Askarbiy madrasasi

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Madrasa
Askarbiy madrasasi
Mamlakat  Oʻzbekiston
Hudud Buxoro viloyati
Shahar Buxoro
Maktab yoʻnalishi sunniy
Mulkdor Muhammad Askarbiy
Meʼmoriy uslub Markaziy Osiyo meʼmorchiligi
Binokorlik tashabbuschisi Muhammad Askarbiy
Holati Saqlanib qolmagan
Hujralar soni 12 ta
Qurilish materiali Pishiq gʻisht


Askarbiy madrasasi — Buxoro madrasasi. Madrasa hozirgi kunda saqlanib qolmagan. Askarbiy madrasasi Qambariy otaliq guzarida[1], Muhammad Askarbiy tomonidan bunyod etilgan. Qambariy otaliq guzari Askarbiy deb keyinchalik nomlangan. Manbalarda ushbu guzar Askarbiy guzari sifatida tilga olinadi. Tadqiqotchi olim Abdusattor Jumanazarov ushbu madrasaga oid bir qator vaqf hujjatlarini oʻrgangan boʻlib, madrasa bilan bogʻliq maʼlumotlar keltirgan. Vaqf hujjatida keltirilishicha Muhammad Askarbiy Qambariy otaliq guzarida masjid va madrasa qurishga kirishgan. Madrasa pishiq gʻishtdan 12 hujrali qilib, bunyod etilgan, masjid esa yogʻochdan barpo qilingan. Madrasaning shimoli-sharqiy tomoni ayvonli boʻlgan. Madrasaning gʻarbida Ismatulloh ibn Hasan, shimolida Olimjon ibn Badaljon va ustod Nazirjon ibn Badaljon hovlisi, janubi va sharqida omma yoʻli mavjud boʻlgan. Muhammad Askarbiy ushbu madrasa uchun Koʻhkashdagi Armitan mavzesi, Poyirud, Dabusiya qal’asi yaqinidagi Shanba koʻtarma mavzesida uch qismda iborat mulki xolis yerini, Buxoro registonidagi bitta non doʻkonini vaqf qilgan. Madrasaga voqifning oʻzi mutavvali boʻlgan. Vafot etganidan keyin, uning avlodlari bu vazifani bajarishgan. Ushbu vaqfning birinchi hujjati 1791-yilda rasmiylashtirilgan. Ushbu hujjatni qozi ul-quzzot Mir Muhammad Fuzayl ibn Mir Muhammad Amin Abdulboriy Aziz tasdiqlagan. Madrasada banoraspoʻsh mudarris tomonidan dars oʻtilgan. Askarbiy madrasasiga doir yana koʻplab vaqf hujjatlari saqlangan boʻlib, unda talabalar toʻgʻrisida maʼlumotlar ham mavjud[2]. Sadri Ziyo ushbu madrasada 12 ta hujralar boʻlganligini yozib qoldirgan[3]. Askarbiy madrasasi 12 ta hujradan iborat boʻlgan. Ushbu madrasa Oʻrta Osiyo meʼmorchiligi uslubida bunyod etilgan. Madrasa pishiq gʻisht, yogʻoch, tosh va ganchdan qurilgan.


Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. Rahmatova S, Qurbonov H. Buxoro guzarlari tarixidan lavhalar. Buxoro: Buxoro nashriyoti, 1995 — 144 bet. 
  2. Abdusattor Jumanazar. Buxoro taʼlim tizimi tarixi. Toshkent: Akademnashr, 2017 — 592 bet. 
  3. Muhammad Ali Baljuvoniy. Tarixi Nofeyi (Foydali tarix). Toshkent: Akademiya nashriyoti, 2001 — 122 bet.