Xonqa

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Xonqa
shahar
41°28′0″N 60°47′0″E / 41.46667°N 60.78333°E / 41.46667; 60.78333 G OKoordinatalari: 41°28′0″N 60°47′0″E / 41.46667°N 60.78333°E / 41.46667; 60.78333 G O
Mamlakat Oʻzbekiston
viloyat Xorazm viloyati
tuman Xonqa tumani
Rasmiy til(lar)i o'zbek tili
Aholisi
35 900
Vaqt mintaqasi UTC+5
Telefon kodi 0362399
Pochta indeks(lar)i 220800220800
Avtomobil kodi 90
Xonqa xaritada

Xonqa – Xorazm viloyati Xonqa tumanida joylashgan shaharcha. Amudaryodan 68 km Gʻarbda, viloyat markazidan 12 km Sharqda joylashgan. Shaharcha hududida transport yoʻli stansiyasi mavjud. Shaharcha tarixiy adabiyotlarda Safardiz nomi bilan tilga olinadi. 13-asrda moʻgʻullar tomonidan vayron etilganidan soʻng bu yerda masjidning birgina xonaqohi saqlanib qolgan. Akademik Yahyo Gʻulomovning taʼrificha, tuman nomi (Xonaqoh – Xonaqo – Xonqa) shundan kelib chiqqan. Xonqada 1890-yilda rus savdogarlari tomonidan paxta tozalash zavodi qurilgan. Haftada 2 marta bozor boʻlgan.

Tarixi[tahrir | manbasini tahrirlash]

Xonqa tumani 1926-yilning 29-sentabrda tashkil etilgan. 1962-yil Yangiariq tumaniga qo'shilgan. 1973-yil 26-dekabrda qayta tashkil qtilgan.[1] Tuman tashkil etilgan yili Xorazm viloyatida 4 ta shahar va 6 ta tuman ham tashkil etilgan. Xonqa tumani tashkil topgan yili tumanning aholisi 23930 tani tashki etgan. Tuman tarkibiga 14 ta qishloq punki kiritilgan. Bular; Abduvais, Navxoz, Sadullaobod, Sohoboda, Saidniyozboy, Durvadik, Qoramozi, Sarapayon, Qirqyop, Shatqiyot.[2]

Etimologiyasi[tahrir | manbasini tahrirlash]

Xonqa-“Zikrxona” so‘zidan olingan. Xonqa X asrda Darxos deb atalgan. V.V.Bartold “xonaqo” forscha “xona” so‘zining so‘g‘diylar tilida talaffuz qilinishidir, degan. Xonqa ko‘hna va hamisha navqiron Xorazmning qadimiy qal’alaridan biri bo‘lgan. U asrlar davomida Quyi Amudaryo mintaqasida vohaning iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy hayotida muhim rol o‘ynab kelgan. Tumanning geografik jihatdan qulay joyda joylashganligi, ya’ni Buyuk Ipak yo‘llari hamda ko‘hna Xorazmning qadimiy poytaxtlari; Qo‘yqirilgan qal’a, Kat va Xiva shaharlariga yaqinligi, iqtidorli va mehnatkash kishilari uning gullab yashnashiga sabab bo‘lgan.[3] Xorazm tarixini keng va chuqur biladigan S.P.Tolstov, V.V.Bartold, Yahyo G‘ulomov, Bo‘riboy Axmedov, Axmadali Asqarov kabi olimlarimiz bir-biriga qarama-qarshi fikrlarni o‘rtaga tashlaganlar. Masalan, Akademik Yaxyo G‘ulomov o‘zining “Xorazmning sug‘orilishi tarixi” nomli asarida “Xonqa atamasi “Xonaqoh”so‘zidan kelib chiqqan va mo‘g‘ullar istilosi davrida vayron etilib, faqat bitta Xonaqoh saqlanib qolgan edi. Bu Xonaqoh atrofida keyinchalik hayot tiklangan va o‘sha vaqtdan boshlab shahar Xon-(a)-qo (Xonqa) deb atalgan”,-deb ko‘rsatadi.[4] Tilshunoslik fani nuqtayi nazaridan “Xon(a)qo” so‘zining Xonqa atamasiga aylanib qolishi tabiiy holdir. Lekin masalaga tarixiy nuqtayi nazardan qaraladigan bo‘lsa va dunyoning turli joylarida Anqa, Xonqa, Qanxa, Kangxa, Safardiz nomi bilan ataluvchi joy nomlarining mavjudligi masalaning ancha munozarali ekanligidan dalolat beradi. Urganch Davlat Universitetining professori, filologiya fanlari doktori Zarifboy Do‘simov “Xonqa” atamasi masalasiga aniqlik kiritib, bunday deb yozadi: “Xonaqo so‘zining Xonqaga aylanishi hodisasini fonetik jihatdan izohlash qiyin. Chunki “a” harfi so‘z o‘rtasida puxta o‘rnashib qolgan. Umuman turkiy tillarda undoshlar orasidan unli tovush tushishi deyarli uchramaydi. Shunday ekan, Xonqaeron tillariga xos “Kantxo” -qishloq, mustahkamlangan shahar so‘zi bilan bog‘liq.[5] . Yana bir ilmiy manbalarda qayd etilishicha, dar – “uzoq, yiroq” va kas yoki xos – “qishloq, qo‘rg‘on”, ya’ni “Uzoqdagi qo‘rg‘on, yiroq” ma’nosini anglatgan. Keyinchalik Xonqa yoki Xonaqoh deb atalgan. Y.G‘ulomovning yozishicha, shaharda mashhur yassaviycha Said otaning o‘g‘li yoki jiyaniga atab qurilgan xonaqo bo‘lgan. Shahar mo‘g‘ullar istilosi davrida vayron etilgan va faqat xonaqo saqlanib qolgan. Keyinchalik xonaqo atrofida hayot boshlangan. Natijada bu xonaqo shahar nomiga aylangan. Xonaqoning Xonqaga aylanishi isbot talab qiladi. Chunki Xonaqodagi a tovushi pozitsiya jihatdan ancha mustahkam va uning tushishi Xorazm shevalari uchun xarakterli emas.[6]

Sanoati[tahrir | manbasini tahrirlash]

Shaharchada paxta tozalash zavodi, „Xonqa guruch“, „Don mahsulotlari“, Oʻzbekiston – Italiya „Meva“ konservalash qoʻshma korxonasi va boshqa ishlab chiqarish korxonalari bor. Savdo tijorat doʻkonlari, dehqon bozori, 40 dan ortiq maishiy xizmat koʻrsatish shohobchalari faoliyat koʻrsatadi.

Infratuzilmasi[tahrir | manbasini tahrirlash]

15 umumiy taʼlim maktabi, 3 madaniyat uyi, 8 kutubxona, madaniyat va istirohat bogʻi aholiga xizmat qiladi. Stadion, 40 sport maydonchasi, sport zali va boshqa sport inshootlari, markaziy kasalxona, poliklinika, dorixona hamda boshqa tibbiy muassasalar mavjud. Xonqadan Urganch, Toʻrtkoʻl, Bogʻot, Hazorasp va boshqa shahar hamda shaharchalarga avtobuslar qatnaydi, Hududdan Urganch – Toshkent poyezdi oʻtadi.

Meʼmorchilik va mashhur kishilari[tahrir | manbasini tahrirlash]

Meʼmoriy yodgorliklardan Sayd ota jomeʼ masjidi (1766, 1912, 1989-yillarda taʼmirlangan) va maqbarasi saqlangan. XVII – XIX asrlarda Xonqadan Dilovarxoʻja, Andalib, Islomxoʻja, Ibrohimxoʻja, Hoji Muhammad Aminaddin oʻgʻli kabi mashhur kishilar yetishib chiqqan.


  1. https://uzsmart.uz/encyclopedia/encyclopedia/65293.html
  2. Xonqa tarixi. Komiljon Nurjonov. Mamalakat Jumaniyozova. Urganch. 2015.
  3. „XONQA TUMANI TOPONIMLARI“. 2023-yil 9-oktyabrda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2023-yil 9-oktyabr.
  4. Yahyo G'ulomov - Xorazmning sug'orilish tarixi. Toshkent. 1959. 150-bet. 
  5. Z.Do‘simov. “Xorazm toponimlari”. Toshkent. Fan nashriyoti. 1985,26-bet. 
  6. Z.Do‘simov, X.Egamov. Joy nomlarining qisqacha izohli lug‘ati. – Toshkent, 1977. 142-bet.