Naʼmatak

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Naʼmatak (Rosa) — raʼnodoshlar oilasiga mansub butalar turkumi. Boʻyi 3 m cha. Bargi tok, patsimon murakkab, poyada ketma-ket joylashadi. Guli xushboʻy, rangi har xil, yakka yoki 2—3 tadan oʻrnashgan. Mevasi shirali, shakli va rangi har xil, gul oʻrnidagi soxta meva ichida tukli, bir urugʻli yongʻoqchalar joylashgan. N. turlari bir-biridan mevasining shakli, katta-kichikligi, rangi, novda poʻstlogʻining rangi hamda novdadagi tikanlarning oz-koʻpligi va joylanishiga qarab farqlanadi. N. oʻrmonlarda ariq yoqalarida, butalar orasida, togʻ yon bagʻirlarida oʻsadi. Guli chiroyli turlari bogʻlarda, xiyobonlarda va koʻchalarda oʻstiriladi.

Itburun naʼmatak (R. canina) mevasida 4—6%, baʼzan 18% cha C, B2, K, B oilasi vitaminlari, 18 mg% cha karotin, 18% cha qand, 2% cha limon kislota, oshlovchi va b. moddalar boʻlib, tibbiyotda avitaminozning oldini olish va davolashda qoʻllanadi. N.ning manzarali turlari — atirgullardan olinadigan xushboʻy efir moyi (atirgul moyi), asosan, parfyumeriyada, undan tayyorlanadigan atirgul suvi (Aqua Rosae) farmatsevtikada dorilarning hidi va mazasini yaxshilash uchun ishlatiladi.[1]

Manbalar[tahrir]

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil