Abul Hasan Muhammad al-Ifriqiy

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Abul Hasan Muhammad al-Ifriqiy
Tavalludi X asrning ikkinchi yarmi
Vafoti taxminan 1000-yillar atrofi
Ijod qilgan tillari arab
Fuqaroligi Somoniylar davlati
Yoʻnalish she'riyat, tabobat, ilmi nujum

Abul Hasan Muhammad al-IfriqiySomoniylar davlatining mashhur shoir va olimlaridan biri. U X asrning ikkinchi yarmida yashab, taxminan 1000-yillar atrofida vafot etgan bo‘lishi ehtimol. Chunki Abu Mansur as-Saolibiy o‘z tazkirasida u bilan 992-yili Buxoroda uchrashganini va bu vaqtda shoir juda keksayib qolganini eslatib o‘tadi[1].

Hayotiga oid manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

Abul Hasan al-Ifriqiyning hayoti va faoliyati haqida Abu Mansur as-Saolibiyning „Yatimat ad-dahr“ tazkirasida ma’lumot berilgan. Bundan tashqari mashhur arab sayyohi va qomuschi olimi Yoqut ibn Abdulloh al-Hamaviy (1179—1229)ning „Mu’jam al-udabo“ („Adiblar haqida lug‘at“)[2] va Saloh al-Kutubiyning „Favot al-vafayot“ („Vafot etganlarning o‘tib ketishi“) asarlarida ham bu shoir eslatib o‘tilgan.

Asarlari[tahrir | manbasini tahrirlash]

Al-Ifriqiy „Kitob ash-she’r an-nudamo“ („Suhbatdoshlar she’rlari to‘plami“), „Kitob al-intisof lil-Mutanabbiy“ („Al-Mutanabbiy g‘alabalar kitobi“) kabi asarlar muallifidir. U tabobat va astronomiya ilmlari bilan ham shug‘ullangan. Uning juda katta she’rlar to‘plami bo‘lgan. Al-Ifriqiyning ilmiy asarlari va devoni bizgacha yetib kelmagan, faqat ayrim she’rlaridan parchalar saqlanib qolgan. Bu parchalarda shoir o‘zining Buxoroda nihoyatda og‘ir hayot kechirganini tasvirlaydi va amir, vazir hamda boshqa amaldorlarni qattiq hajv qiladi.

„Yatimat ad-dahr“ tazkirasida keltirilgan, Nuh ibn Mansur amirligining boshlarida, 975—980-yillarda yozilgan bir she’rida o‘zi yashagan davrda hukm surgan adolatsiz tuzumdan noroziligini bayon qiladi. Butun davlat arboblarini, jumladan, somoniylar vaziri Abul Husayn al-Utbiy (977—986), Foiq, Tosh, Bektosh, Kunbosh va Nasr ibn Molik singari lashkarboshilar va xalq hisobiga boylik orttirgan boshqa amaldorlarni, hatto amirni ham tanqid qiladi.

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. Абдуллаев И. Бухоронинг арабийнавис шоирлари. Тошкент: Фан, 1965 — 47 bet. 
  2. Абдуллаев И. Абу Мансур ас-Саолибий. Тошкент: Ўзбекистон, 1992 — 6 bet.