Mahmud ibn Husayn ibn Ahmad Ustrushaniy

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Mahmud ibn Husayn ibn Ahmad Ustrushaniy
Shaxsiy maʼlumotlar
Dini Islom
Tanilgan sohasi faqih

Mahmud ibn Husayn ibn Ahmad Ustrushaniy — faqih. (vaf. 1128-yildan keyin).

Mahmud ibn Husayn ibn Ahmad Ustrushaniy oʻz davrida „Jaloluddin“ („Dinning ulugʻ kishisi“) degan sharafli unvonga ega boʻlgan hanafiy mazhabi faqihlaridan biri. Mavjud manbalarda alloma-ning nomi „Sohibu-l-fusul“ning otasi yoki Burhoniddin Margʻinoniyning shogirdi sifatida zikr etilishi, boz ustiga, uning shaʼniga qisqacha madh bitish qonuniyatga aylangani, uning ilm ahli orasida katta obroʻ-eʼtibor va hurmatga sazovor boʻlganidan darak beradi. Mahmud ibn Husayn Ustrushaniyning „Al-favoid“ („Foydalar“) nomli fiqhiy asari maʼlum. Alloma haqidagi muhim maʼlumotni Hoji Xalifa (vaf. 1657 y.) oʻzining „Kashfu-z-zunun“ asarida shunday keltiradi: "Shayx imom ajal mutaqqiy Jalolul milla va-d-din Mahmud Nosiriddin Muhammad ibn Yusuf Husayniy Samarqandiy (vaf. 1161 y.)ning „Multaqot fi-l-fatovo“ („Fatvolardagi saylanmalar“) asarini 1207-yilda Ustrushanada tajnis qilib, (yaʼni tartibga solib, qismga ajratmoq) 1219-yilda Samarqandda imlo qilgan". Bu maʼlumotlardan koʻrinib turibdiki, Ustru­­sha­niylar oilasi 1207-1219 yillar orasi­da Ustrushanadan Samarqandga koʻchib oʻtgan. Shuning­dek, allomaning oʻgʻli Muhammad ibn Mahmud ibn Husayn Ustrushaniy „Jomiʼ ahkomi-s-sigʻor“ („Kichik hukmlar toʻplami“) asarining xotimasida otasi va bobosi haqida shunday yozadi: „Otam Shayxul imom muttaqiy Jalolu-l-milla va-d-din muftiu-l-umma Mahmud ibn shayxul imom ajal kabir majidu-l-milla va-d-din Husayn ibn Ahmad, otamni umrini uzoq qilsin va otasini rahmat qilsin…. va kitobni 1228-yilning 28 iyul kuni kechasi tugatdim“[1]. Yuqoridagi maʼlumotga koʻra, Ustrushaniyning bobosi Husayn ibn Ahmad Ustrushaniy 1228-yildan oldin vafot etgan va otasi Mahmud esa 1228-yilda hayot boʻlgan. Shunga tayanib, Mahmud ibn Husayn Ustrushaniyning vafot sanasini 1228-yildan keyin, deb belgilasak boʻladi[2].


Adabiyotlar[tahrir | manbasini tahrirlash]

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. Муҳаммад ибн Маҳмуд ибн Ҳусайн Уструшаний. Жомиъ аҳкоми-с-сиғор. Дублин шаҳридаги “Честер Битти” кутубхонаси (инв. № 3911).
  2. Ўрта аср шарқ алломалари ва мутафаккирларининг тарихий-фалсафий мероси энциклопедияси. – Самарқанд: Имом Бухорий халқаро маркази, 2016. – Б. 405.