Abdulhamid Nurmonov

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Abdulhamid Nurmonov
Tavalludi 1942-yil 15-may
Vafoti 2014-yil
Andijon
Fuqaroligi SSSR bayrogʻi SSSR
Oʻzbekiston
Taʼlimi Fargʻona davlat Universiteti
Kasbi Pedagog
Faoliyat yillari 1963-2014
Unvoni Fan doktori
Mukofotlari

Abdulhamid Nurmonov (19422014) — pedagog, filologiya fanlari doktori. „Shuhrat“ medali sohibi. „El-yurt hurmati“ ordeni bilan mukofotlangan[1].

Tarjimayi holi[tahrir | manbasini tahrirlash]

Abdulhamid Nurmonov 1942-yil 15-mayda Andijon viloyati Baliqchi tumanining O‘rmonbek qishlog‘ida tugʻilgan[2]. O‘rta maktabni tugatib, Fargʻona davlat pedagogika instituti (hozirgi Fargʻona davlat Universiteti) tarix-filologiya fakultetida tahsil olgan.

1963-yilda institutni imtiyozli diplom bilan tugatgan. Andijon davlat pedagogika instituti (hozirgi Andijon davlat universiteti)ga ishga kiradi. Universitetdagi yarim asrlik faoliyati davomida A.Nurmonov oʻzbek tilshunosligi oʻqituvchiligidan professor darajasiga koʻtarilgan. Jamoatchi olim sifatida pedagogika fakultetida dekan, maxsus fanlarni oʻqitish va oʻzbek tilshunoslik kafedralarida mudir, universitetning ilmiy ishlar boʻyicha prorektori lavozimlarida ishlagan.

A.Nurmonov 1973-yilda „Oʻzbek tilidagi tovush oʻzgarishlarida ekonomika prinsipi“ mavzusida nomzodlik, 1983-yilda „Oʻzbek tili sintaksisini sistema sifatida oʻrganish muammolari“ mavzusida doktorlik dissertatsiyasini himoya qilgan.

A.Nurmonov 50 ga yaqin darslik, risola, oʻquv qoʻllanmalari, 500 ga yaqin ilmiy, maʼrifiy-maʼnaviy maqolalar muallifi.

Asarlari[tahrir | manbasini tahrirlash]

„Oʻzbek tilining mazmuniy sintaksisi“, „Gap haqidagi sintaktik nazariyalar“, „Oʻzbek tilining fonologiyasi va morfonologiyasi“, „Oʻzbek tilshunosligi tarixi“, „Oʻzbek tilining nazariy grammatikasi. Morfologiya.“, „Lingvistik tadqiqot metodologiyasi va metodlari“, „Tilshunoslik va tabiiy fanlar“. Oʻrta maktablarning 5-9 sinf oʻquvchilari uchun „Ona tili“, Qirgʻizistondagi oʻzbek maktablarining 5-7-9-10-11-sinf oʻquvchilari uchun „Oʻzbek tili“, akademik litseylar uchun 3 jildlik „Hozirgi oʻzbek adabiy tili“ darsliklari muallifi. Uning „Struktur tilshunoslik: ildizlari va yoʻnalishlari“ kitobi 2010-yilgi Oʻzbekiston respublikasi oʻquv adabiyotlari tanlovida birinchi oʻrinni egallagan.

Abdulhamid Nurmonov 1999-yilda „Shuhrat“ medali, 2002-yilda „Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan xalq taʼlimi xodimi“ unvoni, 2011-yilda „El-yurt hurmati“ ordeni bilan mukofotlangan.

Abdulhamid Nurmonovning ilmu-fandagi hayot yo‘li, erishgan buyuk ilmiy ijodi 2012-yili Toshkentdagi „Akademnashr“ nashriyotida bosilgan 72 bosma toboqdan iborat uch jildlik „Tanlangan asarlar“ to‘plamida oʻz aksini topgan[3].

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. „Абдулҳамид Нурмонов СЎЗ МУЛКИГА САЙР“. kh-davron.uz. Qaraldi: 27-iyun 2023-yil.
  2. „ZAMONAVIY O’ZBEK TILSHUNOSLIGINING ZABARDAST VAKILI“. Qaraldi: 27-iyun 2023-yil.
  3. Rustambek Shamsutdinov, Abdurahmon Ishoqov. Andijon tarixidan lavhalar. Toshkent, Sharq 2013 — 491 bet. ISBN 978-9943-26-076-4.