Kontent qismiga oʻtish

Avtoritarizm

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Avtoritarizm (lotincha: auctoritas — „hokimiyat“) — davlatni idora qilish usuli. Avtoritarizmda siyosiy hokimiyat hukmdor shaxsning yoki yetakchining siyosiy irodasi va qarorlari asosida amalga oshiriladi.[1]

Avtoritar davlatda gʻayridemokratik, avtoritar rejim hukmronlik qiladi. Avtoritar rejimdagi davlatlar uchun fuqarolarning huquq va erkinliklari cheklangan yoki butunlay tugatilganligi, muxolifatdagi partiya va boshqa tashkilotlarning taʼqiqlanganligi, saylab qoʻyiladigan davlat organlarining roli cheklanganligi va ijro etuvchi hamda farmoyish beruvchi davlat organlarining roli kuchaytirilishi, davlat boshligʻi va hukumatning qoʻlida hokimiyat vakolatlarining toʻplanishi, parlament va boshqa davlat hokimiyat organlarining rolini yoʻqqa chiqarilganligi xosdir. Avtoritar rejimning eng xavfli shakllaridan biri fashizmdir. Fashistik rejim XX asrning 30–40-yillarida gʻarb mamlakatlarida (Germaniya, Italiya) paydo boʻlib, u yerda mavjud boʻlgan demokratik huquq va erkinliklarni yoʻqqa chiqardi va muxolif partiya va tashkilotlarni terroristik usulni qoʻllab yanchib tashladi. Fashizmga ijtimoiy asosni hokimiyatga intiluvchi kuchlar va aldangan ishchi, dehqonlar qatlami yaratdilar.

Fashistik rejimlarni paydo boʻlishiga jamiyatning ichida ijtimoiy-sinfiy ziddiyatlarning keskinlashuvi, hukmron sinfning siyosiy hokimiyatini inqirozi sabab boʻladi. Inqirozlar natijasida hukmron tabaqa oʻz hukmronligini laberal-demokratik usullar orqali taʼminlay olmaydi, shu sababli hokimiyatni qoʻldan boy berishdan qoʻrqib terroristik usullarni qoʻllashga oʻtadi. Ularga misol qilib, ikkinchi jahon urushi boshlanishi oldidagi Germaniya va Italiyadagi fashistik rejimlarni koʻrsatish mumkin. Bu mamlakatlarda mavjud boʻlgan fashistik rejimni xususiyatlariga quyidagilarni koʻrsatish mumkin:

  • aholini kam taʼminlangan qatlamini himoya qilishni roʻkach qilib boshqaruvni repressiv usullarini qoʻllash;
  • ommaviy axborot vositalari orqali gʻayrikommunistik va gʻayrisemit gʻoyalarni targʻib qilinishi;
  • xalq farovonligi uchun gʻamxoʻrlik qilish toʻgʻrisidagi yolgʻon shiorlarni tarqatish;
  • fashist rahbarlari siyosatiga qarshi boʻlganlarga davlat miqyosida kurash olib borish;
  • hukmron doiralarning armiya, politsiya va boshqa repressiv kuchlarga tayanishi;
  • Germaniya va Italiya fashistlari yoʻlboshchilarining daxlsizligi, dohiylikka daʼvogarligi va hokazo.

Bu sanab oʻtilganlardan tashqari, fashistik rejimning yana bir qator oʻziga xos xususiyatlari mavjud. Ulardan eng muhimi ijro etuvchi hokimiyatning qonun chiqaruvchi hokimiyatdan mutlaq ustunligidir. Ijro etuvchi hokimiyatning mutlaq ustunligi „tub islohotlar“ni oʻtkazish, „millat birligi“ uchun kurashish, „haqiqiy“ demokratiyani oʻrnatish, qonuniylik va adolatni tantanasi uchun kurashish kabi shiorlarni oʻrtaga tashlash bilan taʼminlandi. Bunda parlament faoliyat yuritishni toʻxtatadi va siyosiy jihatdan betaraflashadi. Parlament oʻzining qonunlarni yaratish vakolatidan mahrum boʻladi.

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil