Shahar lirikasi

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Sipo va iffatli badaviy lirikasidan farqli o‘laroq, Xijoz shaharlarining she’riyati ehtirosli, epikurlik xususiyatiga ega bo‘lgan. Payg‘ambarning siyosiy rahbarlikdan chetlashtirilgan avlodlari va safdoshlari xalifalikning siyosiy va diniy hayotiga qiziqmaganlar. Ular sobiq xudojo‘ylik va diyonatni yo‘qotdilar. Xijozga ziyoratchilar bilan oqib kelayotgan ulkan boyliklar Makka va Madina zodagonlariga hamda savdogarlariga turli-tuman nozik ermaklarga to‘la behuda hayot kechirishi imkonini berardi. I. Yu. Klochkovskiyning fikricha, ildizlari johiliyat davri qasidasining lirik kurtaklariga qaraganda ko‘proq Xijozga Janubiy Arabiston orqali kirib kelgan fors she’riyatiga borib taqaladigan muhabbat she’riyati ana shu muhitda gullab-yashnadi.

Shahar liriklarining eng mashhur vakili, o‘rta asr arablarining fikricha, muhabbat she’riyatining eng katta ustasi Umar ibn Abu Rabi’a (644–712) bo‘lgan. U Madinada boy qurayshiy savdogar oilasida tug‘ilgan, Arabiston, Suriya va Ikki daryo oralig‘i bo‘ylab ko‘plab sayohatlar qilgan, ammo hayotining katta qismini Makkada o‘tkazgan. Rivoyatlarga ko‘ra, Umar quvnoq, mehribon va xushfe’l inson, o‘ziga xos makkalik Don Juan bo‘lgan va hajga kelgan ayollarga xushomad qilish imkoniyatini qo‘ldan bermagan.

Uning ijodida birorta ham madhiya ko‘rmaymiz. Halifa Sulaymonning o‘ziga madhiya bag‘ishlash haqidagi iltimosiga shoir she’rlarida faqat ayollarni kuylashini aytib, rad javobini bergan. Umar ibn Abu Rabi’a janglarni ham, sayohatlarni ham tavsiflamagan, sharobga ham madhiya to‘qimagan. Uning barcha she’rlari faqat muhabbat haqidagi kechinmalardir. Albatta, ularda shoir hayotining haqiqiy voqealari har doim ham ko‘rinmaydi, ammo Ibn Abu Rabi’a she’rlarining ichki hayotiy haqiqatligi shubhasiz. Umarning she’riy asarlari shaklan mahbubasiga nomalarni eslatadi. Odatda bular qisqa, 6–8 baytli she’rlar bo‘lib, javobsiz muhabbat haqidagi hikoyatlar va muhabbat izhorlaridir. Arab she’riyati tarixida birinchi marta muhabbatga oid she’rlarda dialog katta o‘rin egallagan. To‘g‘ri, dialogni o‘z she’rlariga islomgacha bo‘lgan davr shoirlari ham kiritganlar (masalan, Umarga ta’siri shubha tug‘dirmaydigan Imru’ul-Kays), ammo ibn Abu Rabi’a dialogni o‘z she’riy uslubining asosiga aylantirgan.

Ibn Abu Rabi’a she’riyatida badaviylikdan asar ham yo‘q. Shoirning uncha ko‘p bo‘lmagan katta she’rlari orasida bittasi tuzilishiga ko‘ra qasidani eslatadi. Umuman olganda esa, u an’anaviy she’riyatga juda kam o‘xshaydi. SHe’r shoirning mahbubasi huzuriga qilgan sayohati haqidagi hikoyadan boshlanadi. Bu qismda, qadimgi badaviy shoirlardan farqli o‘laroq, Ibn Abu Rabi’a nafaqat jasorati va sabr-matonati bilan maqtanmagan, balki, aksincha, sahrodagi sayohatning qiyinchiliklaridan qattiq shikoyat qilgan. SHundan so‘ng shoir mahbubasi bilan uchrashuvi haqida hikoya qiladi, uni rosa maqtaydi. SHunday qilib, ushbu katta she’r kengaytirilgan nasibni eslatadi; unda, shoirning qisqa she’rlarida bo‘lgani kabi, muhabbat mavzui asosiy o‘rin egallaydi.

Umarning barcha lirik she’rlari ayolga bag‘ishlangan. Shoir o‘ziga zamondosh ayollarning tashqi ko‘rinishi, xatti-harakati va nutqiga xos jihatlarni jonli tasvirlaydi. Umar ibn Abu Rabi’a she’riyatida, ba’zi uzriy liriklarning ijodida bo‘lgani kabi, o‘z qahramonlarining xarakteri va hissiyotlariga qiziqish ilk bor seziladi.

Biroq Umar ibn Abu Rabi’aning psixologik tasvirlari ancha sxematik bo‘lib, ularga individuallik yetishmaydi. Tashqaridan qaraganda uning qahramonlari ham bir-biridan juda kam farq qiladi, chunki ayol go‘zalligini tasvirlashda shoir an’anaviy qiyoslashlardan foydalanadi. Ibn Abu Rabi’a she’riyatining kuchi tafakkurining chuqurligida ham, yorqin yangi obrazlarda ham emas, balki uslubning g‘aroyib nazokatida, she’rlarining oddiyligi va ifodaliligidadir. Umar ibn Abu Rabi’a islomgacha bo‘lgan davrda keng tarqalgan she’riy vaznlari (basit va tavil)dan voz kechgan hamda musiqa ostida ijro etish uchun moslashuvchan va yengilroqlari (xafif, ramal, mutakarib va hokazo)lardan foydalangan.