Abu Amr Abdurrahmon ibn Amr

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Auzaʼiy, Abu Amr Abdurrahmon ibn Amr—ilohiyotshunos, faqih, auzaʼiylik mazhabi asoschisi.

Faoliyati[tahrir | manbasini tahrirlash]

707-yilda Baalbak shahrida tug‘ilgan, Makkada-Ato ibn Abi Rabaldan, Madinada - Muhammad az-Zuhriydan, Basrada — Vosil as-Salamoniydan saboq olgan. Suriyaga qaytib, Damashqda yashagan, davlat xizmatida bo‘lgan, so‘ngra Qur’on ilmlaridan dars bergan. 750-yil Suriyani zabt etgan abbosiylar qo‘shini qo‘mondoni Abdulloh ibn Ali bilan janjallashib qolgan. Auzaʼiy uning taʼqib etishidan qochib Basraga, ustozi Vosil as-Salamoniy huzuriga ketishga majbur bo‘lgan. Yangi sulola bilan yarashgach, Auzaʼiy Suriyaga qaytib, Bayrutda joylashgan va umrining oxirigacha shu yerni tark etmagan. Auzaʼiy 774-yilda vafot etgan. Uning qabri hozirgacha ziyoratgoh hisoblanadi.

Talimoti[tahrir | manbasini tahrirlash]

Auzaʼiy Suriyaning imomi deb tan olingan, bu yerda uning izdoshlaridan alohida mazhab shakllangan. Uning tarafdorlari fikricha, huquq (fiqh)manbai faqat Qur’on va sunna bo‘lib, ulardagi ko‘rsatmalar hech qanday talqinsiz, o‘zgarishsiz aynan qabul qilinishi lozim bo‘lgan. Bu mazhab 9-asrgacha Suriya va Andalusiyada tarqalgandi. Suriyada uni shofi’iylik mazhabi, Andalusiyada esa -molikiylik mazhabi siqib chiqargan. Lekin Auzaʼiyning qarashlari tizimi izsiz yo‘qolmagan, zero uning shogirdlari orasida Sufyon as-Savriy (777—778-yil vafot etgan.) va Molik ibn Anas (795-yil vafot etgan.) - ikki mazhab asoschilari bo‘lgan. Molik ibn Anas orqali Auzaʼiyning qarashlari ash-Shofi’iyga taʼsir o‘tkazgan, u esa o‘z navbatida Ahmad ibn Hanbal qarashlarining shakllanishiga taʼsir qilgan.

Adabiyotlar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  • Husniddinov, Zuhriddin. Islom Ensiklopediyasi. Toshkent: „O'zbekiston milliy entsiklopediyasi“ Davlat ilmiy nashriyoti, 2004.