Bokkachcho Jovanni

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Genealogia deorum gentilium, 1532

BOKKACHCHO (Boccaccio) Jovanni (1313, Parij—1375.21.12, Chertaldo, Florensiya yaqinida) — italyan yozuvchisi, Yevropa Uygʻonish davri adabiyotining yirik vakili. Neapolda huquq fanlarini oʻrgangan. B. Florensiya siyosiy hayotida faol qatnashgan. Dastlabki asarlari ("Filokolo", 1336; "Filostrato", 1338)da ishqiy sarguzashtlar tasvirlangan. B.ning antik mifologiya syujetlari asosida yaratilgan "Ameto" (1341), "Fyezolan parilari" (1345) pastorallari, "Fyametta" (1343) qissasi hamda sonetlari bor. Yuzta novelladan iborat "Dekameron" (1350—53) asari B. ijodining choʻqqisi hisoblanadi. Unga 7 juvon va 3 yigitning 10 kun davomida aytgan hikoyalari asos boʻlgan. Asar nomlanishi (yun. dekameron — oʻn kunlik) shundan. B. bu asarida xurofotga qarshi oddiy inson va uning erkin muhabbatini ulugʻlab, zohidona hayotni rad qilgan. B.ning ijodi Uygʻonish davri italyan hikoyachiligidagina emas, balki 15—16-asrlar Yevropa adabiyotida ham realizmning shakllanishida katta ahamiyatga ega boʻldi. Yozuvchi hayotining soʻnggi yillarida "Quzgʻun" (1354—55) dostoni va "Dante Aligyeri hayoti" (taxminan 1360) kitobini yozgan. "Dekameron" oʻzbek tiliga Q. Mirmuhamedov tomonidan tarjima qilingan (1978).

Adabiyotlar[tahrir]

  • OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil