Ashraf

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Ashraf, Abu Ali Husayn ibni Hasan Marogʻiy Tabriziy (vaf. 1459) – fors-tojik shoiri. Darvesh Ashraf Xiyoboniy nomi bilan ham mashhur boʻlgan[1][2].

Ijodi[tahrir | manbasini tahrirlash]

837–843-hijriy-qamariy/1434–1440-milodiy yillarda Nizomiyga javoban “Xamsa” yozgan. Uning “Xamsa”si “Minhoj ul-abror” (“Solih kishilarning haq yoʻli”), “Riyoz ul-oshiqin” (“Oshiqlarning mashaqqatlari” yoki “Shirin va Xusrav”), “Ishqnoma” yoki “Layli va Majnun”, “Haft paykar” (“Yetti goʻzal”) va “Zafarnoma” doston­laridan iborat.

Ashraf sermahsul shoir boʻlib, qasida, gʻazal, qitʼa, ruboiy va bosh­qa janrlardagi sheʼrlari jamlangan toʻrtta devon tuzgan. Ular – “Unvon ush-shabob” (“Yoshlik nishonasi”), “Xayr ul-umur” (“Ezgu amal”), “Boqiyot us-solihot” (“Ezguliklar abadiyati”) va “Mujaddadot ut-tajalliyot” (“Zuhurotning yangilanishi”) deb nomlangan.

Uning “Sad pandi Ali” (“Alining yuz pand-nasihati”) asari Hazrati Aliga nisbat berilgan yuz hikmatning arabchadan amalga oshirilgan sheʼriy tarjimasidan iborat.

Navoiy eʼtirofi[tahrir | manbasini tahrirlash]

Alisher Navoiy “Nazm ul-javohir” ruboiylar toʻplamini yaratishda boshqa salaflari qatori Ashrafdan ham taʼsirlangan. Navoiy “Nasoyim ul-muhabbat” va “Majolis un-nafois”ning birinchi majlisida Ashrafga alohida toʻxtalib, uning darveshtabiat va xilvatnishin kishi ekanligini, koʻp vaqtini “Xamsa”ga tatabbuʼ bogʻlash bilan oʻtkazganini aytadi[3][4]. “Sabʼai sayyor” dostoni muqaddimasi (6-bob)­da Ashrafga shunday taʼrif beradi:

“Garchi bir nuktagoʻy Ashraf oʻlub,

Oʻzi maqdurigʻa musharraf oʻlub.

Yaxshi yoxud yomon dedi, gʻam emas,

Yaxshi gar boʻlmasa, yomon ham emas”[5].

Shuningdek, Navoiy “Muhokamat ul-lu­gʻatayn”da oʻz asarlariga turtki bergan manbalar haqida toʻxtalar ekan, Ashrafning “Haft paykar”i “Sabʼai sayyor” dostoni uchun asos boʻlganini aytib oʻtadi[6].

Manba[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. „Alisher Navoiy - Muhokamat'ul Lug'atayn“. Qaraldi: 2023-yil 7-yanvar.
  2. “Alisher Navoiy: Qomusiy lugʻat”. 
  3. “Nasoyim ul-muhabbat”. 
  4. “Majolis un-nafois”. 
  5. “Sabʼai sayyor”. 
  6. “Muhokamat ul-lugʻatayn”.