Muso ibn Nusayr

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Muso ibn Nusayr
Shaxsiy maʼlumotlari
Tavalludi 640
Falastin
Vafoti 716-yil yoki 717-yil
Hijoz
Munosabatlari Abddumalik ibn Marvon ibn Muso ibn Nusayr (nabirasi)
Bolalari
Ota-onasi Nusayr
Harbiy xizmatlari
Janglari

Muso ibn Nusayr (640-716 yoki 717) — Umaviylarning Afrikadagi lashkarboshisi, Magʻrib, Sitsiliya, Kipr va Andalusiyaning fotihi. Toʻliq ismi: Abu Abdurrahmon Muso ibn Nusayr ibn Abdurrahmon ibn Zayd al-Lahmi yal-Bakriy.

Hayoti[tahrir | manbasini tahrirlash]

Muso ibn Nusayr (arabcha: موسى بن نصير) 640-yili (hijriy 19-yil) musulmonlarning ikkinchi xalifasi Umar ibn Xattob davrida Falastin shimolidagi Al-Xalil chekkasidagi qishloqlardan birida tugʻilgan. Otasi Nusayr xalifa Muoviya ibn Abu Sufyon qoʻriqchilarining qoʻmondoni va uning yaqin yordamchilaridan biri boʻlgan. Muso ibn Nusayr yoshligidanoq yozishni oʻrgangan, soʻngra Qur’on va hadislarni yod olgan[1].

Kipr va Rodosning zabt etilishi[tahrir | manbasini tahrirlash]

Muso ibn Nusayr Kipr orolini qaytarib olish uchun yoʻlga chiqqan qoʻshinga sarkarda etib tayinlanadi. Bu yurishda Muso ibn Nusayr gʻalabaga erishdi: Kiprni musulmonlarga qaytardi, u yerda qal’alar qurdi va keyinchalik unga hokim etib tayinlandi. Bundan tashqari, 673-yilda (hijriy 53-yil) Muso ibn Nusayr Rodosni zabt etish uchun yurish qilgan qoʻshin qoʻmondonlaridan biri etib tayinlandi va bu jangda ham musulmonlar qoʻshini gʻalaba qozondi.

Misr hokimining vaziri[tahrir | manbasini tahrirlash]

684-yilda (hijriy 65-yil) Yazid ibn Muoviyaning kichik oʻgʻli qisqa vaqt hukmronligidan soʻng, Marvon ibn al-Hakam musulmonlar hukmdori boʻladi. Shu yilning oʻzida Marvon Misrga qoʻshin tayyorlashni buyuradi. Xalifaning oʻgʻli Abdulaziz ibn Marvon va uning doʻsti Muso ibn Nusayr boshchiligidagi qoʻshin Misrga yoʻl oladi. Qoʻshin ortidan Marvonning oʻzi ham Misrga yetib keladi. U xalifalikning bu muhim qismini Umaviylar hukmronligi ostida birlashtira oldi. Keyin Marvon Misrni tark etib, oʻgʻli Abdulazizni voliy, Muso ibn Nusayrni vazir qilib tayinlaydi.

Muso ibn Nusayr Abdulaziz ibn Marvon huzurida boʻlgan vaqtda uning sirdosh va barcha davlat ishlarida yordam beradigan ishonchli odamiga aylanadi. Bu vaqtga kelib Muso ibn Nusayr siyosat va davlat boshqaruvidagi tajribasini oshirdi. Marvon vafot etgach, uning oʻgʻli Abdulmalik ibn Marvon keyingi Umaviylar xalifasi boʻldi. Abdulaziz ibn Marvon Muso ibn Nusayrni ukasi oldida tez-tez maqtab, davlatga sodiq xizmatini alohida taʼkidlar edi.

Bir kuni Abdulaziz ibn Marvon akasi xalifa Abdulmalik ibn Marvondan maktub oladi, unda ukasi Bishr ibn Marvonni Basraga voliy qilib, Muso ibn Nusayrni esa shaharni boshqarishda yordam beradigan vazir qilib tayinlagani haqida xabar keladi. Koʻp oʻtmay xalifa Abdulmalik ibn Marvon Bishrni Kufa shahriga joʻnatib, Muso ibn Nusayrni Basraga hokim qilib qoldirib, shaharni bir oʻzi boshqargan.

Muso ibn Nusayrning Shimoliy Afrikadagi fathlari[tahrir | manbasini tahrirlash]

Keyinchalik Abdulaziz ibn Marvon Muso ibn Nusayrni Hasan ibn an-Noʻmon oʻrniga Ifriqiya (Shimoliy Afrika) hukmdori etib tayinladi. Koʻp oʻtmay Magʻrib tomon yurish qildi. Chunki avvalgi hokim Hasan ibn an-Noʻmon ketganidan soʻng bu hududlarga barbar qabilalari bostirib kirishgan edi. 706–709-yillarda Magʻribning barbar qabilalariga qarshi yurishda Muso ibn Nusayr ularni magʻlubiyatga uchratib, koʻp qismini Umaviylar hokimiyatiga boʻysundirishdi. Bundan tashqari, Muso ibn Nusayr qoʻshinlari shimoliy va sharqiy Magʻrib boʻylab tarqalib, koʻproq yerlar, istehkomlar va qal’alarni bosib oldilar.

Shundan soʻng Muso ibn Nusayr barbarlar yordamida Afrikaning shimolidagi dengiz sohillarini Vizantiya hukmdori Yulian qoʻl ostida boʻlgan Tanjerni qoʻlga kiritishga qaror qildi. U Toriq ibn Ziyod boshchiligidagi ulkan qoʻshin bilan birga Qayruvondan Tanjer tomonga otlanishdi. Muso ibn Nusayr va uning askarlari Tanjerni qurshab olib, uzoq qamaldan keyin musulmonlar shaharni fath etishdi. Muso bu hududda musulmonlar uchun yangi shaharlar qurdirdi, shahar aholisi islomni qabul qildi.

Muso ibn Nusayrning mavlosi Toriq ibn Sayd 7 ming barbar bilan boʻgʻozdan Ispaniya sohiliga oʻtgan (qarang Gibraltar) va 711-yil Kadiks (baʼzi maʼlumotlarga koʻra Xeres dela Fronter) yaqinida gʻalaba qozongan va osonlik bilan boshqa shaharlarni birin-ketin egallay boshlagan. Muso ibn Nusayrning bunga gʻayirligi kelib 712-yil 18 ming qoʻshini bilan oʻzi ham Ispaniyaga oʻtgan, Toriqni hibsga olib, Ispaniyani zabt etishni oʻzi nihoyasiga yetkazgan. Muso ibn Nusayrning qudrati kuchayib ketishidan xavfsiragan xalifa uni 715-yilda Damashqqa chaqirtirib olgan va mol-mulki tortib olingan[2].

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. „Muso ibn Nusayr — Mag‘rib va Andalusiya fotihi“ (27-dekabr 2022-yil). Qaraldi: 2-may 2024-yil.
  2. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil