zaditen) qoʻllaniladi. Teri zararlanishi boʻlgan bolalarga moychechak, moychechak damlamasi bilan vannalar, 1%li indometatsin moyi buyuriladi. Ekssudativ-kataral diatezning birlamchi profilaktikasi perinatal davrda olib boriladi va homilador ayollar va koʻkrak yoshidagi bolalarni ratsional ovqatlanishi, obligat allergenlar bilan muloqotni bartaraf qilishni oʻz ichiga oladi.

Allergik diatez[tahrir | manbasini tahrirlash]

Allergik kasalliklarga moyillik bilan xarakterlanadigan konstitutsiya anomaliyasi[7]Yu.Ye.Veltishyev (1984 y) va I.M.Voronsov (1985 y) immunologik reaksiyalar xususiyatlariga bogʻliq holda allergik diatezni quyidagi shakllarini ajratishni taklif qiladi: atopik, autoimmun, infeksion-allergik[8].

Allergik diatez poligen irsiylanishga ega. Turli oilalarda allergik reaksiyalarga yuqori moyillik turli omillarga bogʻliq: Ig E ning yuqori sintezi, immun tanqislik, nafas yoʻllari va ichak  epiteliyalari glikoproteinlari, bakteriyalar, zamburugʻlar va boshqalar bilan  oʻxshashligi bilan xarakterlanadi. Allergik kasalliklar allergenlarni parchalanmagan holda tabiiy baryer orqali oʻtishi natijasida va  atrof-muxit omillari, infeksiya ham qoʻzgʻatuvchi rolni oʻynaydi, gipovitaminozlar, shilliq qavatlarning toʻsiq xususiyati buzilishi natijasida yuzaga kelgan anemiya taʼsirida rivojlanadi.

Allergik diatezlarda bola hayotining birinchi yilida ekssudativ-kataral diatezga oʻxshash terining zararlanishi boʻlishi mumkin, shuningdek, ekzema, maktabgacha yoshda nafas yoʻllari allergik kasalliklari, immun-kompleks kasalliklar (masalan, biriktiruvchi toʻqimaning diffuz kasalliklari), maktab yoshida asosan ekzema, atopik dermatit, teri va nafas organlarining bir vaqtdagi allergik kasalliklari, autoimmun va immunokompleks kasalliklar kuzatiladi. Allergik diatez diagnozi genealogik anamnezga asoslanadi, agar allergik kasallik otasida boʻlsa 30% bolalarda bu diatez rivojlanadi, agar allergik kasallik onasida boʻlsa bolada 50% holda, agar allergiya ikkala ota-onasida diagnostika qilingan boʻlsa 75% bolalarda diatez rivojlanadi. Bolada allergik zararlanishni yuzaga kelishi tashhisni asoslaydi, uning rivojlanishida immun mexanizmlar qatnashadi (ekssudativ-kataral diatezdan farqi); oxirgi tashhis allergologik tekshiruvdan soʻng qoʻyiladi. Allergik zararlanishning davosi mutaxasislar tomonidan oʻtkaziladi (masalan, allergolog, dermatolog).

Limfatik diatez[tahrir | manbasini tahrirlash]

Bola hayotining birinchi 7 yoshigacha boʻlgan davrdagi konstitutsiya anomaliyasi, limfa tugunlari va ayrisimon bezning generalizatsiyalashgan kattalashishi, endokrin tizimning disfunksiyasi (buyrak usti bezining, simpatik-adrenal tizimning gipofunksiyasi), atrof muhitga boʻlgan oʻzgarishning pasayishi, yuqumli va allergik kasalliklarga moyillikning ustunligi bilan xarakterlanadi[9]. Bu diatezning yuzaga kelishida homila ichi davrida va homiladan tashqari hayotining birinchi haftasida toksik-infeksion va uzoq muddatli gipoksiya rol oʻynaydi. Limfatiko-gipoplastik diatezli bolalar uchun kichik mushak ogʻirligiga qaramasdan, tana vazninig ortiqligi, kerikish, kalta boʻyin, suyaklarning qoʻpolligi, periferik limfa tugunlarining kattalashishi, tanglay va tomoq bodomcha bezlarining kattalashishi xarakterlidir. Bolalar apatik, lanj, tez charchaydi. Tomoq bodomcha bezlarining oʻsishi bilan burundan nafas olish buziladi, bolalar ogʻiz orqali nafas oladi, yomon uxlaydi. Yuqumli kasalliklar choʻziluvchan, toʻlqinsimon kechadi, uzoq subfebrilitet qoldiradi. Qon tekshirilganda kamqonlik, limfotsitoz, ECHT koʻtarilishi aniqlanadi. Limfatiko-gipoplastik diatezning yaqqol koʻrinishi maktabgacha yoshga toʻgʻri keladi, keyinchalik u yoʻqoladi. Tashhis qoʻyish anamnestik va klinik maʼlumotlarga asoslanadi. Differensial tashhis irsiy immunotanqislik holatlar va homila ichi infeksiyalari bilan oʻtkaziladi. Limfatiko-gipoplastik diatez bilan ogʻrigan bolalar pediatr dispanser kuzatuvida boʻlishi kerak. Rejali chiniqtirish, massaj va gimnastika, tabiiy ovqatlantirish va uni ratsional kengaytirish, yoʻldosh kasalliklarni erta aniqlash va kompleks davolash (gipovitaminozlar, kamqonlik, yuqumli kasalliklar). Profilaktik emlash individual jadval asosida olib boriladi. Immunitetni stimullash uchun A, E, V5, V6, V12, V15 vitaminlari, organizmning nospetsifik himoya kuchini koʻtaradigan dori vositalari (masalan, dibazol, pentoksil, metatsil, nukleinat natriy), dorivor adaptogenlar (eleuterokokk damlamasi, jenshen), buyrak usti bezi glyukokortikoid funksiyasini stimulyatorlari (glitsiram, etimizol, askorbin kislotasining katta dozasi) buyurtiriladi. Limfatiko-gipoplastik diatezning profilaktikasi ayollarda homiladorlikgacha surunkali infeksiya oʻchoqlarini bartaraf qilish, homilaning toʻgʻri rivojlanishini taʼminlash, uning rivojlanishdan orqada qolishini va gipoksiyani erta aniqlash, davolashni oʻz ichiga oladi.

Nerv artritik diatez[tahrir | manbasini tahrirlash]

Semizlik, qandli diabet, podagra va moddalar almashinuvi buzilishiga moyillik tugʻdiruvchi konstitutsiya anomaliyasi boʻlib, organizmda asosan siydik kislotasi va purinlar almashinuvining buzilishi, kam miqdorda lipid va uglevod almashinuvi buzilishiga moyilligi bilan xarakterlanadi. Nerv-artritik diatezning poligen irsiylanishi isbotlangan[10]. Bolalarda bir yoshdan keyin ishtaha yomon boʻlishi, uyqu buzilishi kuzatiladi. Baʼzida kechki enurez, xar qanday virusli yoki bakterial kasalliklar fonida talvasa kuzatiladi. Tana tuzilishiga koʻra bolalar ozgʻin, keyinchalik tez vazniga qoʻshiladi. Ularni qabziyat, jigar kattalashishi, atsetonemik qusish davriy xurujlari (siklik atsetonemik qusish sindromi deyiladi) bezovta qiladi. Artritik organizmda purin moddalarining toʻplanishi natijasida, atseton hidli davriy qusish xurujlari paydo boʻladi, peshobda va qonda vrachlar keton tanalari miqdorining yuqoriligi aniqlanadi. Shuning uchun bu bolalarda qusish atsetonemik deb yuritiladi, yaʼni qonda atseton miqdorining yuqoriligi bilan kechadi. Baʼzi tekshiruvchilar fikriga koʻra, erta yoshda bu xolatlar keyinchalik migrenning birinchi belgisi hisoblanadi. Baʼzida qusish xurujlari toʻliq va qisman och qolganda ovqatlanishning buzilishi yoki ovqatda past miqdorda uglevodlar ishlatilganda, lekin hayvon yogʻlari koʻpligi, shuningdek, turli xil kasalliklar, goʻdaklarda esa qoʻrquvlar bilan birga kechadi.

Qusishning yuzaga chiqishida asosiy sabab gormonal va metabolik buzilishlar, insulin miqdori yuqoriligi sababli qonda glyukoza miqdorini kamayishidir. Artritik bolalar qonida glyukozaning kamayishi jigar disfunksiyadan dalolat beradi. Bu nerv-artritik diatezning xususiyati hisoblanadi. Asetonemik qusish goʻdaklarda statsionar davolashni talab etadi[11]. Koʻpgina xollarda qonda siydik kislotasi miqdori uning sintezi oshishi sababli koʻtariladi, buning natijasida uraturiya (siydik-nordon diatezi) vujudga keladi. Qorinda ogʻriq xurujlari, bosh ogʻrishi paydo boʻlishi mumkin. Noqulay sharoitda yosh oʻtishi bilan podagra, modda almashinuvi buzilishi natijasidagi artritlar, qandli diabet, peshobda siydik kislotasining miqdori yuqori boʻlganligi sababli piyelonefrit, siydik tosh kasalligi rivojlanadi. Kasalliklarning zoʻrayishi quyidagi omillarga bogʻliq - psixoemotsional zoʻriqish, purinlarga boy mahsulotlarni koʻp qoʻllash (misol, goʻsht, jigar, pashtet, sardinlar, seledka, shokolad, kakao, donlilar). Nerv - artritik diatezli bolalar pediatr kuzatuvida boʻlishi kerak. Kun tartibiga rioya qilish katta ahamiyatga ega, ovqat tarkibida puringa boy mahsulotlarni (ogʻir holatlarda umuman olib tashlash) chegaralash buyuriladi. Jismoniy tarbiya bilan shugʻullanish, chiniqish zarur. Ishqoriy mineral suvlar juda foydali hisoblanadi. Vaqti-vaqti bilan purin almashinuviga taʼsir qiladigan dori vositalarini qoʻllash zarur - kalsiy pantotenat, sitrat aralashmasi, etamid, allopurinol[12]. Tashhis genealogik anamnez (qarindoshlarida nevrologik va moddalar almashinuvi buzilishi bilan kechadigan kasalliklarning topilishi), klinik belgilari, siydikda uratlar miqdorining koʻpayganligiga asoslanadi. Differensial tashhis nevrozlar, ensefalopatiyalar, Lesh-Nayxen sindromi bilan oʻtkaziladi.

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

Adabiyotlar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  • ДИАТЕЗЫ У ДЕТЕЙ РАННЕГО ВОЗРАСТА- В.В. Чемоданов, Е.Е. Краснова(Москва 2022)
  • Детские болезни Н. П. Шабалов (Москва 2011)