Tarixiy materializm

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Tarixiy materializm (tarixni materialistik tushunish) — marksizmning jamiyat taraqqiyoti toʻgʻrisidagi qarashi. Jamiyat taraqqiyotining eng umumiy qonunlarini oʻrganuvchi fan sifatida talqin qilib kelindi. Asosiy gʻoyalarini Karl Marx, Friedrich Engels va Vladimir Lenin ilgari surgan. Tarixiy materializm jamiyat moddiy hayoti — ijtimoiy borliqning ijtimoiy ongga nisbatan birlamchiligini eʼtirof etadi; jamiyat taraqqiyotining asosida moddiy ishlab chiqarish usuli yotadi, degan gʻoyaga asoslanadi. Ishlab chiqarish munosabatlarini ustqurmani belgilovchi iqtisodiy struktura (jamiyatning bazisi) sifatida ajratib koʻrsatadi; tarixni ijtimoiy-tarixiy formatsiyalarning almashinuvidan iborat qonuniy tabiiy-tarixiy jarayon, uning natijasida kommunizm qaror topadi, deb tushunadi.

XX asrning 20—30-yillaridan tarixiy materializm dogmalashtirildi va sxemalashtirildi, kommunistik partiyalar siyosatiga boʻysundirildi. Unda sinfiy boʻlinishning saqlanishi, sinfiy kurash, ijtimoiy inqilob kabi voqealarning qonuniy ekanligi va antagonistik formatsiyalarga xosligi uqtirib kelindi. Tarixiy materializm jamiyat taraqqiyoti, uning rivojlanish qonunlarini bir yoqlama yoki boʻrttirib talqin etgan, inson omiliga yetarli eʼtibor bermagan.