Abdulloh ibn Yazid al-Adaviy

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Abu Abdurrahmon Abdulloh ibn Yazid al-Adaviy al-Muqriy
Shaxsiy maʼlumotlar
Tavalludi milodiy 739-yil (hijriy 120yil)
Vafoti milodiy 828-yil (hijriy 213-yil)
Dini Islom
Tanilgan sohasi muhaddis, qori

Abdulloh ibn Yazid al-Adaviy(arabcha: عبد الله بن يزيد العدوي — Abu Abdurrahmon Abdulloh ibn Yazid al-Adaviy al-Muqriy, 120/739,? — 213/828, Makka) — muhaddis va qori.

Hayoti[tahrir | manbasini tahrirlash]

Manbalarda tug‘ilgan yili hijriy 113-yil deb ham ko‘rsatilgan. Al-Muqriy laqabi bilan mashhur bo‘lgan. Uzoq umr ko‘rgan, umrining ko‘p qismini Qur’on va hadisni o‘rganish hamda o‘rgatishga bag‘ishlagan. Chunonchi, umrining o‘ttiz olti yilini Basrada, o‘ttiz besh yilini Makkada Qur’onni o‘qitish bilan o‘tkazgan. Makkada uzoq yillar davomida istiqomat qilgani uchun Shayx al-Haramayn nomi bilan ham tanilgan.

Hadislari[tahrir | manbasini tahrirlash]

Abdulloh ibn Yazid al-Adaviy qiroat ilmini mashhur qiroat imomi Nofe’dan tahsil olgan. Shu bilan birga, Abu Hanifa, Kahmas ibn al-Hasan, Shu’ba ibn Hajjoj, Sa’id ibn Abu Ayyublar va Basraning mashhur muhaddisi Ibn Avndan hadis o‘rgangan. Imom al-Buxoriy, Ahmad ibn Hanbal, Ishoq ibn Rohavayh, Abu Bakr ibn Abu Shayba va boshqalarga hadisdan taʼlim bergan. Ishonchli roviylardan bo‘lgan Abdulloh ibn Yazid al-Adaviyning rivoyatlari, avvalo „Kutubi sitta“, qolaversa, boshqa ko‘pgina hadis kitoblarida zikr qilingan. Imom al-Buxoriy uning rivoyatlaridan o‘n ikkitasini „Al-Jāmi’ as-sahӣh“, o‘n beshtasini „Al-Adab al-mufrad“ asarlariga kiritgan. Abdulloh ibn Yazid al-Adaviyning oliy isnod rivoyatlari Abu Bakr Ahmad ibn Jaʼfar al-Qati’iyning besh juzlik „Qati’iyyāt“ nomli asarida keltirilgan. Asarning Abdulloh ibn Yazid al-Adaviy ri­voyat qilgan hadislardan tashkil topgan „Ahādӣs Abӣ Abdirrahmān Abdullāh bin Yazӣd al-Muqrӣ mimmā vāfaqa-l-Imām Ahmad“ nomli o‘n besh betlik bir juzi bugungi kunimizgacha yetib kelgan.

Vafoti[tahrir | manbasini tahrirlash]

Abdulloh ibn Muborak ham uni sharaflagan. Abdulloh ibn Yazid al-Adaviy umrining to‘qsoninchi yillarida vafot etgan[1].

Adabiyotlar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. Al-Buxoriy. At-Tarӣx al-kabӣr. — Haydar­obod: 1941-60. V, 228;
  2. Az-Zahabiy. Tazkira al-huffāz. — Haydarobod: 1955-58. I, 367;
  3. Ibn al-Jazariy. Gʻāya an-nihāya. — Qohira: 1932-33. I, 463-464;
  4. Ibn Hajar. Tahzӣb at-tahzӣb. VI, 83-84;
  5. Sezgin. GAS. I, 99-100; Ali Yardım. „Abdullah b. Yezîd el-Adevî“. TDV İA. — İstanbul: 1988. I, 143.

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. Ислом энциклопедияси (oʻzbekcha,), 2020-yil. ISBN 978-9943-59-267-4.