Abu Bakr ibn Ayyosh

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Abu Bakr Shu’ba ibn Ayyosh ibn Solim al-Asadiy al-Kufiy
Shaxsiy maʼlumotlar
Tavalludi milodiy 713-yil (hijriy 95-yil)
Vafoti milodiy 809-yil (hijriy 193-yil)
Dini Islom
Tanilgan sohasi qiroat roviysi, muhaddis, faqih

Abu Bakr ibn Ayyosh (arabcha: أبو بكر بن عياش — Abu Bakr Shu’ba ibn Ayyosh ibn Solim al-Asadiy al-Kufiy) — qiroat roviysi, muhaddis va faqih.

Bani Asad qabilasidan Vosil al-Ah­dabning mavlosi bo‘lgani uchun al-Asadiy nisbasini olgan. Ismi borasida turli qarashlar mavjud bo‘lib, manbalarda Muhammad, Shu’ba, Ravba, Muslim va boshqa keltirilgan. Ular orasida Shu’ba eng mashhuri hisoblanadi. Abu Bakr ibn Ayyosh bug‘doy tijorati bilan shug‘ullangani bois unga „Hannot“ laqabi berilgan.

Qiroat ilmi[tahrir | manbasini tahrirlash]

Abu Bakr ibn Ayyosh mashhur yetti qiroatning roviylaridan biri. U qiroat ilmini Osimdan o‘rganib, Qur’onni ustoziga uch marta xatm qilib bergan. Undan boshqa hech kimdan Qur’on va qiroat darslarini o‘rganmagan. Ushbu maqsadda qariyb uch yil (boshqa rivoyatda yetti yil) ustozining yoniga qatnagani bayon qilinadi. Osim esa, Abu Abdurrahmon as-Sulamiydan o‘rgangan qiroatni Hafs ibn Sulaymonga, Zirr ibn Hubayshdan o‘rgangan qiroatni esa Abu Bakr ibn Ayyoshga o‘qitganiga ko‘ra, Abu Bakr ibn Ayyoshning qiroat rivoyatidagi sanadi Osim — Zir ibn Hubaysh — Abdulloh ibn Mas’ud — Payg‘ambarga borib tutashadi.

Abu Bakr ibn Ayyosh qiroatni faqat Osimdan o‘rgangani bois, uning ko‘plab shogirdlari orasida o‘z o‘rnini topgan va kufaliklarning Osim qiroati bo‘yicha eng ishonchli kishilaridan sanalgan. U Osimning o‘gay o‘g‘li Hafs bilan birga bu qiroatning saqlanib qolishiga sabab bo‘lgan. Ibn Mujohidning „Kitāb as-sab’a“sidan so‘ng yetti qiroat imomlarining roviylari sonini ikkita bilan chegaralab taʼlif qilingan manbalarda Osimning ikki roviysidan biri sifatida Abu Bakr ibn Ayyoshning rivoyati asos qilib olingan. Ilk davrlarda Abu Bakr ibn Ayyosh Qur’oni karimni 520 o‘rinda Hafsga nisbatan farqli o‘qigan. Uning qiroatdagi rivoyatiga Osimning Hafs va boshqa shogirdlariga qaraganda ko‘proq ishonilgani aytilgan bo‘lsa-da, vaqt o‘tib u qilgan rivoyatning yoyilishi to‘xtagan. Uning rivoyatlari ko‘plab qori va roviylarning qiroat hamda rivoyatlarida bo‘lgani kabi qiroat ilmiga oid kitoblar orasida saqlangan.

Hadislari[tahrir | manbasini tahrirlash]

Abu Bakr ibn Ayyosh ustozi Osim, Abu Ishoq as-Sabiiy, Humayd at-Taviyl, Aʼmash, Habib ibn Abu Sobit, Hishom ibn Urva kabi olimlardan hadis rivoyat qilgan. Undan esa Abdulloh ibn Muborak, Vakiy’, Abu Dovud at-Tayolisiy, Ahmad ibn Hanbal, Abu Bakr ibn Abu Shayba va boshqa mashhur muhaddislar hadis rivoyat qilganlar. Imom az-Zahabiy qiroatda mohir bo‘lsa-da, hadis borasida baʼzan g‘arib va munkar hadislar rivoyat qilganini taʼkidlaydi. Yahyo al-Ulaymiy, Abu Yusuf al-Aʼsho, Abdulhamid ibn Solih al-Burjumiy va qiroati sab’a imomlaridan Kisoiy va boshqa ko‘plab olimlar undan qiroat ilmini o‘rganganlar. Abu Bakr ibn Ayyosh o‘limiga yaqin yigirma yilcha qiroat o‘qitishni to‘xtatib, bu ilmga doir ixtiloflarni rivoyat etish bilan mashg‘ul bo‘lgan. Yahyo ibn Odam ularni yozib borgan hamda bu Osim qiroatining yozma shaklidan biriga aylangan.

Qurʼon ilmi[tahrir | manbasini tahrirlash]

Manbalarda Abu Bakr ibn Ayyosh qirq yil davomida har kun Qur’oni karimni xatm qilgan (baʼzi xabarlarga ko‘ra, umri davomida 18000 marta), bekorchi so‘zdan tiyilgan, riyoni xushlamagan, sunnatga bog‘langan va halol-harom tushunchasida qatʼiyligi bilan tanilgan.

Abu Bakr ibn Ayyosh xalqul-Qur’on (Qur’onning maxluqlik masalasi) mavzusidagi tortishuvlarga ham aralashib, Qur’onni maxluq degan kishi kofir, zindiq va Allohning dushmani bo‘lishini aytib, bu borada ahli sunnaning yo‘lini tutgan.

Asari[tahrir | manbasini tahrirlash]

  • „Ajzāu salāsӣn“. Ushbu asar Qur’oni karimning 30 juzga bo‘linishi haqida[1].

Adabiyotlar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. Al-Buxoriy. At-Tarӣx al-kabӣr. IX, 14;
  2. Az-Zirikliy. Al-Aʼlām. III, 165;
  3. Ibn Mujohid. Kitāb as-sab’a fi-l-qirāa. — Qohira: 1972. 70-71, 94-95;
  4. Az-Zahabiy. Siyar. VIII, 495-508;
  5. Az-Zahabiy. Maʼrifa al-qurrā. I, 92, 134-138;
  6. Az-Zahabiy. Mӣzān al-i’tidāl. II, 112;
  7. Ibn al-Jazariy. Gʻāya an-nihāya. I, 254, 325-327, 460;
  8. Tayyar Altikulaç. „Ebû Bekir b. Ayyâş“. TDV İA. — İstanbul: 1994. X, 109-110.

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. Ислом энциклопедияси (oʻzbekcha,), 2020-yil. ISBN 978-9943-59-267-4.