2017-yil martdagi Kobul hujumi

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
2017-yil martdagi Kobul hujumi
Afgʻonistondagi urush (2001—2021)
Joylashgan Dovud xon harbiy gospitali
Kobul Afgʻoniston
Sana 2017-yil 8-mart
Hujum turi
Xudkush hujumi, otishma, garovga olish
Qurol Xudkush kamarlar, avtomatlar, granatalar, pichoqlar
Halok boʻlganlar 49–100+
Jarohat olganlar
63+
Jinoyatchilar Iroq va Shom Islom Davlati (tan olgan)
Haqqoniy tarmogʻi qoʻllab-quvvatlagan (gumon qilingan)

2017-yil 8-mart kuni Afgʻonistonning Kobul shahrida joylashgan Dovud Xon harbiy gospitaliga bir guruh qurolli shaxslar hujum qildi. Hujumchilarning ba’zilari oq shifoxonsa liboslarida edi. Hukumat rasmiylari bir necha soat davom etgan hujumda kamida 49 kishi halok boʻlgani, 63 kishi yaralanganini tasdqiladi. Tasdiqlanmagan ma’lumotlarga koʻra, 13-mart sanasiga kelib qurbonlar soni 100dan oshgan, yaradorlar esa noma’lum qoldi[1]. Iroq va Shom Islom Davlati hujum uchun javobgarligini e’lon qilgan boʻlsa-da, rasmiylar hujumda “Haqqoniy” tarmogʻini gumon qilgan[2][1].

Hujum[tahrir | manbasini tahrirlash]

Mahalliy vaqt bilan taxminan 9:00da xudkush terrorchi Kobulning Prezident saroyi va Hamid Karzay xalqaro aeroporti joylashgan badavlat Vazir Akbar Xon tumanidagi shifoxonaning orqa kirish eshigida oʻzini portlatib yubordi. Tibbiyot xodimlari kiyimidagi kamida 5 nafar hujumchi[1] binoga kirib, yuqori qavatlarga chiqishgan. Hujumda armiya generali va sobiq vazirning qarindoshi davolanayotgan VIP qanotga alohida e’tibor qaratilgan[1][3]. Jangarilar hujum davomida hech kimni ayamagan. Voqea guvohi “oq xalat kiygan va qoʻlida Kalashnikov avtomati boʻlgan shaxslar hammaga, jumladan qoʻriqchilar, bemorlar va shifokorlarga qarata oʻt ochganligi” haqida aytgan[4]. Keyingi xabarlarda jangarilar toʻshakda yotgan bemorlarni pichoqlagani, bemorlar bilan toʻla palatalarga granatalar uloqtirgani, ayollar va bolalarning boshiga oʻq uzilgan vahshiy hujum haqida soʻz boradi[1]. Hujumchilar kasalxona tomi orqali harbiy kuchlar kiritilishiga qadar taxminan 7 soat davomida[3] binoni egallab turishdi. Harbiylar hujumchilarni zararsizlantirishga muvaffaq boʻlishdi[4]. Kobulda joylashgan Norvegiyaning Marinejegerkommandoen nomli maxsus kuchlari janglarda qatnashmagan boʻlsa-da, afgʻon harbiy operatsiyasini har tomonlama qoʻllab-quvvatlagan[5].

Oradan bir necha kun oʻtgach OAVda hujum boʻyicha xabarlar paydo boʻldi. Ularda hujumchilar bir vaqtning oʻzida hujumga oʻtgani haqida soʻz borgan. Insayderlar ham ushbu xabarlarni tasdiqlagan. Omon qolgan xodimlar kasalxonada bir necha oy davomida ishlagan 20 yoshlardagi ikki stajyorni hujum ishtirokchisi deb hisoblashgan. Ulardan biri xudkush-hujumchi boʻlgan. Afgʻoniston rasmiy manbalari ham keyinroq ushbu ma’lumotlarni tasdiqlagan. Mudofaa vazirligi matbuot kotibi Muhammad Radmanish “hujum ham tashqaridan, ham ichkaridan amalga oshirilgan. […] buni ichkaridagi odamlar yordamisiz amalga oshirib boʻlmaydi” deb axborot bergan[1][6].

Mudofaa vazirligi matbuot kotibi general-mayor Davlat Vaziriyning shifoxona hujumchilardan tozalanganidan koʻp oʻtmay bergan bayonotiga koʻra, hujum natijasida 30ga yaqin odam halok boʻlgan, ellik kishi yaralangan[3]. 9-mart kuni Kobul kasalxonalar tarmogʻi direktori Salim Rassuli qurbonlar soni 49 kishiga yetgani, 63 kishi yaralanganini ma’lum qildi[7]. 13-mart sanasida koʻplab manbalar, jumladan tirik qolganlar va afgʻon xavfsizlik kuchlari xodimlari qurbonlar va jangarilar soni avvaliga taxmin qilinganidan ancha koʻp ekanligi, 100dan ortiq kishi halok boʻlgani va koʻpchilik yaralangani haqida xabar bergan[1]. “Islomiy Davlat”ga aloqador Amaq axborot agentligi hujumchilar va qurbonlarning suratlarini tarqatdi[4]. Terroristik guruhlarning onlayn faolligini kuzatuvchi SITE Intelligence Group bu tashkilotning hujum uchun javobgarlikni oʻz zimmasiga olish uslubi ekanligi haqida xabar bergan[3]. Biroq, hukumat amaldori hujumning murakkab ekanligi, shuningdek, Tolibon a’zolari joylashgan ikki qavat hujum nishoni boʻlmaganini ta’kidlab, bu da’volarga shubha bilan qaradi. Omon qolganlar hujumchilar telefon orqali Mulla Sohib ismli shaxs bilan aloqada boʻlganligi, shuningdek, pushtu tilida “Yashasin Tolibon” deya hayqirgani haqida aytgan. Oʻtmishda shu kabi puxta hujumlar uyushtirgan Haqqoniy tarmogʻiga ham shubha qilingan[1].

Reaksiyalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

Afgʻoniston prezidenti Ashraf Gʻani va Ijroiya rahbari Abdulloh Abdulloh ham Birlashgan Millatlar Tashkiloti kabi hujumni qoralagan bayonotlar berishdi[4][8][3].

Afgʻonistondagi AQSh kuchlari qoʻmondoni, armiya generali John W. Nicholson hujumni “oqlab boʻlmaydigan jinoyat” sifatida qoraladi. U, shuningdek, xavfsizlik kuchlarining tezkor choralarini maqtab, ular “eng yuksak maqtov va hurmatga sazovor” ekanligini aytdi[8]. Amerika Qoʻshma Shtatlarining Kobuldagi elchixonasi “oʻz vatandoshlarini himoya qilish uchun uchun mehnat qilayotgan jasur afgʻonlarga yordam koʻrsatadigan tibbiy muassasaga hujum qilish hech qanday din yoki e’tiqodda oqlanishi mumkin emas”, deya bayonet berdi[8].

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. 1,0 1,1 1,2 1,3 1,4 1,5 1,6 1,7 „Survivors of Kabul hospital attack deadly to over 100 say insiders also took part“. The Japan Times (13-mart 2017-yil). 14-mart 2017-yilda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 13-mart 2017-yil.
  2. „Death toll from Kabul hospital attack rises to 49“. Reuters (9-mart 2017-yil). 11-mart 2017-yilda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 11-mart 2017-yil.
  3. 3,0 3,1 3,2 3,3 3,4 „After Deadly Attack on Kabul Hospital, 'Everywhere Was Full of Blood'“. The New York Times (8-mart 2017-yil). 9-mart 2017-yilda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 10-mart 2017-yil.
  4. 4,0 4,1 4,2 4,3 „Afghanistan: IS gunmen dressed as medics kill 30 at Kabul military hospital“. BBC News Online (8-mart 2017-yil). 9-mart 2017-yilda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 10-mart 2017-yil.
  5. „VG: Norske spesialsoldater bidro mot dødelig IS-angrep“. NRK. 9-mart 2017-yilda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 10-mart 2017-yil.
  6. „Insiders aided Kabul hospital attack, survivors say“. 2017-yil 12-oktyabrda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 13-mart 2017-yil.
  7. „Death toll from Kabul hospital attack rises to 49“. Reuters (9-mart 2017-yil). 10-mart 2017-yilda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 10-mart 2017-yil.
  8. 8,0 8,1 8,2 Ehsan Popalzai and Ralph Ellis. „Kabul hospital attack leaves 30 dead“. CNN. 2017-yil 18-martda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 18-mart 2017-yil.