Kontent qismiga oʻtish

„Zinger“ kompaniyasi uyi

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
"Zinger" kompaniyasi uyi, Sankt-Peterburg
Mamlakat: Rossiya
Maqomi: Ofis binosi
Arxitektor: Pavel Syuzor
Dizayn: Modern
Qurilish boshlangan sana: 1902
Qurilish tugallangan sana: 1904

"Zinger" kompaniyasi uyi (shuningdek, "Kitob uyi" nomi bilan ham tanilgan) – Sankt-Peterburgdagi bino bo‘lib, Nevskiy shohko‘chasi, 28-uyda joylashgan, federal ahamiyatga ega bo‘lgan ushbu me'moriy yodgorlik Federatsiya subyektiga tegishli.

Bino Yangi yil bayrami chiroqlari bilan bezatilganida

Modern uslubidagi mansardali, olti qavatli bino 1901 – 1904-yillarda me'mor Pavel Syuzor loyihasi bo‘yicha "Rossiyadagi Zinger aksiyadorlik kompaniyasi" uchun qurilgan va maydoni 7000 m²ni tashkil etadi. Bino qurilishi uchun savdo-sotiq va ishbilarmonlik muhiti qaynagan Nevskiy shohko‘chasi va Yekaterininskiy kanali kesishmasi tanlanadi. 30 yillik tajribaga ega bo‘lgan atoqli me'mor modern uslubida ishni boshlaydi.

XX asrning boshlarida jamoat binolari keng joylar, yorug‘lik va funksionallikka intildi. Foyda ijaraga olingan binolar soniga bog‘liq bo‘lgani va shahar markazidagi yer qimmat bo‘lganligi sababli, bo‘sh joy va kenglik o‘rtasidagi muvozanat qavatlar soniga ko‘chgan. Bu jihat Nyu-York va Chikagoda bu birinchi osmono‘par binolarning qurilishiga olib keldi. Biroq Sankt-Peterburgda Qishki saroy bo‘yi bilan belgilangan 11 sajen (23,47 metr) balandlikkacha o‘rnatilgan chegara amal qilar edi[1]. Bundan tashqari, Sankt-Peterburgda yer botqoqli bo‘lgani sababli baland binolarni qurish murakkab jarayon hisoblangan. Ushbu jihatlarning barchasi Zinger uyi osmono‘par bino sifatida mo‘ljallanmaganini tasdiqlaydi.

Bino gumbazi
Minora ustidagi globus

Bino bo‘yiga nisbatan belgilangan talablar o‘ta zukko usul bilan chetlab o‘tilgan: bino balandligiga taqiq uning aynan fasad qismiga nisbatan o‘rnatilgan bo‘lib, mansarda va gumbaz uning qismi hisoblanmas edi. Shunday qilib, Zinger uyining yettinchi qavat mansardasi 11 sajen balandlikdan yuqoriroqda boshlangan. Manhattandagi "Singer Building" binosi me'mori Ernest Flagg va Sankt-Peterburgdagi Zinger binosi me'mori Pavel Syuzor o‘rtasida o‘xshashlik bor: ularning har ikkisi Parij tasviriy san'at maktabi va fransuz me'morchiligi qadriyatlariga rioya qilgan. Sankt-Peterburgdagi boshlang‘ich loyihaning muallifi, dastlab, Flagg bo‘lgan, keyinchalik esa ishni Syuzor davom ettirgan.

Zinger uyi – ikki uslubning qo‘shilmasidir. Kartushlar, valkiriyalar va rakovinalar neobarokkoga taalluqli ekanligini bildirsa, o‘simlik shaklli bezaklar, maskaron, sayqallangan plitka modern uslubi tomon yetaklaydi. Gumbaz ustida bir valkiriya Merkuriy asosini tutib turibdi (savdo belgisi sifatida), boshqa biri esa yigiruv dukini (yengil sanoat belgisi sifatida) ushlagan, o‘ng bilagi ostida tikuv mashinasi ("Zinger" kompaniyasining asosiy mahsuloti) bor.

Imorat qurilishida bir qator texnik yangiliklarga qo‘l urilgan: Rossiyada ilk bor metall karkasdan foydalanilgan. Sankt-Peterburg me'morchiligida ilk bor atriumlar paydo bo‘lgan. Bino o‘z davrining eng so‘nggi texnologiyalari – liftdan tortib, tomlarni qordan avtomatik tozalash tizimigacha ega bo‘lgan.

"Zinger" binosi modern uslubida bezatilgan. Unda oquvchan, "organik" chiziqlar qo‘llanilgan, ichki qismi bronzadan ishlangan o‘simlik bezaklari bilan ta'minlangan. Fasadida esa taraqqiyot va tikuvchilik sanoatini gavdalantiruvchi haykallar o‘rnatilgan. Boshqa haykaltaroshlik ishlarini esa Artemiy Ober amalga oshirgan. Imorat Sankt-Peterburg me'morchiligida modernning yorqin namunasiga aylangan.

1917-yilgacha bino "Zinger" kompaniyasiga tegishli bo‘lgan; 1904 – 1917-yillarda binodagi joylarning sezilarli qismi Sankt-Peterburg xususiy tijorat banki tomonidan ijaraga olingan[2]. Birinchi jahon urushi yillarida binoning birinchi qavatida AQSh elchixonasi joylashgan[3]. 1919-yil dekabridan "Petrogosizdat" (1938-yildan "Lenizdat"), 1920 – 1930-yillarda esa boshqa nashriyotlar faoliyat yuritgan. Binoda kitob savdosi ham amalga oshirilgan, 1938-yildan unda "Kitoblar uyi" faoliyat ko‘rsatib keladi.

2004-yildan 2006-yil sentabrigacha binoda ta'mirlash ishlari olib borilgan. Binoning bir qismini egallagan "Kitoblar uyi" 2006-yildan faoliyatini tiklagan, binoning boshqa qismini "ПАН" yopiq aksiyadorlik jamiyati ijaraga beradi[4].

Binoning besh yuqori qavatini "ВКонтакте" ijtimoiy tarmog‘i ofisi egallaydi, ikki pastki qavatida esa "Kitoblar uyi" joylashgan[5].

Zamonaviy hayotda

[tahrir | manbasini tahrirlash]

"Zinger" binosi 2012-yilda "ВКонтакте" va Telegram asoschisi Pavel Durovning Griboyedov kanali uzra qog‘oz samolyotchalar shaklida 5000 rubllik kupyuralar sochishi, katta olomonning to‘planishi bilan ham ko‘pchilikning yodida qolgan[6].

Kitob do‘konining ichki qismi
  1. https://nlr.ru/e-res/law_r/search.php?part=483&regim=3
  2. Петроградский частный коммерческий банк за пятидесятилетие его существования. 1864—1914. — Петроград: Якорь, 1914. — С. 30. — 143 с.
  3. http://www.citywalls.ru/house228.html
  4. https://www.kommersant.ru/doc/709020
  5. https://ru.wikipedia.org/wiki/Дом_компании_«Зингер»#cite_note-4
  6. https://piter.tv/event/Kak_Pavel_Durov_zastavil/