Tariq

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Oddiy tariq (Panicum miliaceum)

Tariq (inglizcha: Panicum L.) — boshoqdoshlar oilasiga mansub bir yillik oʻsimliklar turkumi; don ekini.

Vatani Xitoy va Mongoliya. Osiyo, Amerika, Afrikada keng tarqalgan. Afgʻoniston, Hindiston, Janubiy Yevropa, Rossiya, Gruziya, Armaniston, Qozogʻistonda katta maydonlarga ekiladi. 500 ga yaqin turi bor. Tariq qadimdan ekiladigan oʻsimlik. Osiyo, Yevropa va Shimoliy Amerikada miloddan avvvalgi 3-ming yillikdan oʻstirilgan, Xitoyda 5 ming yildan beri ekib kelinadi.

Oʻzbekistonda koʻpincha bahorikor yerlarga doni uchun 1 turi — oddiy tariq (Panicum miliaceum L) ekiladi. Oddiy tariq roʻvagining shakliga qarab yoyiq, chochoq, siqiq, oval, yarim gʻuj va gʻuj kenja turlarga boʻlinadi. Ildizi popuksimon, 150 sm chuqurlikkacha boradi. Poyasi — poxolpoya (20—150 sm). Barglari nashtarsimon, tukli yoki tuksiz, yashil yoki qizgʻish, uzunligi 18—65 sm. Guli ikki jinsli. Doni qobiqli, shakli yumaloq, oval yoki choʻziq, rangi oq, sariq, qizgʻish, jigarrang; 1000 donasining vazni 4—9 g.

Tariq issiqsevar, qurgʻoqchilikka, shoʻrga chidamli oʻsimlik. Urugʻi harorat 8—10° boʻlganda unib chiqadi, 12—15° da maysalari koʻkara boshlaydi. Oʻsuv davri 60—100 (120) kun. Lalmi yerlarga aprelning oxiri — may oyining boshlarida, sugʻoriladigan yerlarda aprel oxirida, takroriy ekin sifatida iyunning oxiri — iyulning boshlarida ekiladi.

Tariq donida 10—15% oqsil, 50% uglevod, 3,8% moy mavjud. Donidan spirt olishda, boʻza tayyorlashda foydalaniladi, soʻk, yorma, un tayyorlanadi. Oqlangan doni (soʻk) mazali va toʻyimli oziq-ovqat mahsuloti hisoblanadi. Tariq uni non yopishda koʻpincha javdar uniga qoʻshiladi. Oʻzbekistonda tariqning Saratov-853 navi ekiladi.

Kasalliklari: qora kuya, bakterioz.

Zararkunandalari: tariq chivini, poya parvonasi va boshqa.

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil. Halima Otaboyeva.