Namangan muhandislik-texnologiya instituti

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Namangan muhandislik-texnologiya instituti
(NamMTI)
Xalqaro nomi Namangan Institute of Engineering and Technology
Asos solingan 1968 yil
Oʻquv yurti turi institut
Rektori Оdiljоn Оxundadayevich Mamatkarimоv
Talabalari 7988 ta
Manzili Namangan, Namangan shahar, Kosonsoy koʻchasi, 7 – uy
Vebsayti https://nammti.uz

Koordinatalari: 41°0′39.17521890321″N 71°35′34.066420110264″E / 41.0108820052508918°N 71.59279622780840668°E / 41.0108820052508918; 71.59279622780840668 G O

Namangan muhandislik-texnologiya instituti mustaqil Oʻzbekiston Respublikasining koʻzga koʻringan ilm va ziyo maskani boʻlib, hozirgi Markaziy Osiyo davlatlari oliy oʻquv yurtlari orasida munosib oʻrin tutadi. Chunki institutning kechgan 50-yildan ziyodroq tarixi Oʻzbekistondagina emas, butun Markaziy Osiyo, balki undan ham kengroq, joʻgʻrofiy mintaqadagi mutaxassis kadrlar tarbiya topgan nufuzli maskan — Toshkent toʻqimachilik va yengil sanoat institutining shonli yoʻli bilan chambarchas bogʻliqdir. Zero mazkur institutga 1968-yilda asos solingan edi. Binobarin 60-yillarning oxirida Namanganda va butun Fargʻona vodiysida toʻqimachilik va yengil sanoatni keskin rivojlantirish, unga koʻproq malakali mutaxassis kadrlar yetishtirish masalasi boʻyicha katta ehtiyoj sezilardi. Bu ehtiyoj asosida yirik institut shaxobchasining ochilishi oʻsha davr uchun gʻoyat muhim ijtimoiy va madaniy hodisa boʻldi.


Tarix[tahrir | manbasini tahrirlash]

NamMTIning oldingi logotipi

Namangan muhandislik-texnologiya instituti 1968-yilda asos solingan.[tahrir | manbasini tahrirlash]

Namangan muhandislik-texnologiya institutiga asos solishda, uning rivojlanishida va taraqqiy etib bugun yetuk ilmiy maskanga aylanishida Toshkent toʻqimachilik va yengil sanoat instituti jamoasining, Oliy taʼlim vazirligining, koʻplab koʻzga koʻringan fidoiy olimlarning munosib oʻrni va hissasi bor. Biz ularni alohida hurmat va faxr iftixor bilan tilga olamiz.

Eng avvalo mazkur institutni oʻquv-maslahat punkti sifatida tashkil etishga akademik M. A. Xojinova bosh-qosh boʻlganlar. Institut rektorlaridan akademik T. R. Rashidov, professor B. G. Qodirov, dotsent M. F. Axmedov katta yordam koʻrsatganlar.

Dastlab oʻquv-maslahat punkti sifatida ochilgan bu dargohda talabalar ishlab chiqarishdan ajralmagan holda oʻqir edilar.

1968 — 1976-yillar[tahrir | manbasini tahrirlash]

(1968 — 1976 yillarda) Oʻquv maslahat punktiga texnika fanlari nomzodi, dotsent, Soliyev Xamid Soliyevich rahbarlik qildi. Oʻshanda atigi bir kishi fan nomzodi edi.

Ilk tashkil topgan bu ilm maskani Namangan shahrining markazida joylashgan boʻlib, uning 2 ta oʻquv auditoriyasi boʻlgan.

1977 — 1998-yillar[tahrir | manbasini tahrirlash]

1977-yilga kelib, bu oʻquv-maslahat punkti umumtexnika fakultetiga aylantirildi. Shu davr ichida Namangan shoyi va kostyumbop gazlamalar kombinati (hozirgi Namangan tekstil ishlab chiqarish hissadorlik jamiyati) otaligʻidagi 2-kichik tumanda yangi qurilgan oʻquv binosiga koʻchib oʻtdi. Bu 4 qavatli binoda oʻquv-tajriba ishlarini nisbatan keng va mazmunliroq tashkil etish imkoniyati yaratildi. Fakultetga fizika-matematika fanlari nomzodi, dotsent Xusanov Xamidulla Sultonovich dekan etib tayinlandi. Uning saʼyi-harakatlari bilan ilm dargohida sezilarli oʻzgarishlar qilindi. Talabalar soni 500 kishiga yetdi. Ularga taʼlim bergan professor-oʻqituvchilardan 6 kishi fan nomzodlari va katta oʻqituvchilar edi.

1981-yili umumtexnika fakulteti Toshkentdagi bosh institutning shaxobchasiga aylantirildi. Bu vaqtga kelib talabalar soni jami 750 kishiga yetdi. Shaxobchaga oʻshanda tehnika fanlar nomzodi, dotsent Ahmadxoʻjayev Xamid Tursunovich boshliq boʻldi. Unga asosan toʻquvchilik va yigiruvchilik mutaxassisliklari boʻyicha yoshlar qabul qilindi. 1984-yildan kechki va sirtqi boʻlimlarda „Toʻquvchilik, paxta va-kimyoviy tolalarni yigirish“, „Toʻqimachilik mashina va apparatlari“ mutaxassisliklari boʻyicha dastlabki diplom ishlari Namanganda himoya qilindi.

Bunday diplom himoyalari 1987-yildan boshlab kunduzgi boʻlim bitiruvchi talabalari tomonidan ham amalga oshirildi.

Oʻsha vaqtda muhandislik mutaxassisligi boʻyicha 390 kishi kunduzgi, 700 kishi kechki, sirtqi boʻlimlarda 560 kishi taʼlim olganlar. 1988-yilga kelib, shaxobcha 3-kichik tumanda joylashgan binoga koʻchib oʻtdi. Oʻsha yildan boshlab iqtisod fanlari nomzodi, dotsent Nabiyev Xamidxon Nabiyevich direktor qilib tayinlandi.

1990-yildan „Toʻqimachilik sanoati iqtisodiyoti va uni boshqarish“ mutaxassisligiga birinchi marta 25 ta talaba qabul qilindi. Shu vaqtdan iqtisodchi mutaxassislar tayyorlash masalasiga alohida eʼtibor berildi. Keyinchalik 30 ta talaba shu mutaxassislik boʻyicha oʻzbek va rus guruhlariga qabul qilindi.

1992-yilga kelib iqtisodiyot yoʻnalishida yangi mutaxassislik, yaʼni „Sanoatda buxgalteriya hisobi, nazorati va tahlili“ boʻyicha taʼlim yoʻlga qoʻyildi.

1993-yildan „Toʻqimachilik sanoati — iqtisodi va uni tashkil etish“, „Toʻqimachilik mashinalari va apparatlari“, „Toʻquvchilik“, „Poyafzal texnologiyasi“, „Xalq xoʻjaligini yuritish va buxgalteriya hisobi“, „Moddiy resurslarni boshqarish va ishlab chiqarish vositalari“ ulgurji savdosini tashkil etish" mutaxassisliklari ochildi.

Shuni mamnuniyat bilan qayd etish kerakki, 1991-yil 1-sentyabr Vatan va millat tarixidagi kabi institut tarixida ham eng buyuk va oʻchmas kun boʻlib qoldi. Chunki xalqimizning asriy orzusi ming-minglab oʻtgan insonlarning ezgu orzu va armoni boʻlib qolgan milliy Istiqlol tinch va demokratik yoʻl bilan qoʻlga kiritildi. Shundan eʼtiboran hur diyor va millat taqdirida tub burilish, ozodlik, oʻz taqdirini oʻzi belgilash va oʻzini anglash davri boshlandi. Aytish mumkinki, ana shu tarixiy burilish bu bilim dargohi zimmasiga ham katta mas’uliyat va tamoman yangicha vazifalarni yukladi.

1992-yildan, ayniqsa institutda iqtisodiyot yoʻnalishi boʻyicha taʼlim olayotgan talabalar soni ortib bordi. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi tomonidan belgilangan tarkibga binoan hamda oʻqish jarayonini takomillashtirish va taʼlim sifatini yaxshilash maqsadida iqtisodiyot mutaxassisligiga boʻlgan talab-ehtiyojlar ortib borishini hisobga olib, „Iqtisod fakulteti“ tuzish maqsadga muvofiq, deb topildi.

Oʻzbekiston Respublikasi Birinchi Prezidenti Islom Abdugʻaniyevich Karimovning 1992-yil 28-fevraldagi „Respublikaning yangi oliy oʻquv yurtlarini tashkil qilish“ toʻgʻrisidagi Farmoniga asosan Toshkent toʻqimachilik va yengil sanoat instituti Namangan shaxobchasi negizida mustaqil Namangan muhandislik-iqtisodiyot instituti (NMII) tashkil topdi. Institutning birinchi rektori etib iqtisod fanlari nomzodi, dotsent Nabiyev Xamidxon Nabiyevich tasdiqlandi.

Institutning 1993-yil 26-apreldagi ilmiy kengashining 7-sonli qaroriga asosan kunduzgi boʻlim texnologiya fakultetini 2 ta mustaqil fakultetlarga, yaʼni „Texnologiya“ va „Iqtisodiyot-mexanika“ fakultetiga ajratildi. Bu qarorga asosan „Toʻqimachilik sanoati iqtisodi va uni boshqarish“, „Sanoatda buxgalteriya hisobi, nazorati va tahlili“ hamda „Toʻqimachilik mashina va apparatlari“ mutaxassisliklari talabalari „Iqtisodiyot-mexanika“ fakultetiga birlashtirildi.

1993-yildan fakultetda „Marketing“ mutaxassisligi boʻyicha talabalikka qabul qilish boshlandi.

1993 — 1994-oʻquv yilida „Iqtisodiyot-mexanika“ fakultetidagi talabalarning umumiy soni koʻpayishi hisobiga boshqarish ancha murakkablashib qoldi. Oʻquv jarayonini toʻgʻri tashkil etish va uni amalga oshirish, talabalar oʻrtasida taʼlim-tarbiya ishlarini yaxshilash maqsadida fakultetni 2 ta mustaqil fakultetga ajratish ehtiyoji tugʻildi. Institutning 1994-yil 28-martdagi ilmiy kengashining 5-son qaroriga asosan va rektoratning oʻsha yil 19-apreldagi buyrugʻi bilan „Iqtisodiyot-mexanika“ fakulteti 2 ta mustaqil, yaʼni „Iqtisod“ va „Mexanika“ fakultetlariga boʻlindi. Shu vaqtga kelib institutda 3 ta kunduzgi boʻlim va 1 ta kechki va sirtqi fakultetlar faoliyat koʻrsata boshladi, keyinchalik esa kafedralar soni 14 taga yetkazildi.

1998 — 2009-yillar[tahrir | manbasini tahrirlash]

1998 — 2004-yillar davomida institutni Ahmadxoʻjayev Xamid Tursunovich rahbarlik qildi.

2004 — 2005-yillar davomida institutni Xojiyev Abduraxim Xojiyevich rahbarlik qildi.

2009-yildan soʻng[tahrir | manbasini tahrirlash]

2009-yil 1-iyuldan buyon Fizika-matematika fanlar doktori, professor Mamatkarimov Odiljon Oxundadayevich rahbarlik qilib kelmoqda.

Namangan muhandislik-iqtisodiyot instituti Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2011-yil 20-maydagi „Oliy taʼlim muassasalarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash va yuqori malakali mutaxassislar tayyorlash sifatini tubdan yaxshilash chora-tadbirlari toʻgʻrisida“ gi PQ-1533-sonli qarori ijrosini taʼminlash yuzasidan bir qator ijobiy ishlar amalga oshirildi. Jumladan, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2011-yil 25-iyuldagi 212-sonli qaroriga asosan, Namangan muhandislik-iqtisodiyot instituti (NamMII) Namangan muhandislik-texnologiya instituti (NamMTI) ga aylantirildi.

Institut faoliyatining asosiy yoʻnalishlari toʻqimachilik, yengil sanoat va matbaa sanoati tarmoqlari, oziq-ovqat maxsulotlari texnologiyasi, elektr-eneregetika texnologiyasi uchun mashina va asbob-uskunalar, kimyo texnologiyalari, texnologik jarayonlarni avtomatlashtirish, manzarali bogʻdorchilik va koʻkalamzorlashtirish yoʻnalishlari boʻyicha mutaxassislar tayyorlashdan iboratdir.

Oʻquv dargohida dastlab talabalar soni jami 750 nafar boʻlgan boʻlsa, hozirgi kunda 3500 nafardan ortiq 23 ta taʼlim yoʻnalishida bakalavrlar, 7 ta mutaxassislik boʻyicha raqobatbardosh magistrlar tayyorlanmoqda. Shuningdek, Namangan muhandislik-texnologiya instituti (NamMTI) va Saratov Davlat Texnika Universiteti Qoʻshma fakulteti 2018-yil 28-avgustdagi ikki tamonlama shartnomaga asosan tashkil etildi. Qoʻshma fakultetda 3 ta yoʻnalishda bakalavrlar kadrlar tayyorlash faoliyati boshlandi. 05.06.02 „Toʻqimachilik materiallari texnologiyasi va xom-ashyoga dastlabki ishlov berish“ mutaxassisligi boʻyicha katta ilmiy xodim izlanuvchilar yetkazib berilmoqda. Institut tarkibida 5 ta fakultet, 18 ta kafedra, ixtisoslashtirilgan litsey, 6 ta ilmiy — tadqiqot laboratoriyalari „Gulchilik markazi“ va „Innovatsion texnologiyalari markazi“ faoliyat yuritmoqda.

Institutda fanlardan yetishmaydigan darslik va oʻquv-qoʻllanmalar yaratilish rejasiga asosan, 2015-2018 yilgacha 15 ta darslik, 22 ta oʻquv qoʻllanma tayyorlandi va chop ettirildi.

Institutda iqtidorli yoshlarni qoʻllab-quvvatlash va ularni ragʻbatlantirishga alohida eʼtibor qaratilgan.

Institutda tayyorlangan kadrlar „Namangan Paxtasanoat“ XAB, „Namangandonmahsulotlari“ Ochiq aksiyadorlik jamiyati (OCHJ), „Oʻzvinosanoat-holding“ kompaniyasi „Namangan tola tekstil“ Mas’ulyati cheklangan jamiyat (MChJ), „Namangan karbonam“ Aksiyadorlik jamiyat (AJ), Namangan „Mexmash“ Mas’ulyati cheklangan jamiyat (MChJ), „Namimpeks-Tekstil“ Mas’ulyati cheklangan jamiyat (MChJ), Kosonsoy „Al-Aziz“ Mas’ulyati cheklangan jamiyat (MChJ), „Uz-Texs“ Mas’ulyati cheklangan jamiyat (MChJ), „Dambogʻ“ poyafzal savdo ishlab chiqarish xususiy korxonasi, „Vodiy“ yogʻoch savdo hissadorlik korxonasi, „Kosonsoy toʻqimachi“ Mas’ulyati cheklangan jamiyat (MChJ), „Karbonam“Mas’ulyati cheklangan jamiyat (MChJ), „Infin“ bank, „Asaka“ bank, „Xamkor“ bank, „Ipak yoʻli“ bank, „Trast“ bank, „Ipoteka“ bank, „Qishloq-Qurilish“ bank, „Milliy“ bank, „Aloqa“ banklari viloyat hamda Respublika miqyosida hamda Namangan elektr tarmoqlari aksiyadorlik jamiyatida va boshqa xalq xoʻjaligini turli soxalarida yetakchi mutaxassis boʻlib samarali faoliyat koʻrsatmoqdalar.

Rahbariyat[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. Namangan muhandislik texnologiya instituti rektori: Mamatkarimov Odiljon Oxundadayevich
  2. Yoshlar bilan ishlash boʻyicha prorektor: Qayumov Maʼrufjon Usmanovich
  3. Oʻquv ishlari boʻyicha prorektor: Meliboyev Umarjon Xaydarovich
  4. Ilmiy ishlar va innovatsiyalar boʻyicha prorektor: Ergashev Oybek Karimovich
  5. Moliya-iqtisodiyot ishlari boʻyicha prorektor: Sultonov Sahobitdin Yusupovich
  6. Xalqaro hamkorlik boʻyicha prorektor: Maxkamov Anvar Muxamatxonovich

Fakultetlar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. Avtomatika va energetika fakulteti
  2. Iqtisodiyot fakulteti
  3. Kimyo-texnologiya fakulteti
  4. Muhandislik-texnologiya fakulteti

Kafedralar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. Texnologik jarayonlarni avtomatlashtirish va boshqarish
  2. Informatsion texnologiyalar
  3. Energetika
  4. Fizika
  5. Iqtisodiyot
  6. Marketing
  7. Menejment
  8. Buxgalteriya hisobi va audit
  9. Ijtimoiy fanlar va sport
  10. Materiyalshunoslik va yangi materiyallar texnologiyasi
  11. Kimyoviy texnologiya
  12. Oziq-ovqat texnologiyasi
  13. Kimyo
  14. Qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini dastlabki ishlash texnologiyasi
  15. Manzarali bogʻdorichilik va koʻkalamzorlashtrish
  16. Oʻzbek tili va adabiyoti
  17. Chet tillar
  18. Texnologik mashina va jihozlar
  19. Metrologiya, standartlashtirish va sifatni boshqarish
  20. Umumtexnika fanlari
  21. Oliy matematika

Institutning ijtimoiy tarmoqdagi rasmiy sahifalari[tahrir | manbasini tahrirlash]

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]