Oʻzbekiston milliy bogʻi

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Oʻzbekiston milliy bogʻi, Alisher Navoiy nomidagi Oʻzbekiston milliy bogʻi — Oʻzbekistonda mamlakat miqyosidagi eng yirik madaniyat va istirohat bogʻi. Toshkent shahrining markaziy qismida joylashgan; maydoni 69 ga. 1991-yilda Alisher Navoiy tavalludining 550 yilligi tantanalari munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti I.A.Karimov tashabbusi bilan bunyod etilgan. Toshkent shahrining yoshlari tashabbusi bilan hashar usulida qurilib ishga tushirilgan istirohat bogʻi (1938) hamda bogʻ bilan Xalqlar Doʻstligi saroyi oraligʻidagi hududda loyiha asosida meʼmoriy majmua yuzaga keltirildi. Majmua markazida favvorali aylana hovuz, amfiteatr shaklidagi tomoshabinlar joylari va sahna, kanallar ustidagi koʻpriklar va tepalikda oʻrnatilgan Navoiy haykali, amfiteatrning ikki yonida Oliy Majlis va "Navroʻz" binolari joylashgan.Milliy bogʻning yangi qismi sharqona "chorbogʻ" uslubida loyihalangan muntazam tartibli keng va shinam yoʻlkalardan iborat mumtoz kompozitsiyaga ega. Hududdagi tabiiy pastibalandliklardan oqilona foydalanib soʻlim maskan, ajoyib manzara yaratilgan. Bogʻning muhim tarkibiy qismi Alisher Navoiy memorial majmuidir (meʼmorlar: V.Akopjanyan, D.Latipov; haykaltaroshlar: E.Aliyev, N.Bandzeladze, V.Degtyarov). Bogʻning tepalik qismidagi ayvon (rotonda) anʼanaviy uslubda ishlangan: ustunlarga oʻrnatilgan feruza gumbaz, uning ostida Navoiyning mahobatli haykali qad koʻtargan; poygumbaz muqarnaslar bilan, gumbaz ichi ganchkorlik bilan bezatilib, shoirning tinchlik va ezgulikni madh etuvchi misralari bitilgan. Memorial majmuaga marmar zinalar orqali chiqiladi. Milliy bogʻ hududidagi yirik jamoat binolari — Xalqlar Doʻstligi saroyi, Oliy Majlis binosi, "Navroʻz" restorani, Abulqosim madrasasi, aylana shaklidagi sahna va amfiteatr uygʻunlikda yaxlit majmua hosil qiladi. Milliy bogʻdagi suv havzalari, bogʻdan oqib oʻtgan kanallar (2 ta charxpalak oʻrnatilgan), favvoralar, koʻkalamzorlar (terak, akatsiya, archa, qaragʻay, tut, chinor va boshqalar, maysazor va gulzorlar) xushmanzara koʻrinishga ega. Milliy bogʻ Toshkent shahrining eng goʻzal va soʻlim maskanlaridan boʻlib, shahar aholisi va mehmonlari dam olishi, hordiq chiqarishi uchun qulayliklar yaratilgan; bogʻda Navroʻz (2000-yildan) va Mustaqillik (2005-yildan) bayramlarining bosh tantanalari hamda xalq sayillari oʻtkaziladi, turli madaniy-maʼrifiy tadbirlar uyushtiriladi. Milliy bogʻ 2005-yilda qayta taʼmirlanib, yana ham koʻrkam qiyofaga kirdi.