Guychjou

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

GuychjouXitoyning jan.gʻarbidagi provinsiya. Mayd. 176,3 ming km2. Aholisi 36,5 mln. kishi (1998). Asosan xitoylar, oz qismi mayda millatlar. Maʼmuriy markazi — Guyyan sh.

Guychjou Yunnan-Guychjou togʻligida joylashgan, ohaktosh va slaneslardan tuzilgan. Togʻlik sharqdan gʻarbga 700 m dan 2872 m gacha balandlashib boradi.

Karst keng tarqalgan. Eng katta daryosi — Utszyan. Iqlimi sernam, subtropik iqlim. Yillik yogʻin 800–1300 mm, yogʻinning koʻp qismi yozda yogʻadi. Yanvarning oʻrtacha temperaturasi 4—8°, iyulniki 22— 26°. Tuprogʻi unumdor (laterit, qizil vasariqtuproqlar). Oʻrmonlar, asosan, togʻ yon bagʻirlarida; qimmatbaho yogʻoch beradigan va b. daraxtlar (dub, qaragʻay, choy daraxtlari) oʻsadi.

Guychjou iqtisodiyotining yetakchi tarmogʻi — qishloq xoʻjaligi Mayd.ning 11% dan koʻprogʻi ishlanadi, shundan yarmi sugʻoriladi. Asosiy ekinlari: sholi (ekin mayd. ning 40% i), makkajoʻxori, bugʻdoy, indov, tamaki va b. Mevachilik rivojlangan. Chorvachilik yordamchi ahamiyatga ega; choʻchqa boqiladi, qoramoldan, asosan, ish hayvoni sifatida foydalaniladi. Tung va kamfora moyi ishlab chiqariladi, lak daraxti plantatsiyalari bor, dorivor oʻsimliklar teriladi. Guychjou simob qazib olishda mamlakatda yetakchi oʻrinda (Tunjen); mis (Veynin), marganes rudasi (Szuni), surma (Dushan, Sandu), koʻmir, temir rudasi qazib chiqariladi. Oziq-ovqat, tamaki, toʻqimachilik, kimyo, mashinasozlik (konchilik sanoati uchun mashinalar, transport mashinalari, qishloq xoʻjaligi texnikasi va b. ishlab chiqariladi), qurilish materiallari sanoati, qogʻoz va yogʻochsozlik korxonalari bor. Asosiy sanoat markazlari — Guyyan, Tunjen.

Adabiyotlar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  • OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil