Olma qurti

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Olma qurti, olma mevaxoʻri (Carpocapsa pomonella) — urugʻli mevalarning zararkunandasi, barg oʻrovchi kapalaklar oilasidan. Olma, behi, nok, baʼzan oʻrik, shaftoli, olxoʻri mevalariga zarar yetkazadi. Mevaning urugʻi va eti bilan oziqlanadi. Olma qurti kapalaklarining qanotlari yozilganida" 18–21 mm, oldingi qanotlari kulrang, kanotlari asosi va uchi qoramtir; keyingi qanotlari och qoʻngʻir, oqish tukli. Soʻnggi yoshdagi qurtlari 14–20 mm, och pushti. Gʻumbak davrida daraxt poʻstlogʻi, toʻkilgan shoxshabba va barglar ostida, tuproqning yuza qavatida, meva omborlari devorlari kavagida, meva yashiklari tirqishlarida qishlaydi. Erta bahorda olma gullaganda pilladan kapalak uchib chiqib, daraxt bargi va gullariga tuxum qoʻyadi. Tuxumlardan 6—8 kundan soʻng qurtlar chiqib, mevalarni zararlaydi. Mavsumda 3—4-marta nasl beradi.

Kurash choralari: erta bahorda daraxt poyasidan eski koʻchgan poʻstloq olib tashlanadi; ildizi atrofidagi tuproq yaxshi yumshatiladi; meva saqlanadigan omborlar va yashiklar dezinfeksiya qilinadi; toʻkilgan mevalar har doim yigʻib olib turiladi; kapalaklar har qaysi naslining paydo boʻli-shi davrida daraxtlar insektitsidlar (fozalon, Bi-58) va boshqa preparatlar bilan ishlanadi.[1]

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil