Asli va Karam

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Jump to navigation Jump to search

"Asli va Karam" — xalq dostoni. Turkiylarning o‘g‘uz guruhiga mansub qavmi orasida aytib kelingan. Ayniqsa, Xorazm vohasida mashhur, shuningdek Turkmaniston, Ozarbayjon, Eron, Armaniston, Kurdiston va Iroqda ham ma’lum.

"Asli va Karam" qaysi variant yoki versiyada ijro etilmasin, uning asosiy mundarijasi chin sevgi-muhabbat g‘oyasini tarannum etishdan iborat. Uning ko‘pchilik ishqiy-romantik dostonlardan farqi shundaki, agar boshqa dostonlar qahramonlari uzoq davom etgan judolik va turli-tuman sarguzashtlardan so‘ng topishib, murod-maqsadlariga erishsalar, "Asli va Karam"da ikki sevishganning taqdiri fojia bilan tugaydi. "Asli va Karam"ning eng mukammal o‘zbekcha varianti Xonqa tumanida yashagan So‘na xalfadan yozib olingan bo‘lib, Xorazm xalqiga xos bo‘lgan mahalliy xususiyatlarga boy. Bunda faqat ikki sevishgan qalb sarguzashtigina emas, balki XVI-asr davri ham ma’lum darajada aks ettirilgan. Buni doston qahramonlarining diniy e’tiqodi, turmushga nisbatan munosabatlari, shuningdek Xorazm o‘zbeklari etnik madaniyatiga xos jihatlardan ham anglash mumkin. "Asli va Karam" dostoni ilgari baxshilar tomonidan kuylab kelingan bo‘lsa, XX-asrga kelib, xalfalar repertuaridan ham o‘rin olgan. Xivalik shoira va xalfa Xonim suvchi bu dostonni mukammal yod bilgan va to‘y-sayillar, xotin-qizlar davralarida ham mahorat bilan kuylagan.

Adabiyotlar[tahrir]

  • OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil.