Abdulloh ibn Hubayq

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Abu Muhammad Abdulloh ibn Hubayq ibn Sobiq al-Mavsiliy al-Antokiy
Shaxsiy maʼlumotlar
Vafoti
Dini Islom
Tanilgan sohasi

hadis rivoyat qilgan

ilk davr so‘fiylaridan

Abdulloh ibn Hubayq — (arabcha: عبد الله بن حبیق — Abu Muhammad Abdulloh ibn Hubayq ibn Sobiq al-Mavsiliy al-Antokiy —?, Kufa —?) — hadis rivoyat qilgan ilk davr so‘fiylaridan.

Hayoti[tahrir | manbasini tahrirlash]

Kufada tug‘ilgan. Tavallud va vafot yillari maʼlum emas. Zamonasining muhim madaniy markazlaridan bo‘lgan Antakiyaga ko‘chib, o‘sha yerda yashaydi. Do‘sti, ustozi va ayni vaqtda hadisdagi shayxlardan bo‘lgan Yusuf ibn Asbot (vafot etgan yili: 196/811-12-yil) yonida kamolga yetishadi. Fiqh va tasavvufda muridlari bilan do‘stlik rishtasini qurgan Sufyon as-Savriyning yo‘lini tutgan. Fuzayl ibn Iyoz va Bishr al-Hofiylardan naql keltirganiga ko‘ra, bu ikki so‘fiy bilan ham suhbatda bo‘lganini taxmin qilish mumkin.

Taʼriflar[tahrir | manbasini tahrirlash]

Abdulloh ibn Hubayq so‘fiy tazkiralarda oliy sanad bilan hadis rivoyat qilgan roviy sifatida zikr qilinadi. Hadis ilmidagi ustozlari va shogirdlarini zikr qilish bilan cheklangan hadis munaqqidlari, uning rivoyatlarining qiymati haqida fikr bildirmaganlar. Ibn Abu Hotim „Al-Jarh va-t-taʼdӣl“ nomli asarida Abdulloh ibn Hubayq bilan ko‘rishgani, biroq undan hadis yozib olmaganini naql qiladi. Hujviriy „ummat ichida Hazrat Yahyo zuhdining sohibi“, deya taʼriflagan Abdulloh ibn Hubayqning tasavvufga oid asarlarda naql qilingan so‘zlaridan, uning zuhd davri tasavvufining asosiy tushunchalarini izohlagani tushuniladi.

Qarashlari[tahrir | manbasini tahrirlash]

Xavf va rajo, haromdan saqlanish, nafs tarbiyasi, qalb sofligi, amal, ixlos, ibodat zavqi kabilar mazkur tushunchalarning bosh mavzusidir. U tasavvufdagi xavf va rajo tushunchasini quyidagicha zikr qiladi: inson faqatgina oxiratda zararini ko‘radigan ishdan saqlanishi va oxiratda o‘ziga foyda keltiradigan amal bilan band bo‘lmog‘i kerak.

Bu jihatdan eng foydali qo‘rquv (xavf) — bu gunohlardan man qilgan, qo‘ldan ketgan narsaga xafa bo‘lishdan asragan va qolgan umr haqida fikrlashga yo‘naltiruvchi qo‘rquvdir.

Eng foydali umid (rajo) esa — kishiga asosni topishi uchun amalni osonlashtirgan, harakatlantiruvchi tuyg‘udir.

Shunga binoan, uch turli rajo mavjud: bajarilgan solih amalning qabul bo‘lishidan umid qilish, yomon amaldan so‘ng tavba qilib afv qilinishdan umid qilish hamda gunoh qilishda davom etib, kechirilishdan umid qilish. Bu oxirgisi yolg‘onchi odamning soxta rajosidir. Holbuki, nafs yomonligini tanigan kimsaning qo‘rquv holati, umid holatidan g‘olib bo‘lishi lozim. Boshqa ilk davr so‘fiylari kabi Abdulloh ibn Hubayq ham amal va ibodatga katta ahamiyat bergan, faqat amaldagi ixlos va ibodatlardagi rohat ustida ko‘proq to‘xtalgan. Unga ko‘ra, ixlos amaldan qiyinroq va bu xususiyatdagi amaldan insonlarning ko‘pi ojizdirlar. Buning ustiga amal ilohiy azob­ga qarshi taʼminot ham emas. Shu bois u, ibodatlarning oxiratdagi foydasini tushunishdan ko‘ra bu dunyoda erishiladigan toat lazzatiga eʼtibor bergan, qalbning ibodatdan zavq olmasligini u ibodatning nuqsonligi va kishining bir muncha xatolar ichida ekaniga ishora, deb sanagan[1].

Adabiyotlar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. Ibn Abu Hotim. Al-Jarh va-t-taʼdӣl. — Haydarobod: 1371-73/1952-53. V , 46;
  2. Abu Nuaym. Xilya al-avliyā. — Bayrut: 1387/1967. X, 169;
  3. Al-Hujviriy. Kashf al-mahjӯb. — Istanbul: 1982. 229;
  4. Ash-Shaʼroniy. At-Tabaqāt al-kubrā. — Qohira: 1373/1954. I, 83;
  5. Al-Munoviy. Al-Kavākib ad-durriyya. — Qohira: 1357/1938. I, 254;
  6. Arusiy. Natā­ij al-afkār. — Damashq: I, 131-133;
  7. Mustafa Bilgin. „Abdullah b. Hubeyk“. TDV İA. — İstanbul: 1988. I, 107.


Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. Ислом энциклопедияси (oʻzbekcha,), 2020-yil. ISBN 978-9943-59-267-4.