Vladimir Lenin

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Vladimir Ilich Lenin (ruscha:Владимир Ильич Ленин, haqiqiy familyasi Ulyanov, 10(22) aprel 1870, Simbirsk — 21 yanvar 1924, Gorki qishlogʻi, Moskva Guberniyasi)- rus va sovet siyosatchisi va davlat arbobi, inqilobchi, Bolsheviklar partiyasining yaratuvchisi, 1917 yildagi Oktabr inqilobining tashkilotchilaridan biri, RSFSR va SSSR Xalq Sovet Kommisarlari raisi, faylasuf, marksistchi, nashriyotchi, marksizm-leninizm yoʻnalishining asoschisi, ideolog va uchinchi kommunistik internationalning tashkilotchisi, Sovet imperiyasining asoschisi. Asosiy izlanish ishlari sohasi — falsafa va iqtisod.

LENIN (Ulyanov) Vladimir Ilich [1870.10 (22).4. Simbirsk (hoz. Ulyanovsk sh.) — 1924. 21.1, Moskva viloyati Gorki qishlogʻi] — Rossiya bolsheviklar (kommunistlar) partiyasining asoschisi. SSSR deb atalgan "qizil imperiya"ning tashkilotchisi. Peterburg "Ishchilar sinfini ozod qilish uchun kurash soyuzi"ni tuzishda qatnashgan. 1895 y. RSDRPning 2-sʼyezdi (1903)da bolsheviklar partiyasiga boshchilik qilgan. 1907 y.dan muhojirlikda yashadi. 1917 y. apr.da Petrogradga kelib, sotsialistik inqilob yoʻlini ilgari surdi. Petrogradda Oktyabr toʻntarishi (1917 y. 7 noyabr)ga rahbarlik qildi. Sovetlarning 2-Butun Rossiya sʼyezdida XKSga rais boʻlib oldi (1917 — 22). L. aksilinqilobiy harakatlar va sabotajga qarshi kurashuvchi Butun Rossiya favqulodda komissiyasi tuzishning tashabbuskori. Uning koʻrsatmasi bilan 1918 y.dan boshlab Rossiyada siyosiy terror avj oldi, muxolif partiyalarning aʼzolari, ziyolilar, ruhoniylar qatagʻon qilindi. 1922 y. L.ning sogʻligʻi yomonlashdi va shu yil dek. oyidan eʼtiboran siyosiy faoliyatda qat-nashmadi. Asosiy asarlari: "Rossiyada kapitalizmning taraqqiysi" (1899), "Nima qilmoq kerak?" (1902), "Materializm va empiriokrititsizm" (1908) "Imperializm kapitalizmning yukrri bosqichi" (1916), "Davlat va revolyusiya" (1917). L.ning jasadi Moskvaning Qizil maydonidagi mavzoleyga qoʻyilgan.

SSSR davrida L. qarashlari mutlaqlashtirilib, uning faoliyati va shaxsiy hayoti ilohiylashtirildi. Uning fikrlariga salgina shubha bilan qaraganlar yoʻq qilindi. Biroq Rossiyadan xorijga joʻnagan ziyolilar va jahon siyosiy arboblarining koʻpchiligi oʻsha paytdayoq uning "kommunizm qurish" rejasi xom xayol ekanligini aytishgan. 20a. 80-y. lari oxiri — 90-y.lari boshida Sharqiy Yevropada sotsializmning tanazzulga uchrashi va SSSRning parchalanishi oqibatida L. nazariyasi asossiz ekanligi uzil-kesil isbotlandi.

L. oʻz siyosiy faoliyatida Turkistonga bolshevizm gʻoyalarini tarqatishga, mintaqani sovetlashtirishga katta eʼtibor karatdi. L. va Stalin Turkiston muxtoriyatini tugatish rejasini qoʻllabquvvatladi. L.ning tashabbusi bilan Turkkomissiya (1919), Turkbyuro (1920), RKP (b) MK Oʻrta Osiyo byurosi (1922) kabi Markazning nazorat qiluvchi organlari tuzildi va Toshkentga yuborildi. Turkiston fronti (1919) tashkil qilinib, oʻlkadagi sovet rejimiga qarshi qurolli harakatni tugatish uchun 200.000 ga yaqin qizil askar Turkistonga joʻnatildi. Markaz yuborgan bolshevistik emissarlarga qarshi chiqqan mahalliy rahbarlarni L. "oʻng ogʻmachilik"da aybladi. L. 1920 y.da Buxoro xonligi (amirligi) va Xiva xonligini qizil armiya tomonidan bosib olinishining tashabbuskori. Buxoro bosqini natijasida katta mikdordagi xazina Moskvaga olib ketildi va uning buyrugʻi bilan iqtisodiy nochor sovet Rossiyasini saqlab qolish uchun sarflandi. L.ning 1920 y. 13 iyundagi koʻrsatmasiga koʻra, yaxlit Turkiston mintaqasini parchalab tashlash jarayoni boshlandi va u 1925 y. boshlarida tugallandi. Shuningdek, L. Afgʻoniston, Hindiston, Xitoy, qisman Eron, Tur kiya kabi Sharq davlatlarida sotsializm qurish haqidagi rejasi uchun Turkistondan tayanch sifatida foydalanishni moʻljallagan edi. L.ning "kommunistik gʻoya"si 20-a. oxirida Oʻzbekistonda ham butunlay tanazzulga uchradi.

Adabiyot[tahrir]

  • Latishev A.G., Rassekrechenniy Lenin, M., 1996; Istoriya Rossii. XX vek, M., 2000; Turkestan v nachale XX veka: k istorii istokov natsionalnoy nezavisimosti, T., 2000.[1]

Manbalar[tahrir]

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil