Ishchi kuchi

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Ishchi kuchi (ingl. Labor force, olm. Erwerbspersonenpotenzial) — bu inson aqliy va jismoniy qobiliyatlarining yigʻindisi[1] boʻlib, jamiyatning asosiy ishlab chiqaruvchi kuchi hisoblanadi. Ishchi kuchi mehnat qobiliyatiga ega boʻlgan kishilar uchun xosdir. Lekin ishchi kuchi insonning oʻzi emas yoki uning mehnati ham emas, uning qobiliyatidan iboratdir. Jamiyatning milliy mahsuloti hisobiga ishlab chiqarishning moddiy-ashyoviy omillarigina emas, balki shaxsiy omili, yaʼni ishchi kuchi ham takror ishlab chiqariladi.

Ishchi kuchining miqdori mamlakat aholisining mehnat faoliyatiga layoqatli boʻlgan qismi orqali ifodalanib, u ishchi kuchi resurslari deb ham ataladi. Insonning ishchi kuchi resurslari tarkibiga kiritilishining asosiy mezoni boʻlib uning yoshi va mehnatga boʻlgan qobiliyati hisoblanadi.[2]

Kuala Lumpurdagi oʻz xizmatini taklif qilayotgan ishchi kuchi eʼloni

Ishchi kuchi resurslari[tahrir]

Odatda ishchi kuchi resurslari tarkibiga 16 yoshdan 60 yoshgacha boʻlgan erkaklar, 16 yoshdan 55 yoshgacha boʻlgan ayollar kiritiladi. Lekin ijtimoiy ishlab chiqarish va boshqa cohalarda band boʻlgan nafaqaxoʻrlar ham ishlashi mumkin. Ishchi kuchi resurslarining faol va potensial qismi farqlanadi. Ijtimoiy ishlab chiqarishda band boʻlgan shaxslar ishchi kuchi resurslarining faol qismi hisoblansa, ishlab chiqarishdan ajralgan holda oʻqiyotganlar va vaqtinchalik uy xoʻjaligida band boʻlganlar potensial qismi hisoblanadi.

Ishchi kuchini takror hosil qilish insonning jismoniy kuchlari va aqliy qobiliyatlarini uzluksiz qayta tiklab va taʼminlab turish, ularning mehnat malakasini muttasil yangilab va oshirib borish, umumiy bilim va kasbiy darajasi oʻsishini taʼminlash demakdir. Ishchi kuchini takror yaratish xodimlarni ishlab chiqarishga jalb etishni, tarmoqlar, korxonalar, mintaqalar oʻrtasida ishchi kuchi resurslarini taqsimlash va qayta taqsimlashni, ularning xodimlarga boʻlgan ehtiyojlari qondirilishini va ayni paytda mavjud ishchi kuchining ish bilan toʻla va samarali band boʻlishini taʼminlaydigan ijtimoiy-iqtisodiy mexanizmini yaratishni ham oʻz ichiga oladi. Ishchi kuchini takror hosil qilish nisbatan mustaqil iqtisodiy va ijtimoiy muammo boʻlib, bu muammoning ayrim tomonlari aholining tabiiy harakatlari shaklida namoyon boʻladi. Shu sababli ishchi kuchini takror hosil qilishning asosi aholining tabiiy koʻpayishi hisoblanadi.

Ishchi kuchi insonning mehnatga boʻlgan aqliy va jismoniy qobiliyatlarining yigʻindisi boʻlganligi uchun bozor iqtisodiyoti davrida inson emas, mehnat jarayoni ham emas, balki ishchi kuchi tovar sifatida sotiladi, uning boshqa tovarlar kabi qiymati va nafliligi mavjuddir va binobarin, uning bozori boʻladi. Shuning uchun hozirgi kunda keng qoʻllanilayotgan mehnat bozori tushunchasi oʻrniga ishchi kuchi bozori, mehnat resurslari oʻrniga ishchi kuchi resurslari deyiladi.

Ishchi kuchi resurslarining soni va sifati mamlakat aholisining soni hamda jinsi va yoshi jihatidan tarkibi bilan belgilanadi. Bular esa oʻz navbatida aholining tabiiy harakatlanishiga bogʻliq boʻladi.

Shuningdek qarang[tahrir]

Manbalar[tahrir]

  1. Карл Маркс, „Kapital“, I tom, gl. 4, 5, 17—24
  2. Sh.Sh.Shodmonov, E.Gʻ.Nabiev, U.V.Gʻafurov Iqtisodiyot nazariyasi. Oʻquv qoʻllanma. Toshkent-2007

Havolalar[tahrir]