Barometr
Barometr (yunoncha baros — ogʻirlik) — atmosfera bosimini oʻlchashda ishlatiladigan asbob hisoblanadi. Uning turli xillari mavjud:1) simobli barometr — gidrostatik qonunlariga asoslanib yasalgan; 2) metall barometr (aneroid); qattiq jismning elastikligiga asoslanib yasalgan;3) gipsotermometr (termobarometr) — suyuqlik qaynash temperaturasining tashqi atm bosimiga bogʻliqligiga asoslanib yasalgan;4) gaz barometr — gazlarning elastiklik xossasiga asoslanib yasalgan;5) normal barometr — meteorologik stansiya tarmoqlaridagi barometrlar uchun etalon vazifasini bajaradi. Meteorologik stansiya tarmoqchalarda eng koʻp tarqalgan simobli barometrlar, uzunligi 1 metrga yaqin keladigan bir uchi berk shisha naydan iborat. Nayga simob toʻldirilib, simobli metall kosaga toʻntarilsa, shisha naydagi simob ustuni tashqi atmosfera bosimi bilan muvozanatlashguncha naydagi simobning maʼlum qismi metall kosaga toʻkiladi. Shisha naydagi simob ustida boʻshliq (Torrichelli boʻshligʻi) hosil boʻladi. Simobli barometrlar baʼzan metall kosasiz, faqat shisha naydan yasaladi. Bunday barometrlar uzun va qisqa tirsakdan iborat boʻlib, sifonli barometr deyiladi. Uzun tirsagining uchi berk, qisqa tirsagining uchi ochiq va kengroq boʻladi. Atmosfera bosimi kamayganda kengroq joyga simob oqib tushadi. Sifonli barometrlarda atmosfera bosim ochiq va berk naylardagi simob ustunlari farqiga qarab topiladi. Atmosfera bosimi oʻzgarishlarini uzluksiz qayd qilib boradigan asbob barograf deyiladi.
Adabiyotlar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil
| Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
| Ushbu maqola chaladir. Siz uni boyitib, Vikipediyaga yordam berishingiz mumkin. Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |