Batenin

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Batenin chinni zavodi — Rossiya imperiyasidagi chinnidan idishlar, sanʼat va hunarmandchilik buyumlari ishlab chiqarish zavodi.

Tarixi[tahrir | manbasini tahrirlash]

1805-yilda qabul qilingan farmonga koʻra, Sankt-Peterburgda „katta miqdorda oʻtin yoki koʻp sonli ishchi qoʻllarni talab qiladigan“ ishlab chiqarish korxonalarini ochish taqiqlandi. Taxminan mana shu vaqtda sanoatchi Batenin Viborgskiy trakti, Bolshaya Nevka sohilida kichik chinni zavodini ochdi[1]. Joy xomashyo yetkazishni osonlashtirish maqsadida tanlangan edi: gil Chernigov viloyatidan suv yoʻli orqali, kvarts — Olonets viloyatidan, shpat Finlandiyadan olib kelingan.

Zavodning egalari vaqti-vaqti bilan oʻzgarib turgan, shuning uchun ishlab chiqarish zavodining nomlari ham bir necha marta oʻzgargan: „Savdogar Batenin vorislari zavodi“, „Bateninlar zavodi“, „Batenin zavodi“, „Aka-uka Bateninlar zavodi“, „Devyatov-Batenin zavodi“.

Zavodning yaratilgan vaqti haqida turli xil fikrlar mavjud. Ayrim tarixchilar unga 1814[2], boshqalari 1838-yilda asos solinganini aytishadi.

Zavodning egasi Filipp Sergeevich Batenin zavodning asoschisi emasdi, garchi bir qator manbalarda ishlab chiqarish zavodiga Sergey Batenin tomonidan asos solingani koʻrsatilsa ham, bu arxiv maʼlumotlari bilan rad etilgan.

Fyodor Devyatov 1811-yilda savdogar Venkerdan binoli yer hududini sotib oldi. Filipp Batenin 1814-yilda Devyatovdan chinni zavodini xarid qildi. 1814-1815-yillarda Pyotr Batenin uning sherigiga aylandi.

Ishlab chiqarish shiddat bilan rivojlandi: 1815-yilda 18 873 dona, 1817-yilda 30 000 dan ortiq mahsulot ishlab chiqarildi. Xuddi shu davrda ishchilar soni 18 tadan 65 tagacha koʻpaydi[3]. 1823-yildan 1830-yilgacha Filipp Batenin zavodning yagona egasi edi.

1829-yilda zavod mahsulotlari Sankt-Peterburgda boʻlib oʻtgan 1-Umumrossiya ishlab chiqarish mahsulotlari koʻrgazmasida taqdim etildi va oltin medal bilan taqdirlandi[3]. Uning oʻlimidan soʻng rafiqasi Agrafena tirikchilik uchun daromadsiz qoldi va ustalarga maosh toʻlay olmadi. U yordam soʻrab Moliya vazirligiga murojaat qildi. 1832-yildan boshlab zavod vasiylar rahbarligida oʻz faoliyatini qayta tikladi, ular orasida Agrafena Bateninaning oʻzi ham, savdogarlar Pyotr Kuxanov va Ivan Yemovlar ham bor edi[1]. 1832-yildan keyin kompaniya „Batenin vorislari“ nomi bilan faoliyat yuritdi[4].

Batenin chinnilarining oʻziga xos uslubi — guldonlar va kosalarga Sankt-Peterburgning diqqatga sazovor maskanlari tasviri tushirilishi edi[5].

Batenin chinnilari ustidagi mashhur belgilardan biri toʻrtburchak rama ichidagi „S.Z.K.B“ qisqartmasi boʻlgan[2]. 1814-yildan 1832-yilgacha ishlab chiqarilgan buyumlar orasida uchraydigan eng qadimgi belgi — qiya holatda yozildan „B“ harfidir[3].

Batenin zavodi idishlar ishlab chiqarishga ixtisoslashtirilgan, u yerda haykaltaroshlik kompozitsiyalari ishlab chiqarilmagan[6].

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. 1,0 1,1 И. Багдасарова. Золотой фарфор Батенина (Русский) // Антиквариат, предметы искусства и коллекционирования : Журнал. — 2004. — Andoza:Бсокр. — Andoza:Бсокр.
  2. 2,0 2,1 Государственный Русский музей. Русский фарфор XIX века: Петербургский завод Батенина : каталог. Гос. русский музей, 1986. 
  3. 3,0 3,1 3,2 Декоративно-прикладное искусство Санкт-Петербурга за 300 лет. Государственный Эрмитаж, 2009 — 174 bet. ISBN 978-5-93572-142-8. 
  4. О. Н. Тараканова. Изделия из фарфора на отечественном антикварном рынке. Московский гос. университет печати, 2005. ISBN 978-5-8122-0804-2. 
  5. I. Bagdasarova. Firmenniy stil kornilovskogo farfora (rus.) // Antikvariat, predmeti iskusstva i kolleksionirovaniya. — 2005. — Iyul-avgust (№ 7—8 (29)). — S. 62—78.
  6. Русский художественный фарфор. Изкусство, 1950. 

Havolalar[tahrir | manbasini tahrirlash]