Hazorasp tumani

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Hazorasp tumani
tuman
Tarkibida Xorazm viloyati
Maʼmuriy markazi Hazorasp
Rasmiy tili xorazmcha
Vaqt mintaqasi UTC+5
Xaritada
Hazorasp tumani xaritada
Koordinatalari: 41°19′0″N 61°4′0″E / 41.31667°N 61.06667°E / 41.31667; 61.06667 G O

Hazorasp tumani – Oʻzbekiston Respublikasining Xorazm viloyatidagi tuman. 1926-yil 29-sentabrda tashkil etilgan. Janubdan Turkmaniston, sharqdan Tuproqqalʼa tumani, shimoldan Qoraqalpogʻiston Respublikasi, gʻarbdan Bogʻot tumani bilan chegaradosh. Maydoni 0,45 ming km2. Tumanda 1 shaharcha (Hazorasp), 8 qishloq fuqarolari yigʻini (Beshta, Boʻston, Karvak, Ov-shar, Pichoqchi, Sanoat, Yuqori muhamon, Yangibozor). Markazi – Hazorasp shaharchasi.

Etimologiyasi[tahrir | manbasini tahrirlash]

Tadqiqotchilarning fikriga koʻra Hazorap atamasi ikki qismga Hazor va Asp ga boʻlgan holda oʻrganadi. Yahyo Gʻulomovning fikricha, mazkur qal’ani katta dev qurgan. Dev aldash yoʻli bilan shu yerga suv ichgani keladigan mingta otni qoʻlga kiritadi va ularning qanotini kesib oʻziga oʻrgatadi. Shundan keyin bu yerni mingta ot deya atay boshlaydilar[1]. Tilshunos Y.Jumanazarovning aytishicha, Hazorasp atamasi qabila nomidan olingan. Bu yerda qadimda Hazora-os yoki Os qabilasi degan qabila yashagan. „Doʻsimov Z., Egamov X. Joy nomlarining qisqacha izohli lugʻati“ kitobida Hazorasp atamasi ikkita qismdan tashkil topgan deyilgan. Hazor-xalq nomi va -us koʻplik qoʻshimcha shaklidan iborat ekanligi aytilgan[2]. Oʻzbek tilining toponimlarining oʻquv izohli lugʻati kitobida Hazorasp atamasi Eroniy tillarda hazor(ming koʻp), osiyo(tegirmon), yop(anhor, ariq) koʻp tegirmonni yuritadigan katta ariq soʻzlarining birlashmasi deyiladi[3]. A.Nabiyev Hazorasp soʻzining maʼnosini quydagicha tushuntiradi. Hazor fors-tojik tilida ming, asp ot degan maʼnoni anglatadi. Hazorasp Xorazmning janubiy qismida joylashgan boʻlib bu yerda mingta otliq saqlangan. Dushmanlar hujumi paytida bu yerdan madad kuchlari kelgan deyiladi[4]. Hazorasp muqaddas lov qal’asi, Xorazm otashparastlar oʻlkasi, oʻt-olov, quyoshga sajda qiluvchilar mamlakatidir deyiladiK.Nurjonovning kitobida[5]. Aholi Hazorasp atamasini Hazoros yoki Hazoris deya talqin qiladi[6].

Tabiati[tahrir | manbasini tahrirlash]

Hazorasp tumani Xorazm vohasining janubi-sharqi va Qizilqum choʻlida joylashgan. Yer yuzasi pasttekislik, sharqdan gʻarbga bir oz qiya. Urtacha balandligi 150-200 m. Tuman gʻarbiy qismining shimoliy chekkasi va sharqiy qismining janubi Amudaryo terrasalaridan iborat. Janubiy chegarasi Qoraqum choʻliga tutash. Bu yerlarda choʻl relyefiga xos qum tepalari, qoldiq koʻllar (Hajjalikoʻl, Shoʻrkoʻl, Kepak, Uzunkoʻl, Qurvanak va boshqalar) bor. Pitnak atrofida qirlar joylashgan. Tumanning sharqiy qismini Qizilqum choʻli egallagan. Iqlimi keskin kontinental, yanvarning oʻrtacha temperaturasi – 4,1°, eng past temperatura —32°. iyulniki 27°, eng yuqori temperatura 44°. Yillik yogʻin 100-110 mm. Vegetatsiya davri taxminan 200—210 kun. Tumanning shimoliy va janubdan Amudaryo oqib oʻtadi. Tuman ekinzorlari Amudaryodan suv oladigan Toshsoqa, Hazorasp kanallari va bu kanallardan chiqarilgan Pit-nakarna, Yangiyop, Hassayop, Kartibi-char, Ovsharyop, Muhamonyop va boshqa ariqlardan sugʻoriladi. Tuproqlari allyuvial oʻtloqi, botqoq va shoʻrxoklardan iborat. Sizot suvlari 1-3 m chuqurlikda, qish va bahorda yer yuzasiga koʻtariladi va natijada tuproq yuza qatlamida tuz toʻplanadi. Qish va bahorda tuproq yuvilib oqava suvlar tumanning janlan oʻtgan Kattakoʻl kollekto-riga borib tushadi. Tuman janubida Amudaryoda Oʻzbekistonda eng yirik Tuyamoʻ-yin suv ombori qurilgan. Yovvoyi oʻsimliklardan saksovul, roʻvak, turangʻil, tol, terak, jiyda, bugʻdoyiq, ajriq, shuvoq, semizoʻt, shoʻra, oqbosh, yulgʻun, yantoq, qamish, qoʻgʻa, yakan va boshqa oʻsadi. Yovvoyi hayvonlardan chiyaboʻri, quyon, tulki, boʻrsiq, nutriya, yumronqoziq, ondatra, kaltakesaklar, ilonlar; qushlardan tustovuq, birqozon, oʻrdak, gʻoz va boshqa uchraydi. Tumanning eng janubiy da, Amudaryo boʻyida Qizilqum davlat qoʻriqxonasi tashkil etilgan.

Aholisi[tahrir | manbasini tahrirlash]

Aholisi, asosan, oʻzbeklar, shuningdek, tatar, qozoq, koreys, rus, turkman va boshqa millat vakillari ham yashaydi. Oʻrgacha aholi zichligi 1 km2ga 91,5 kishi. Shahar aholisi 32,9 ming kishi, qishloq aholisi 155,6 ming kishi.

Xoʻjaligi[tahrir | manbasini tahrirlash]

Tuman iqtisodiyotida qishloq xoʻjaligi yetakchi oʻrinda. Paxtachilik, gʻal-lachilik (shu jumladan, sholichilik) rivojlangan. Chorvachilik, pillachilik, bogʻdorchilik, polizchilik ham muhim oʻrin tutadi. Hazorasp tumanida dehqon, fermer xoʻjaliklari faoliyat koʻrsatadi. Tumanda jami ekin maydoni 26,3 ming gektarga yaqin, shundan, 11,3 ming ga yerga paxta, 11,7 ming ga yerga don, 71 ga yerga kartoshka, 752 ga yerga sabzavot, shuningdek, ozuqa ekinlari ham ekiladi (2004). Tumandagi jamoa va shaxsiy xoʻjaliklarida 51,2 mingdan ziyod qoramol (shu jumladan, 23,8 mingdan ziyod sigir), 39,5 mingga yaqin qoʻy va echki, 100,8 ming parranda boqiladi. Paxta tozalash, gʻisht zavodlari, MTP, avtokorxona, qurilish tashkilotlari, taʼmirlash ustaxonalari, mahalliy sanoat korxonalari, toʻqimachilik, palos fabrikalari va boshqa bor. Butun Xorazm vohasi va undan tashqarida Hazorasp shaharchasidagi „Qozoqbozor“ mashhurdir. Tumandagi faoliyat koʻrsatayotgan jami 1200 dan ziyol korxona va tashkilotdan 105 tasi yirik, 14 tasi oʻrta, 76 tasi kichik korxona, 1034 tasi mikrofirmadir. Qoʻshma korxonalardan Oʻzbekiston – Germaniya „Unixo“, Oʻzbekiston – Turkiya „Xorazmshakar“ korxonalari faoliyat koʻrsatadi. Tuman hududida Amudaryo ustiga xalqaro ahamiyatdagi koʻprik qurilgan. Koʻprikdan sutkasiga 14 poyezd, 1000 ta avtomobil oʻtishi moʻljallangan.

49 umumiy taʼlim, bolalar musiqa va sport maktablari, Hazorasp tibbiyot, qishloq xoʻjaligi, iqtiso-diyot, ped. kasb-hunar kollejlari, tuman markaziy kutubxonasi va uning 47 ta tarmogʻi, 35 klub muassasasi, madaniyat uylari, madaniyat va istirohat bogʻi, 2 stadion, sport zallari va boshqa sport inshootlari faoliyat koʻrsatadi. 660 oʻrinli 4 kasalxona (shu jumladan, tuman markaziy kasalxonasi), poliklinika, dorixonalar, 1 uchastka kasalxonasi, 5 qishloq ambulatoriyasi, 12 qishloq vrachlik, 16 feld-sher-akusherlik punktlari, 14 tish davolash poliklinika punkti va boshqa tibbiy muassasalarda 421 vrach (har 10 ming kishiga 22.6 vrach), shuningdek, 1850 oʻrta tibbiy xodim aholiga xizmat koʻrsatadi. Hazorasp tumani hududidan Urganch – Toshkent temir yoʻl va avtomagistraturali oʻtadi. Tuman markazidan Toshkent, Buxoro, Samarqand, Qarshi, Denov va boshqa shaharlarga, Urganch shahri va Xorazm viloyatining barcha shahar va tumanlariga hamda Qoraqalpogʻiston Respublikasining Toʻrtkoʻl, Beruniy shaharlariga avtobus va marshrutli taksilar qatnaydi. Tarixiy va meʼmoriy yodgorliklardan Hazorasp qalʼasi (miloddan avvalgi 76- a.lar), Xumbuztepa, „Sartarosh“, Uchoʻchoq, Doshqalʼa, Juma masjidi (18-asr), Shayx Husay-in bobo maqbarasi (19-asr) va boshqa saqlangan. 1935-yil 21-maydan „Hazorasp-noma“ gazeta chop etiladi.

Komil Nurjonov.



  1. OʻZBEKISTON JOY NOMLARINING IZOHLI LUGʻATI. Toshkent. 2022
  2. Doʻsimov Z., Egamov X. Joy nomlarining qisqacha izohli lugʻati, –T., 1977.
  3. Oʻzbek tilining toponimlarining oʻquv izohli lugʻati. Toʻra Nafasov, Vazira Nafasova. Toshkent. 2007.
  4. Tarixiy oʻlkashunoslik. A.Nabiyev. Toshkent.1995.
  5. K. Nurjonov, „Avesto va Xorazm“, Urganch-2001 yil, 20-bet
  6. Xorazm va Xorazmliklar. Umid Bekmuhammad. Buxoro. 2023.