Andijon davlat universiteti

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
(Andijon universitetidan yoʻnaltirildi)
Jump to navigation Jump to search
Zahiriddin Muhammad Bobur nomidagi Andijon davlat universiteti
(AndDU, ADU)
Asl nomi Andijon davlat universiteti
Xalqaro nomi ANDIJAN STATE UNIVERSITY
Asos solingan 1931
Oʻquv yurti turi Universitet
Rektori Akramjon Sultanmurodovich Yuldashev
Talabalari 20496
Fakultetlar 11 ta
Bakalavriat 55 ta yoʻnalish
Magistratura 20 ta mutaxassislik
Fan doktorlari 44 ta ta
Professorlar 686 ta ta
Manzili Andijon viloyati, Andijon shaxar, Universitet koʻchasi, 129
Vebsayti www.adu.uz

Zahiriddin Muhammad Bobur Andijon davlat universiteti, Oʻzbekistonning koʻzga koʻringan universitetlaridan biri hisoblanib, Andijon shahrida joylashgan. Universitetga Andijon davlat pedagogika instituti negizida 1992-yilda asos solingan. Universitet tuzilmasida 10 ta fakultet, 33 ta kafedra, magistratura va maxsus-sirtqi boʻlimlari, axborot-resurs markazi, „Qatagʻon qurbonlari xotirasi“ muzeyi hamda akademik litsey mavjud. Universitet rektori (2015 yildan) — A.S.Yuldashev.

Tarixi[tahrir]

1931-yilda Fargʻona davlat pedagogika insitituti qoshida Andijon kechki pedagogika instituti tashkil etildi. 1939-yilda institutda kunduzgi boʻlimga ham talabalar qabul qilinib, til va adabiyot (oʻzbek tili va adabiyoti, rus tili va adabiyoti), fizika-matematika (fizika va matematika mutaxassislilari), tabiiy geografiya (tabiiy fanlar va geografiya), tarix fakultetlarida kunduzgi boʻlimda 114 nafar, kechki boʻlimda 152 nafar talabalar tahsil olgan.

Oliygoh 1939-1953-yillar davomida oʻqituvchilar instituti sifatida faoliyat koʻrsatdi. Bu davrda u xalq taʼlimi uchun 2500 dan ortiq pedagog kadrlar tayyorladi. 1952-yil 19-iyulda Ittifoq Oliy taʼlim vazirligi oʻqituvchilar instituti negizida pedagogika institutini tashkil qilish toʻgʻrisidagi buyrugʻi chiqarildi. 1956-yilda institutga yangi bino qurib berildi (hozirgi Andijon viloyati xalq taʼlimi xodimlarini malakasini oshirish va qayta tayyorlash markazi binosi). 1957-1976-yillarda institut rektori sifatida faoliyat yuritgan G.X.Abdullayev davrida institutda oʻquv-uslubiy, ilmiy-tadqiqot ishlarini rivojlantirishga katta eʼtibor berildi hamda uning moddiy texnik bazasi mustahkamlandi. Bu davrda 30 dan ortiq pedagog xodimlar doktorlik va nomzodlik dissertatsiyalarini himoya qildilar. 1966-yilda pedagogika instituti negizida tillar instituti tashkil etildi. 70-yillar boshida institut xodimlarining 50 foizi ilmiy daraja va unvonlarga ega boʻlgan. Oʻz navbatida bu kadrlar tayyorlash sohasida ham oʻz natijalarini bergan.

1976 yilda institutga biologiya fanlari nomzodi (keyinchalik, biologiya fanlari doktori, professor, akademik) Akmal Qosimovich Qosimov rektor etib tayinlandi. Bu davrda institutda barcha jabhalarda oʻsishga erishdi. Institutning moddiy-texnik bazasi mustahkamlandi, kafedra va fakultetlar kengaydi. Ushbu davrda oʻquv, ilmiy pedagogik kadrlar tayyorlash, ilmiy tadqiqot ishlarini yanada rivojlantirishda katta yutuqlarga erishildi. 1981-yilda institutning hozirgi Universitet koʻchasidagi binosi qurib bitkazildi, 1982 yildan bino toʻliq quvvat bilan ish boshladi. Bu yillarda A.Qosimov, G.P.Dubovskiy, X.Razzaqov, S.Vohidova, I.Poʻlatov, M.Mirzakarimov, M.Qoraboyev, Q.Yoʻldoshev, A.Nurmonov, A.Tojiboyev, R.Shamsutdinov va boshqalar doktorlik, 40 dan ortiq pedagoglar nomzodlik dissertatsiyalarini muvaffaqiyatli himoya qildilar. 1989-90-oʻquv yilida institutda 10 nafar fan doktori, 112 nafar fan nomzodlari faoliyat yuritgan. Shuningdek, talabalarni ham ilmiy ishlarga jalb etish darajasi ortib bordi. „ADPI talabalar ilmiy jamiyati“ tashkil etildi. 1970-yilda 1007 nafar talaba ilmiy ishlarda ishtirok etgan boʻlsa 1989-yilda bu koʻrsatkich 1853 nafarga yetdi. Vaholanki, 1970-yilda talabalarning umumiy soni 4047 nafar, 1989-yilda 4035 nafarni tashkil etgan. Kunduzgi boʻlim talabalarining 92,8 foizi ilmiy-tadqiqot ishlarida qatnashdi.

Sport sohasida ham yutuqlar katta boʻldi. Institutda tahsil olgan Oʻlmasova Svetlana — Ittifoqda xizmat koʻrsatgan sport ustasi, yengil atletika boʻyicha xalqaro toifadagi sport ustasi, ikki karra Yevropa, 10 karra Ittifoq chempioni, Jahon kubogi sovrindori, Zamira Zaytseva — 3000 metrga yugurishda jahon rekordi sohibasi, Yevropa va Jahon chempionati kumush medali, SSSR-AQSH xalqaro turniri uch karra gʻolibi, Feliks Pak — boks boʻyicha Yevropa chempioni, Ittifoqning besh karra gʻolibi, Nail Muhammediyorov — ogʻri atletika boʻyicha Seul olimpiadasi rekordchisi va boshqa nomdor sportchilar institut faxriga aylandilar.

AndDU

1991-yilda mustaqillikka erishgach, mamlakatimiz rivojlanishning yangi yoʻliga oʻtdi. Taʼlim tizimida ham qator oʻzgarishlar, yangilanishlar amalga oshirildi. 1992-yil 28-fevraldagi prezident farmoniga asosan Andijon davlat pedagogika instituti negizida Andijon davlat universiteti tashkil etilishi belgilandi. Universitetning birinchi rektori sifatida ish boshlagan Akmal Qosimov 1992-yilda Andijon viloyati hokimining ijtimoiy masalalar boʻyicha oʻrinbosari lavozimiga oʻtkazilgani munosabati bilan professor Qodirjon Parpiyev rektor etib tayinlandi.

1993-yilda rektor vazifasiga qaytarilgan A.Qosimov 1995 yilda Oliy Majlis raisi oʻrinbosari lavozimiga oʻtgunga qadar faoliyat yuritdi. Universitetga 1995-1996-yillarda dotsent Bahrom Jalilov, 1996-2006-yillarda professor Sirojiddin Zaynobiddinov rektorlik qildilar. Bu davrda oʻquv rejalar, darslik va oʻquv qoʻllanmalar bilan taʼminlash, mavjud boʻlmagan darsliklarni markaziy oliy oʻquv yurtlaridan keltirish, universitetga yetakchi oliy taʼlim muassasalaridan taniqli olim va professorlarni jalb qilish, kutubxona faoliyatini tubdan yaxshilash boʻyicha qator amaliy ishlar bajarildi. 1996-1997-oʻquv yilidan boshlab universitet qoshida litsey-internat faoliyati yoʻlga qoʻyildi.

2006-2015 yillar davomida universitetga biologiya fanlari nomzodi T.Madumarov rektor sifatida faoliyat olib bordi. 2015-yildan Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Sud-huquq masalalari boʻyicha qoʻmita raisi oʻrinbosari lavozimiga saylangani bois lavozimidan ozod etilgan. Bu davrda oʻquv-uslubiy, maʼnaviy-maʼrifiy, ilmiy ishlar va ayniqsa, moddiy-texnik bazani mustaxkamlash sohalarida amalga oshirilgan ishlar natijasida universitet respublikada yetakchi oliy taʼlim muassasalari qatoriga qoʻshildi. 2010-yili Vazirlar Mahkamasi qarori bilan universitet tarkibiga Andijon xorijiy tillar instituti qoʻshildi.

Oʻzbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimovning 2011-yil 20-maydagi PQ-1533-sonli qarori asosida, shuningdek, universitetda oʻquv jarayonini yaxshilash, bir smenali oʻqishni taʼminlash maqsadida universitetga 60 mlrd. soʻm mablagʻ ajratildi. Ushbu mablagʻlar oʻzlashtirilib, ADU 1000 oʻrinli binosi, Fizika-matematika fakulteti uchun 500 oʻrinli oʻquv binosi, Axborot-resurs markazi binosi hamda 18x36 oʻlchamdagi Barkamol avlod sport zali qurilib, foydalanishga topshirildi. Oʻquv jarayonini boshqarishni axborotlashtirish, dars jarayonlarini axborot kommunikatsion texnoligiyalaridan foydalangan holda yangi pedagogik texnologiyalar asosida tashkil etish maqsadida 500 dan ortiq kompyuter, 16 ta lingofon, 67 ta proektor, 16 ta elektron doska va 68 ta ekran keltirildi.

Mustaqillik yillarida universitetda ilmiy ishlarda ham katta yutuqlarga erishildi. Koʻplab olimlar ilmiy maktablar yaratib, ilmiy-pedagogik kadrlar tayyorash ishida yuksak muvaffaqiyatlarga erishdilar. Ulardan akademik Akmal Qosimov rahbarligida biofizika va biokimyo sohasida koʻplab fan doktori va fan nomzodlari muvaffaqiyatli himoya qildilar. Biologiya fanlari doktori, professor Abdurashid Dariyev rahbarligida 2 nafar fan doktori va 12 nafar fan nomzodlari dissertatsiyalarini himoya qildilar.

Olimlar qatorida filologiya fanlari doktori, professor Abdulhamid Nurmonovning samarali faoliyatini alohida taʼkidlash lozim. U oʻzbek tilshunosligiga oid 50 yaqin darslik, risola, oʻquv qoʻllanmalari, 500 ga yaqin ilmiy, maʼrifiy maqolalar muallifidir. Uning rahbarligida 8 ta doktorlik, 30 ga yaqin nomzodlik dissertatsiyalari himoya qilingan.

Tarix fanida oʻziga xos iz qoldirgan Oʻzbekistonda Respublikasida xizmat koʻrsatgan fan arbobi, Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan yoshlar murabbiysi, tarix fanlari doktori, professor, Oʻzbekistonda Arxivshunoslik fani otasi Ibrohimjon Alimov faoliyati ham juda samarali boʻlgan. Olim tomonidan yettita tilda 70 ga yaqin darslik, oʻquv qoʻllanma, monografiya, hujjatlar toʻplami hamda 400 dan ortiq ilmiy, maʼrifiy maqolalar eʼlon qilingan. Bevosita uning rahbarligida 8 ta doktorlik, 20 dan ortiq nomzodlik dissertatsiya himoya qilingan. 2015-yil may oyidan boshlab universitetga biologiya fanlari doktori, professor A.S.Yuldashev rektor etib tayinlandi va hozirgi kunga qadar samarali faoliyat koʻrsatib kelmoqda. Soʻnggi yillarda universitetda taʼlim taraqqiyotning yangi bosqichiga koʻtarildi.

Soʻnggi yillarda mehnat bozorini hisobga olgan holda qator zamonaviy taʼlim yoʻnalishlari ochildi. Xususan, bakalavriaturada 5321000 — Oziq ovqat texnologiyasi (maxsulot turlari boʻyicha), Mexanika, Fizika va astronomiya oʻqitish metodikasi, Arxivshunoslik, Vokal sanʼati, Cholgʻu ijrochiligi, Anʼanaviy xonandalik kabi 10 ga yaqin yangi taʼlim yoʻnalishlari, magistraturada Qayta tiklanuvchi energiya manbalari va barqaror atrof-muhit fizikasi (bu mutaxassislik boʻyicha universitet tayanch hisoblanadi), Ekologiya, Taʼlim va tarbiya nazariyasi (maktabgacha taʼlim), Taʼlim va tarbiya nazariyasi (boshlangʻich taʼlim va sport tarbiyaviy ishi), Taʼlimda axborot texnologiyalari, Ijtimoiy fanlarni oʻqitish metodikasi (huquq taʼlimi) kabi mutaxassisliklari ochildi.

Shuningdek, universitetda 2017-yildan maxsus-sirtqi, 2018-yildan boshlab sirtqi taʼlim tashkil etilib, 12 ta yoʻnalish boʻyicha mutaxassislar tayyorlash yoʻlga qoʻyildi. 2015-2018-yillar davomida 7 ta doktrolik va 36 ta falsafa doktori ilmiy darajasini olish uchun tayyorlangan dissertatsiyalar muvaffaqiyatli himoya qilindi. Bu yillarda 2 mlrd 167 mln soʻmlik davlat ilmiy-texnik dasturlari doirasidagi loyihalar va xalqaro grantlar oʻzlashtirldi. Doktoranturaga qabul 31 ta oʻringacha oshirildi.

2018-yilda universitet tuzilmasida boshqalar uchun naʼmuna boʻladigan „Qatagʻon qurbonlari xotirasi“ muzeyi tashkil etildi.

Sport sohasida ham jahonshumul yutuqlar qoʻlga kiritildi. Bir qancha Osiyo, Jahon va Olimpiya sportchilari yetishib chiqdi. 2016-yilda Londonda oʻtgan yozgi Olimpiya oʻyinlarida universitetning ikki nafar talabasi Ruslan Nurutdinov hamda Hasanboy Doʻstmatovlar muvaffaqiyatli ishtirok etib, oltin medalni qoʻlga kiritdilar.

2015-2018 yillarda Erasmus+ dasturi orqali 4 ta: RENES — „Muqobil energiya manbalari va turgʻun atrof-muhit ixtisosligi boʻyicha magistrlik dasturini ishlab chiqish“ loyiha qiymati 80,62 AQSh dollari, ModeHEd „Universitetlarda salomatlikka oid oʻquv dasturlarini modernizatsiya qilish“ loyiha qiymati 46,28 AQSh dollari, IQAT „Oliy taʼlimda salohiyatni oshirish“ loyiha qiymati 72,4 AQSh dollari, STEM „Ingliz tilini oʻrgatish“ loyiha qiymati 46,4 AQSh dollari boʻlgan loyihalar ustida ish olib borilmoqda. Yosh olimlarning qisqa muddatli ilmiy stajirovkasi AQSH, Italiya, Angliya, Turkiya, Rossiya Federatsiyasining 10 ga yaqin universitetlari bilan yaxshi yoʻlga qoʻyilgan boʻlib xozirda universitetning 10 ga yaqin tayanch doktorantlari ilmiy tadqiqot mavzulari boʻyicha stajirovka oʻtamoqdalar. Erasmus+ dasturi doirasida jami 13 nafar yosh mutaxassislar xorijiy ilmiy stajirovkalarda boʻlib qaytdilar.

Universitet rektorlari[tahrir]

- 1957 — 1976-yil fevral — Gʻani Xolmatovich Abdullayev. Falsafa fanlari nomzodi, professor, Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan fan arbobi, II Jahon urushi qatnashchisi.

- 1976-yil fevral — 1992 yil, 1993-yil fevral — 1995 yil — Akmal Qosimovich Qosimov. Yirik davlat va jamoat arbobi, Oʻzbekiston Fanlar Akademiyasi akademigi, biologiya fanlari doktori, professor. 1995-2000 yillarda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi raisi oʻrinbosari.

Akramjon Sultanmurodovich Yuldashev

- 1992 — 1993-yil fevral (rektor v.b.) — Qodirjon Gʻofurovich Parpiyev. Fizika-matematika fanlari nomzodi, professor. 1977-1992-yillarda Andijon davlat pedagogika instituti oʻquv ishlari boʻyicha prorektori.

- 1995-yil yanvar — 1996-yil — Bahrom Jalilovich Jalilov. Filologiya fanlari nomzodi, dotsent.

- 1996-yil aprel — 2000-yil fevral — Sirojiddin Zaynobiddinov. Oʻzbekiston Fanlar Akademiyasi akademigi, fizika-matematika fanlari doktori, professor. Abu Rayxon Beruniy nomidagi Davlat mukofoti laureati.

- 2000-yil — 2015-yil yanvar — Tolibjon Abdumalikovich Madumarov. Davlat va jamoat arbobi, biologiya fanlari doktori, professor. Hozirda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati aʼzosi, Senatning Sud-huquq va qonunchilik masalalari qoʻmitasi raisi oʻrinbosari.

- 2015-yil yanvar — 2015 yil may (rektor v.b.) — Azamatjon Shodmonovich Mamatyusupov. Biologiya fanlari nomzodi, dotsent. 2015-yil mayidan oʻquv ishlari boʻyicha prorektor.

- 2015-yil 19-maydan — Akramjon Sultanmurodovich Yuldashev. Biologiya fanlari doktori, professor.

Fakultetlar[tahrir]

  • TABIIY FANLAR FAKULTETI
  • FIZIKA-MATEMATIKA FAKULTETI
  • FILOLOGIYA FAKULTETI
  • TARIX FAKULTETI
  • IJTIMOIY IQTISODIYOT FAKULTETI
  • CHET TILLAR FAKULTETI
  • PEDAGOGIKA FAKULTETI
  • SANʼATSHUNOSLIK FAKULTETI
  • JISMONIY MADANIYAT FAKULTETI
  • MAKTABGACHA TAʼLIM FAKULTETI

Oʻquv faoliyati[tahrir]

Andijon davlat universitetda 13 000 ga yaqin talabalar (Oʻzbekistonning 12 ta viloyati va MDH mamlakatlaridan) jumladan, 9 125 nafar kunduzgi, 2356 nafar sirtqi, 2177 nafar maxsus-sirtqi taʼlim shaklida tahsil oladi.

Andijon davlat universitetida oʻquv jarayoni 10 fakultet, maxsus-sirtqi boʻlimi va akademik litseyda amalga oshiriladi 30 ta bakalavriat taʼlim yoʻnalishlarida hamda 18 ta magistratura mutaxassisliklari boʻyicha kadrlar tayyorlanadi. 30 ta ixtisoslik boʻyicha tayanch doktorantura, 2 ta ixtisoslik boʻyicha doktorantura ochilgan.

Oʻqish muddati:

Bakalavriatura: kunduzgi — 4 yil, sirtqi — 5 yil, maxsus sirtqi — 3 yil

Magistratura — 2 yil;

Tayanch doktorantura va doktorantura — 3 yil.

Professor-oʻqituvchilarning umumiy soni 686 ta

Shundan, fan doktori, professorlar 44 nafar;

fan nomzodi, PhD, dotsentlar 167 nafar.

Jumladan 2 ta axborot-resurs markazi, 26 ta kompyuter xonasi, 954 dona kompyuter, 2000 oʻringa moʻljallangan 6 ta talabalar turar joyi, 910 oʻringa ega boʻlgan 6 ta oshxona, 2 ta bufet, 13 ta ochiq va 3 ta yopiq sport maydonlar mavjud.

Fan va tadqiqotlar: Ilmiy yoʻnalishlar va olimlar[tahrir]

Oʻzbekiston huquqiy demokratik davlat va fuqarolik jamiyati barpo qilishning nazariy masalalari

Oʻzbekiston florasi va oʻsimliklar koʻlamini oʻrganish

Tovarlarni kimyoviy tarkibini asosida sinflash va sertifikatlash

Fargʻona vodiysi iqtisodiy rivojlanishining geografik jihatlari

Zamonaviy mashinasozlik materialshunosligi, ularning xossalarini oʻrganish va ikkilamchi materiallardan hom ashyo olishni yoʻlga qoʻyish

Fargʻona vodiysi hayvonot dunyosini tadqiq etish, tur tarkibi, tarqalishini hayotiy jarayonlarini oʻrganish asosida noyob turlarni muhofaza qilishni nazariy va amaliy muammolari

Ultradispers kukunlarining qishloq xoʻjaligi ekinlarini hosildorligini oshirishga taʼsiri

Makkajoʻxori va boshka baland boʻyli oʻsimliklarni zararkunandalardan himoya qilish usul va vositalarini yaratish

Biologik faol moddalar sintezi

Murakkab jarayonlarini kompyuterda modellashtirish

Andijon tarixi (eng qadimgi davrdan bugungi kungacha)

Markaziy Osiyoning ijtimoiy-siyosiy va maʼnaviy tarixi muammolari(XV-XX asrlar)

Oʻzbekistonning chorizm va sovet mustamlakachiligi davri tarixi

Osiyo va Afrika mamlakatlari yangi va eng yangi tarixi

Oʻzbekistonda modernizatsiya jarayonida yoshlarda innovatsion ong shakllanishini amaliy tadqiq etish

Globallashuv sharoitida milliy oʻzlikni anglashning ijtimoiy-pedagogik masalalari

Zamonaviy sharoitda taʼlim-tarbiya jarayonini samarali tashkil etishning nazariyasi va amaliyoti

Umumtaʼlim tizimida taviriy sanʼat va chizmachilikni oʻqitishning zamonaviy texnologiyasi

Cholgʻu ijrochilik sanʼati va uning tarixiy manbalarini oʻrganish

Oʻzbek adabiyoti tarixi va poetik masalalari

Oʻzbek tilshunosligining dolzarb muammolari hamda taʼlim tizimida til kompitentligini shakllantirish va rivojlantirish masalalari

Oʻzbek va rus tillarini kontrastiv hamda tadbiqiy oʻrganish

Taʼlim muassasalarida jismoniy tarbiya va sport tadbirlari tashkil etish jarayonlarini takomillashtirish

Sport turlari boʻyicha darslarda zamonaviy pedagogik texnologiyalarni oʻquv jarayoniga tadbiq etish

Kardiomiotsitlar ion kanallarining biologik faol moddalar bilan boshqarilishi

Kalamushlarda jigar ferment gameostaz faoliyatiga gipofiniziya va gamma nurlarini taʼsiri Fitoekdisteroidlarni laktotrof va definitiv oziqlanish davridagi kalamushlarni hazm tizimi fermentlariga taʼsiri

Hozirgi zamon tilshunosligidagi ilgʻor ilmiy yoʻnalishlar

Kasbiy yoʻnaltirilgan ingliz-tili oʻqitishning asosiy tamoillari

Qiyosiy-tarixiy, tipologik va chogʻishtirma tilshunoslik.


- Zaynobidinov Sirojiddin Zaynobidinovich — f-m.f.d., akademik

- Asqarov Ibrohim Rahmonovich — k.f.d., professor

- Shamsutdinov Rustambek Temirovich — t.f.d., professor

- Yuldashev Akramjon Sultanmuradovich — b.f.d., professor

- Xoshimov Olimjon Umirzaqovich — b.f.d.,professor

- Tojiboev Qoʻldashali Tojiboevich — b.f.d.,professor

- Aliev Raimjon Usmonovich — f-m.f.d., professor

- Quronov Dilmurod Xaydaralievich — f.f.d., professor

- Solihova Hanifaxon Sobitovona — f.f.d., professor

- Mirzaeava Salimaxon Rayimjonovna — f.f.d., professor

- Yusupova Shoxida Jaloldinovna — f.f.d., professor

- Shahobiddinova Shohida Hoshimovna — f.f.d., professor

- Saidboeva Lola Muxamedovna — b.f.d., professor

- Umarxoʻdjaev Muxtorxon Eshonxoʻdjaevich — f.f.d., professor

- Hoshimov Gʻanijon Mirzaahmedovich — f.f.d., professor

- Yunusov Kamoliddin Abzalovich — s.f.d., professor

Eʼtiborga loyiq bitiruvchilar[tahrir]

Universitetning ilmiy-tadqiqot ishlarini oʻtkazish boʻyicha ilmiy-texnika bazasi[tahrir]

- botanika bogʻi

- gerbariy

- innovatsion poligon (Marxamat tumanida)

- oʻquv-ilmiy tajriba uchastkasi (Ulugʻnor tumanida)

- tarjimashunoslik markazi

- innovatsion psixologik-diagnostika markazi

- yuridik klinika

- „Qatagʻon qurbonlari xotirasi“ muzeyi

Ilmiy texnik loyihalar va grantlar[tahrir]

MuzeyASU.jpg

Fundamental loyihalar: 4 ta;

Amaliy loyihalar: 8 ta;

Yosh olimlar loyihalari: 1 ta;

Innovatsion loyihalar: 1 ta;

Xalqaro grantlar: 5 ta.

Loyihalarning umumiy qiymati 2 141 133 000 soʻm hamda 248 ming AQSH dollari va 42 500 yevroni tashkil etadi. Akademik innovatsiyalar fondi (AIF) ning 2018 yil tanlovi gʻolibi: „Qayta tiklanadigan energiya manbalarining fizikasi va atrof-muhit barqarorligi boʻyicha magistrlik dasturinin takomillashtirish orqali talabalarning ijodiy va innovatsion faoliyatini ragʻbatlantirish“ loyihasi (2019-2020 yillar). Loyiha 2019-2020 yillar davomida Jahon banki tomonidan moliyalashtiriladi. Qiymati 140 ming AQSH dollari.

Ilmiy jurnallar[tahrir]

"Ilmiy xabarnom" jurnali bir yilda toʻrt marta chop etiladi. Andijon viloyati Matbuot va axborot boshqarmasi tomonidan 2009 yil 7 aprelda 04-039 raqam bilan roʻyxatga olingan. Nashr indeksi: 344. Nashr uchun mas’ul: D.H.Quronov. Jurnal falsafa, tarix, filologiya, pedagogika, kimyo, fizika va biologiya fanlari boʻyicha Oliy Attestatsiya komissiyasining dissertatsiyalar natijalari yuzasidan ilmiy maqolalar eʼlon qilinishi lozim boʻlgan nashrlar roʻyxatiga kiritilgan. Tahrir hay’ati raisi: A.A.Yuldashev, biologiya fanlari doktori, professor. Ilmiy maslahatchi: S.S.Gʻulomov, OʻzFA akademigi. Tahririyat manzili: 170100, Andijon shahri, Universitet koʻchasi, 129. Telefon: (+99891)160-20-43. Faks: (374) 223-88-30 Rasmiy sayt: [xabarnoma.adu.uz[1]]

„VODIYNOMA“ (Tarixiy meros) — Ijtimoiy-tarixiy, ilmiy va ommabop jurnal. Muassis: „Meros“ xalqaro ilmiy-amaliy ekspeditsiya jamoat fondi. Oʻzbekiston Matbuot va axborot agentligi tomonidan 2018 yil 5 iyunda № 0975 raqam bilan roʻyxatga olingan. Nashr indeksi: 170112. Bosh muharrir: Rustambek Shamsutdinov. Bosh muharrir oʻrinbosari: Abdulla Sharopov. Tahririyat manzili: 170100, Andijon shahri, Universitet koʻchasi, 129-uy. Telefon: (99890) 253-26-32 Faks: (99874) 223-83-52. Pochta: vodiynoma@mail.ru.

Ilmiy tadqiqot ishlari va innovatsiyalar boʻyicha faoliyat olib boruvchi boʻlimlar: — Ilmiy-tadqiqotlar, innovatsiyalar va ilmiy-pedagogik kadrlar tayyorlash boʻlimi; — Iqtidorli talabalarning ilmiy tadqiqot faoliyatining tashkil etish boʻlimi; — Tahririy nashriyot boʻlimi; — Ilmiy-innovatsion ishlanmalarni tijoratlashtirish boʻlimi.

Oʻquv va ilmiy laboratoriyalar[tahrir]

Labaratoriya

Oʻquv laboratoriyalari Molekulyar fizika

Mexanika

Elektr va magnetism

Radioelektronika

Atom va yadro fizikasi

Optika

Fizikaviy kimyo

Analitik kimyo

Organik kimyo

Kolloid kimyo

Labaratoriya jarayoni

Oʻsimliklar fiziologiyasi

Biotexnologiya, genomika, molekulyar biologiya


Ilmiy tadqiqot laboratoriyalari „Tovarlar kimyosi“ ilmiy laboratoriyasi — ferrotsen asosida yangi fiziologik birikmalar sintez qilish va ularni biologik faolligini oʻrganish, dorivor xususiyatga ega boʻlgan oʻsimliklarni kimyoviy tarkibini oʻrganish, ularni tarkibidan biologik faol komponentlarini ajratib olish boʻyicha ilmiy izlanishlar olib boriladi. 2018 yilda ushbu ilmiy laboratoriyada amalga oshirilgan ilmiy tadqiqotlar natijasida „02.00.09-Tovarlar kimyosi“ ixtisosligi boʻyicha besh nafar kimyo fanlaridan falsafa fanlari doktori (PhD) ilmiy darajasini olish uchun dissertatsiya tayyorlandi va himoya qilindi. Qayta tiklanuvchi energiya manbalari ilmiy laboratoriyasi — Laboratoriyaga Germaniya, Italiya, Ispaniya va boshqa rivojlangan davlatlarda ishlab chiqarilgan, qiymati 42,7 ming yevrolik 30 turdagi jihoz oʻrnatilgan. Ispaniyaning „Edibon“, Germaniyaning „LeXsolar“ kompaniyalarida ishlab chiqilgan laboratoriya jihozlarini qabul qilish va ishga tushirildi. Laboratoriya Yevropaning 600 dan ziyod nufuzli universiteti onlayn tarzda ulangan Oksford universitetining Rezerford laboratoriyasi mikroelektronika va nanoelektronika qoʻllab-quvvatlash markazining EUROPRACTIC tizimiga ulangan. „Eksperimental innovatsion tadqiqotlar“ ilmiy laboratoriyasi — mahalliy dorivor oʻsimliklardan ajratib olinadigan fenol birikmalarining (flavanoidlar, polifenollar) kardiovaskulyar taʼsir mexanizmlarini oʻrganish asosida kardioprotektor preparat ishlab chiqish boʻyicha ilmiy tadqiqot ishlari olib boriladi.

Xalqaro hamkorlik aloqalari[tahrir]

Xalqaro aloqalar

XALQARO ALOQALAR Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining „Oliy taʼlim muassasalarida taʼlim sifatini oshirish va ularning mamlakatda amalga oshirilayotgan keng qamrovli isloxotlarda faol ishtirokini taʼminlash boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida“gi PQ-3775-son qarori hamda „Oliy taʼlim tizimini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida“gi PQ-2909-sonli qarorida belgilangan vazifalar ijrosini taʼminlash maqsadida jahon standartlariga javob beradigan kadrlar tayyorlashni takomillashtirish maqsadida Andijon davlat universiteti 3 ta xorijiy oliy taʼlim muassasasi bilan bakalavr bosqichida (2+2) va magistratura bosqichda (1+1) shaklida 7 ta taʼlim yoʻnalishida qoʻshma taʼlim dasturini amalga oshirib kelmoqda. Jumladan, 2019-2020 oʻquv yilida Rossiya Federatsiyasining Mordoviya davlat universiteti hamda Belorussiya Respublikasining Polotsk davlat universiteti bilan, 2020-2021 oʻquv yilida esa Rossiya Federatsiyasining Tomsk davlat universiteti bilan qoʻshma taʼlim dasturi amalga oshirildi.

Buning natijasida Mordoviya davlat universiteti bilan 2ta taʼlim yoʻnalishida „Rus tili va adabiyoti“ (bakalavr) hamda „Biologiya“ (magistratura) va Polotsk davlat universiteti bilan 2ta „Texnologik taʼlim“ va „Turizm“ (bakalavr) taʼlim yoʻnalishlari boʻyicha kadrlar tayyorlash yoʻlga qoʻyildi. Tomsk davlat universiteti bilan 3ta „Biznes boshqarish“, „Biologiya“ va „Arxivshunoslik“ (bakalavr) taʼlim yoʻnalishlari boʻyicha kadrlar tayyorlash yoʻlga qoʻyildi. Xozirgi kunda qoʻshma taʼlim dasturi asosida 1- bosqichda 123 nafar 2-bosqichda 51 nafar jami 174 nafar talaba taxsil olmoqda.

2019-2020 oʻquv yilida Andijon davlat universitetining T-76 va T-77 buyrugʻi bilan 1-bosqichga 51 nafar talaba qabul qilingan. Jumladan, Mordoviya davlat universiteti bilan xamkorlikda „Biologiya“ taʼlim yoʻnalining magistratura mutaxassisligiga 1 nafar talaba, „Rus tili va adabiyoti“ taʼlim yoʻnalishi bakalavriatura bosqichiga 25 nafar talaba qabul qilindi. Polotsk davlat universiteti bilan xamkorlikda „Texnologik taʼlim“ taʼlim yoʻnalishi bakalavriatura bosqichiga 25 nafar talaba qabul qilindi.

2020-2021 oʻquv yilida Andijon davlat universitetining T-47, T-48 T-49, T-50, T-51 va T-52 buyrugʻi bilan 1-bosqichga 123 nafar talaba qabul qilingan. Jumladan, Mordoviya davlat universiteti bilan xamkorlikda „Biologiya“ taʼlim yoʻnalining magistratura mutaxassisligiga 1 nafar talaba, „Rus tili va adabiyoti“ taʼlim yoʻnalishi bakalavriatura bosqichiga 19 nafar talaba qabul qilindi. Polotsk davlat universiteti bilan xamkorlikda „Texnologik taʼlim“ taʼlim yoʻnalishi bakalavriatura bosqichiga 12 nafar talaba, „Turizm“ taʼlim yoʻnalishi bakalavriatura bosqichiga 20 nafar talaba qabul qilindi. Tomsk davlat universiteti bilan xamkorlikda qoʻshma taʼlim dasturi asosida „Biznes boshqarish“ taʼlim yoʻnalishi bakalavriatura bosqichiga 30 nafar talaba, „Biologiya“ taʼlim yoʻnalishi bakalavriatura bosqichiga 16 nafar talaba, „Arxivshunoslik“ taʼlim yoʻnalishi bakalavriatura bosqichiga 25 nafar talaba qabul qilindi.

Qoʻshma taʼlim dasturida Mordoviya davlat universitetidan 4 nafar fan doktori, Polotsk davlat universitetidan 5 nafar fan doktori, Tomsk davlat universitetidan 3 nafar fan doktori onlayn tarzda vebinar darslar oʻtdilar. Andijon davlat universitetidan 56 nafar professor-oʻqituvchi taʼlimga jalb etilgan. Jumladan, Andijon davlat universitetidan 4 professor, 19 nafar fan doktori (PhD) va 33 nafar katta oʻqituvchi va assisentlar amaliy mashgʻulotlar oʻtib kelmoqda. Barcha dars mashgʻulotlar rus tilida olib borilmoqda.

Mordoviya davlat universiteti va Andijon davlat universiteti professor-oʻqituvchilari tomonidan tegishli fanlar boʻyicha 60 soat vebinar maʼruza onlayn darslar tashkil etildi. Talabalarning semestrlar kesimida oʻzlashtirish koʻrsatkichlari muntazam tarzda xamkor OTMga elektron shaklda yetkazib borildi. Polotsk davlat universitetida va Andijon davlat universiteti professor-oʻqituvchilari tomonidan tegishli fanlar boʻyicha 40 soat vebinar maʼruza onlayn darslar tashkil etildi. Talabalarning semestrlar kesimida oʻzlashtirish koʻrsatkichlari muntazam tarzda xamkor OTMga elektron shaklda yetkazib borildi. Pandemiya sharoitida 2020-2021 oʻquv yilining kuzgi semestri boʻyicha oʻquv jarayonini xamkor OTMlar bilan kelishgan xolda oʻquv rejada belgilangan tegishli fanlarni onlayn tarzda Andijon davlat universiteti hamda xamkor OTM professor- oʻqituvchilari tomonidan olib borildi

Universitetning boshqa xalqaro oliy taʼlim muassasalari bilan hamkorligi


Universitetimizda xorijiy talabalar uchun quyidagi shart-sharoit va imkoniyatlar yaratilgan

  • Xorijiy talabalar universitetga imtihonlarsiz suhbat asosida qabul qilinadi;
  • Universitet saytidan oʻzlari istagan maʼlumotni oʻz tillarida (xorijiy tillarda, asosan, rus va ingliz tillarida) olish imkoniyati mavjud;
  • Universitet hududida bepul Wi-Fi tizimi orqali internet tarmogʻidan tez va sifatli foydalanishi;
    Xalqaro Aloqalar
  • Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari asosida xizmat koʻrsatish tashkil etilganligi va xorijiy tillardagi oʻquv, ilmiy adabiyotlarni universitetning Axborot-resurs markazlaridan elektron hamda chop etilgan nashrlarda olish imkoniyati mavjudligi;
  • Boʻsh vaqtlarini mazmunli oʻtkazish uchun turli xil sport turlariga, xususan, ochiq sport maydonlarida tennis, futbol, volleybol, basketbol, qoʻl toʻpi va oʻlchami 25x50 boʻlgan suzish havzasida suzish toʻgaraklariga qatnashishi;
  • 80 ta koʻp oʻrinli interaktiv auditoriyalarning mavjudligi;
  • 9 ta 13 oʻrinli lingofon sinflarining mavjudligi;
  • 27 ta koʻp oʻrinli kompyuter sinflarining mavjudligi;
  • Universitet hududidagi oshxona va bufetlar, barcha dori-darmonga ega 2 ta tibbiyot shahobchalari xizmatidan foydalanish huquqiga egaligi;
  • Xonobod shahri, „Kampirovvot“ suv omboridagi „Dam olish“ zonasi hamda Xoʻjaobod tumani Karnaychi QFYdagi „Sport- sogʻlomlashtirish maskani“da taʼtil davri va oʻqishdan tashqari vaqtlarni mazmunli tashkil etish imkonining mavjudligi.

Havolalar[tahrir]