Mohir aloqachi koʻkrak nishoni

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
„Mohir aloqachi“ ko'krak nishoni
Mamlakat Oʻzbekiston bayrogʻi Oʻzbekiston
Turi davlat mukofoti
Taqdirlash asosi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalari sohasini rivojlantirishga qo'shgan hissasi uchun
Holati topshiriladi
Statistika
Taʼsis sanasi 2022-yil 29-noyabr

Mohir aloqachi koʻkrak nishoni“ — davlat mukofotlaridan biridir. Ushbu mukofot axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalari sohasini rivojlantirishga katta hissa qoʻshayotgan, oʻzining bilimi va salohiyati hamda yuqori darajadagi kasbiy mahorati bilan boshqalarga namuna boʻlayotgan soha xodimlari mehnatini munosib ragʻbatlantirish maqsadida Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 29-noyabrdagi 681-son qarori bilan taʼsis etilgan[1].

Koʻkrak nishoni bilan axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalari sohasini rivojlantirish, elektron davlat xizmatlarini koʻrsatishning yaxlit tizimini yaratish, davlat organlari va tashkilotlarining aholi bilan muloqot qilishining yangi mexanizmlarini joriy etish, pochta aloqasi xizmatlari va logistika tizimini modernizatsiya qilish ishlariga katta hissa qoʻshgan, oʻzining bilimi va salohiyati hamda yuqori kasbiy mahorati bilan boshqalarga namuna boʻlgan, yosh mutaxassis kadrlarni tayyorlash borasida samarali mehnat qilgan hamda axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalari sohasida kamida 15 yil mehnat stajiga ega boʻlgan fuqarolar va fuqaroligi bo'lmagan shaxslar taqdirlanadi[2].

Hujjatlarni koʻrib chiqish[tahrir | manbasini tahrirlash]

Oʻzbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi tizimidagi tashkilotlar koʻkrak nishoni bilan taqdirlash boʻyicha takliflarni har yili 1-aprelga qadar vazirlikka taqdim etadi.

Nomzodlar boʻyicha taqdim etilgan takliflarga ilova sifatida nomzod haqida maʼlumotnoma, uning soʻnggi uch yil davomida axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalari sohasini rivojlantirish borasida amalga oshirgan ishlari aks ettirilgan tavsifnoma taqdim etiladi. Vazirlik tomonidan 7 nafardan iborat tarkibda komissiya tashkil etiladi.

Komissiya yigʻilishida nomzodlarning tegishli hujjatlari oʻrganilib, har yili 20-aprelga qadar eng munosib nomzodlar boʻyicha yakuniy xulosa qabul qilinadi.

Taqdirlash tartibi[tahrir | manbasini tahrirlash]

Komissiya xulosasi asosida Oʻzbekiston Respublikasi axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirining koʻkrak nishoni bilan taqdirlash toʻgʻrisidagi buyrugʻi har yili 1-mayga qadar chiqariladi.

Koʻkrak nishoni har yili 7-may – aloqa sohasi xodimlarining kasb bayrami arafasida Oʻzbekiston Respublikasi axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri (yoki uning topshirigʻiga muvofiq boshqa mas’ul shaxslar) tomonidan tantanali tarzda topshiriladi.

Koʻkrak nishoni bilan taqdirlanganlarga bazaviy hisoblash miqdorining toʻrt yarim baravari miqdorida bir yoʻla toʻlanadigan pul mukofoti yoki esdalik sovgʻalari beriladi hamda taqdirlanganlar roʻyxati vazirlikning rasmiy veb-saytida eʼlon qilinadi. Bir shaxs koʻkrak nishoni bilan bir marta mukofotlanadi[3].

Tavsifi[tahrir | manbasini tahrirlash]

„Mohir aloqachi“ koʻkrak nishoni diametri 34 millimetrli doira shaklida boʻlib, mis qotishmasidan tayyorlanadi. Koʻkrak nishonining qalinligi 2,5 millimetr.

Old tomonida axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasini anglatuvchi vertikal uzuq chiziqlar fonida Oʻzbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligining rasmiy ramzi hamda uning ostida Oʻzbekiston Respublikasining xaritasi aks ettirilgan hamda pastki qismida balandligi 2 millimetr boʻlgan „MOHIR ALOQACHI“ soʻzlari yozilgan.

Koʻkrak nishonining yuqori tashqi cheti boʻylab aloqani anglatuvchi 2 ta yoysimon chiziqlar tasvirlangan handa old va orqa tomonlarining chetlari qabariq doira bilan oʻralgan.

Orqa tomoni markazida olti qatorda harflarning balandligi 2 millimetr boʻlgan „AXBOROT“, „KOMMUNIKATSIYA“, „TEXNOLOGIYALARI“, „RIVOJIGA“, „QOʻSHGAN HISSASI“, „UCHUN“ soʻzlari yozilgan hamda archa yozuvlar va tasvirlar zarhal rangda boʻlib, qabariqdir.

Koʻkrak nishoni ilgakchalar va halqacha yordamida toʻrtburchak shaklidagi qadagʻichga ulangan. Qadagʻichning eni – 26 millimetr, boʻyi – 17 millimetr. Qadagʻich eni 22 millimetrli moviy rangdagi shoyi lenta bilan qoplangan. Moviy rangdagi shoyi lentada axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalari sohasida sunʼiy intellekt tizimlarini ishlab chiqishda foydalaniladigan neyron tarmoqlarining tasviri aks ettirilgan. Qadagʻichning orqa tomoniga koʻkrak nishonini kiyimga taqib qoʻyish uchun toʻgʻnogʻich koʻrinishidagi moslama oʻrnatilgan.

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. „Mohir aloqach ko'krak nishoni ta'sis etildi“. Gazeta (30-noyabr 2022-yil). Qaraldi: 19-sentabr 2023-yil.
  2. „Mohir aloqach ko'krak nishoni ta'sis etildi“. Xalq so'zi (30-n0yabr 2022-yil). 2023-yil 19-sentyabrda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 19-sentabr 2023-yil.
  3. „Mohir aloqachi ko'krak nishoni ta'sis etildi“. Daryo (30-noyabr 2022- yil). Qaraldi: 19-sentabr 2023-yil.

Havolalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

AXBOROT-KOMMUNIKATSIYA TEXNOLOGIYALARI SOHASIDA “MOHIR ALOQACHI” KO‘KRAK NISHONI VA “O‘Z KASBINING USTASI” BELGISINI TA’SIS ETISH TO‘G‘RISIDA

“Mohir aloqachi” koʻkrak nishoni va “Oʻz kasbining ustasi” belgisi bilan kimlar taqdirlanadi?