Gaoguy-Teleut xonligi

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Gaoguy-Teleut xonligi
mustaqil xonlik

492 — 540



Til(lar)i teleut tili
Boshqaruv shakli monarxiya
Xon
 - 496—516 Mivotu

Gaoguy-Teleut xonligi. Teleut qabilalarining ajralib chiqishi hamda 492-yilgi davlat toʻntarishi Jujan xonligi tarixida keskin oʻzgarishga olib keldi. Bu davlat Markaziy Osiyodagi hukmronligini yoʻqotib, endi hokimiyat uchun emas, balki yashab qolishi uchun jang olib borishiga toʻgʻri keldi. Oʻldirilgan Doulun oʻrniga oʻtirgan Nagay atiga bir yil hukmronlik qildi, u oʻz idorasi chogʻida amal qilgan shior „hovliqmaslik“ boʻlib, bu oʻtmishdoshining jangovarlik xayollaridan voz kechish degani edi. Nagayning oʻgʻli Futu esa, to imkoni boricha otasi siyosatini davom ettiradi[1].

Nomlanishi[tahrir | manbasini tahrirlash]

Gʻarbiy tele qabilalarini teleut deb atasak qulay, ham toʻgʻri boʻladi, chunki oltoylik teleut qabilalari ularning avlodlaridir, tarqoq holdagi tele qabilalarini esa teleliklar yoki telelar deb atash oʻrinli boʻladi. Shu asnoda, teleut qabilalari yangi joyga oʻrnashib olibgina emas, hatto xun davriga aloqador boʻlmish Yuebanni tor-mor keltirdi. Yangi xalqini ikkiga boʻldi: shimoldagi hukmdor Afuchjilo „Ulugʻ imperator“ unvonini qabul qildi, janubiy hukmdor esa „Valiahd podsho“ unvonini oldi. Ular oʻzlari davlatini qanday nomlaganligi nomaʼlum, biroq xitoylar uni Gaoguy deb ataganlar. Uning lugʻaviy maʼnosi „baland arava“dir. Aynan shu nom bilan bu davlat tarixda qolgan[2].

Gaoguy-Teleut xonligi va Eftallar urushi[tahrir | manbasini tahrirlash]

Teleutlar yashaydigan muhim hudud.

Gaoguy-Teleut xonligi siyosati Xitoyga uygʻunlashtirilgan boʻlib, evaziga u yerdan kiyimbop ipak olmoqchi boʻlgan, ammo bu ipaklar unga naf keltirmagan. 494-yilda eftaliylar Eronni tor-mor qilib, orqa tomonni mustahkamlab, shimolga hujum boshladi. Janubiy Gaoguy-Teleut davlati yashin tezligida tugatildi. „Valiahd podsho“ oʻldirilib, oilasi asir olinadi, aholisi tarqalib ketadi, ularning bir qismi jujanlarga boʻysunsa, bir qismi Xitoy tasarrufidagi hududlarga koʻchib ketadi. 496-yilda esa shimoliy Gaoguy-Teleut xonligi osongina bosib olinadi[3].

Gaoguy-Teleut xonligi Eftallar tarkibida[tahrir | manbasini tahrirlash]

Eftallar asir olingan beklar orasidan Mivotu degan insonni tanlab olib, teleut qabilalarining qolgan qismiga yoʻlboshchi qilib tayinlaydilar. Shunday qilib, Gaoguy-Teleut xonligi eftallarning vassaliga, jujanlarning dushmaniga hamda Xitoyning ittifoqdoshiga aylanib qoldi. Aynan oʻsha vaqtda(497-yil) eftaliylar Qorasharni egallagan boʻlsa kerakki, Turfon vodiysidagi Gaochan bekligining hokimi xitoylik Ju, Xitoy hukumatidan uning fuqarolarini qabul qilib, Xitoy hukumatidan uning fuqarolarini qabul qilib, Xitoy yerlariga joylashtirishni soʻraydi. Biroq gaochanliklar oʻzlari oʻrnashib qolgan joydan ketishni istamaydilar[4].

508-yilgi Teleut-Jujan urushi[tahrir | manbasini tahrirlash]

Gʻarbiy Xitoy oʻlkasida Xitoy manfaatlarini qoʻllat-quvvatlash uchun 508-yilda muntazam qoʻshinning uch ming nafar askardan iborat Min Vey qoʻmondonligida qo’shin joʻnatildi. Bu hududda oʻrnashib olgach, u jujanlarni bir chetga qisib qoʻydi. Futuning Xitoyga yoʻllagan yangi elchiligi javobsiz qoldirildi. Teleut qabilalari jujanlarga qarshi gij-gijlandi. Puley ko’liga yaqin joyda Mivotu jujanlarni 508-yilda magʻlub etdi. Ular janub tomon qochdilar, biroq Beyshan tog’larida Min Veyning Xitoy boʻlinmalari ularni kutib turardi. Vahima bosib orqaga qocha boshlagan jujanlar teleut qabilalariga duch keldilar va yana magʻlub boʻldilar. Qirgʻinda baxtiqaro xon Futu ham halok boʻldi[5].

518-yilgi Teleut-Jujan urushi[tahrir | manbasini tahrirlash]

Halok boʻlgan Futuning vorisi boʻlmish Cheunu Xitoy bilan kelishishga ikki marta urinib koʻrdi va uni faqat kuch-qudratgina qutqarib qolishini anglab yetdi. 516-yilda Cheunu Gaoguy-Teleut xonligiga hujum uyushtiradi, Cheunu Mivotuni yengadi va uni asir oladi. Cheunu Mivotuni qatl etadi. Jujanlardan qutulib qolgan teleut qabilalari eftallarga qoʻshiladilar. Ushbu voqealardan keyin Veyning imperatori Syao-Min-Di 518-yilda Jujan xonligini elchisini qabul qiladi. Unga qaramlik(vasallik) majburiyatini toʻla bajarmaganligi uchun 518-yilda berilgan xayfsan oʻqib eshittiriladi. Bunday tarzdagi qabul har qanday kelishuvga yoʻl ochardi, bu Jujan xonligi chorasiz bir vaziyatdan chiqib olganday bir taassurot qoldiradi[6].

Gaoguy-Teleut xonligining tiklanishi[tahrir | manbasini tahrirlash]

Cheununing qarindoshi Shifaning togʻasi Polominni 521-yilda qoʻzgʻolon koʻtargan teleut qabilalari yengdi. Talatoʻp holatdan teleut qabilalari foydalanib qolishdi: azoblab oʻldirilgan Mivotuning ukasi Ifu Gaoguy-teleut xonligini tikladi va 521-yilda Polominni Xitoyga haydab yuboradi. 521-yil kuzida Anaxuan ukasi Sinf boshchiligidagi gaoguylardan yengilib, ular ham Xitoyga qochadi. Xitoy hukumati muvaffaqaiyatlarni mustahkamlashga qaror qildi. Polominni oʻz tarafdorlari bilan Xitoy ichkarisiga — Koʻkunor koʻli atrofiga, koʻproq ishonch qozongan Anaxuanni boʻlsa, chegaradan tashqariga Dunxuandan shimolroqqa joylashtirdilar. Uch nafar singlisi, eftal shohining qiziga uylangan Polomin oʻsha zahotiyoq eftallar tomon qochmoqni moʻljalladi. Ammo uni ushlab qamadilar va u qamoqda olamdan oʻtdi. Anaxuan ancha bosiq va bardoshli edi. 522-yilda urugʻlik uchun 10 ming qop tariq soʻrab oladi, biroq jujanlar uni yeb qoʻyishgan boʻlsa kerakki, oqibatda 523-yili ocharchilik boʻlib, Xitoy aholisini talaydilar. Anaxuanning ketidan quvish uchun yuborilgan qoʻshin quruq qoʻl bilan qaytadi[7].

Gaoguy-Teleut xonligining tanazzulga yuz tutishi[tahrir | manbasini tahrirlash]

524-yilda Vey imperiyasining eng shimolida Vo-Ye qal’asida boshlangan isyon uchquni alanga olib shiddat bilan tarqala boshladi. Anaxuan bu qo’zg’olonni bostirish uchun shaylandi va 525 -yil bahorida isyonchilarni tumtaraqay qildi. Bu ishi uchun u „har turli narsalardan iborat“ mukofot oldi va toʻliq kechirilishga erishdi. Navbat Gaoguy-Teleut xonligiga yetdi. Teleut qabilalari bilan yakkama-yakka qolgan jujanlar ularni yanchib tashladi. Urushni davom ettirishga harakat qilgan Ifu oʻz ukasi Yueguy tomonidan oʻldirildi, 534-537-yillardagi urushdagi urushda Yueguy ham tor-mor keltirildi. Ifuning oʻgʻli Bidi esa amakisini oʻldirib, qarshilik qilayotganlarga boshchilik qildi. 540-yili Bidini jujanlar magʻlub etgach, Gaoguy-Teleut xonligi davlat sifatida yer yuzidan yoʻqoldi[8].

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  • N.Ya.Bichurin. Sobranie svedeniy…, j.
  • L.N.Gumilev. Qadimgi turklar.T. „Fan“. 2007.

Havolalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. N.Ya.Bichurin.Sobranie svedeniy…,j.195-b
  2. N.Ya.Bichurin. Sobranie svedeniy…, j. 217-b
  3. L.N.Gumilev. Qadimgi turklar.T. „Fan“. 2007. 22-bet
  4. N.Ya.Bichurin. Sobranie svedeniy…, j. 217-b
  5. L.N.Gumilev. Qadimgi turklar.T. „Fan“. 2007. 23-bet
  6. N.Ya.Bichurin. Sobranie svedeniy…, j. 197-b
  7. N.Ya.Bichurin. Sobranie svedeniy…, j. 204-b
  8. L.N.Gumilev. Qadimgi turklar.T. „Fan“. 2007. 26-bet