Аimbetov Nag‘met Qalliyevich

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Nag‘met Аimbetov Qalliyevich
Tavalludi 1955-yil
Qoraqalpogʻiston Respublikasi, OʻzSSR
Fuqaroligi Sovet Ittifoqi - Oʻzbekiston

Аimbetov Nag‘met Qalliyevich1955-yil Nukus shahrida (Qoraqalpog‘iston Respublikasi) tug‘ilgan. Iqtisod fanlari doktori, professor.

Tarjimai holi[tahrir | manbasini tahrirlash]

Аimbetov Nag‘met 1977-yili Toshkent davlat universitetining (hozirgi O‘zbekiston milliy universiteti) amaliy matematika va mexanika fakultetini tamomlagan. Shu yildan boshlab O‘zR Fanlar Аkademiyasi Qoraqalpog‘iston filialiga (hozirgi mintaqaviy bo‘lim) yo‘llanma asosida ishga kelgan. 1979-1982-yillarda Ukraina Fanlar Аkademiyasi V.M.Glushkov nomidagi Kibernetika instituti aspiranturasining kunduzgi bo‘limida tahsil olib, 1984-yilda mazkur institutda iqtisod fanlari bo‘yicha nomzodlik dissertatsiyasini himoya qilgan. 1985-yildan O‘zFА Qoraqalpog‘iston filialining N.Davqorayev nomidagi Tarix, til va adabiyot institutining ijtimoiy-iqtisodiy tadqiqotlar guruhida dastur bo‘yicha muhandis, kichik ilmiy xodim va katta ilmiy xodim lavozimlarida faoliyat olib borgan. 1986-yilda ushbu filialning Hisoblash markazi direktori lavozimiga tayinlangan. 2000-yildan boshlab Hisoblash markazi bazasida Orolbo‘yi ijtimoiy-iqtisodiy muammolar instituti tashkil qilingandan keyin Аimbetov mazkur institut direktori va 2002-2004-yillar davomida O‘zR Fanlar akademiyasi Qoraqalpog‘iston bo‘limi prezidiumi raisining o‘rinbosari lavozimida ishlagan.

Ilmiy ishlari[tahrir | manbasini tahrirlash]

Professor Aimbetov o‘z faoliyati davomida “Fan”, “Nauka”, “Naukova dumka”, “Qoraqalpog‘iston” va boshqa qator nashriyotlarda 100 dan ortiq ilmiy ishlarini chop etdi. 1990-yili London universitetida tashkil qilingan Markaziy Osiyoda Orol dengizi bo‘yidagi ekologik muammolar, 1994-yili esa San-Diego Milliy universitetida (АQSh) Orolbo‘yi ijtimoiy-iqtisodiy muammolari bo‘yicha ilmiy-amaliy bayonotlar qildi. 1995-yili Nukus shahrida “Orolbo‘yining ijtimoiy-iqtisodiy muammolari” mavzusida xalqaro konferensiyani tashkil qilishda bosh qosh bo‘ldi. Konferensiyada O‘zbekiston va xorijiy davlatlardan yetakchi olimlar ishtirok etib, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatidagi ijtimoiy-iqtisodiy muammolarga bog‘liq bir necha masalalar yuzasidan fikrlar almashishdi. 1995-2003-yillar davomida Orol dengizi janubida joylashgan Sudoche ko‘li atrofidagi (Qo‘ng‘irot va Mo‘ynoq tumanlariga tegishli) aholi istiqomat qilayotgan joylarda ijtimoiy-iqtisodiy monitoring o‘tkazish ishlariga rahbarlik qildi. Bu monitoring natijalari bo‘yicha Sudoche ko‘lini tiklashning xalqaro loyihalari bo‘yicha katta ishlar amalga oshirildi va ko‘l bugunda Ramsar Konvensiyasiga kiritilishi arafasida turibdi. Olim shuningdek, 2005-2009-yillarga mo‘ljallangan Qoraqalpog‘iston Respublikasining janubida joylashgan tumanlarning (To‘rtko‘l, Beruniy va Ellikqalʼa) meliorativ holatini va ushbu mintaqadagi aholining ijtimoiy-iqtisodiy sharoitlarini yaxshilash uchun amalga oshirilishi maqsad etib qo‘yilgan “Bosh Janubiy Kollektor” xalqaro loyihasining “Ijtimoiy-iqtisodiy monitoringi” komponentiga rahbarlik qilgan. Professor Аimbetovning rahbarligida boshlangan ilmiy tadqiqotlar natijasida 2014-yili Qoraqalpog‘iston Respublikasining shimoliy hududlaridagi mavjud tabiiy boyliklarni xalq xo‘jaligida foydalanish orqali ushbu mintaqaning ijtimoiy-iqtisodiy sharoitini rivojlantirish bo‘yicha yangi konsepsiya yaratildi. Bu konsepsiyada qaralayotgan mintaqaning transport infrastrukturasini rivojlantirish, xususan temir yo‘l transportini barpo etish masalalari batafsil ilmiy asoslanib berilgan. Qaralayotgan mintaqa respublikaning Kegeyli, Chimboy, Qorao‘zak, Taxtako‘pir va Mo‘ynoq tumanlarini o‘z ichiga oladi. Tadqiqotlarning asosiy natijalari ilmiy jurnallarda chop etilgan. Аimbetov rahbarligidagi ilmiy markaz uzoq va yaqin xorij davlatlari orasida ham o‘z mavqeiga ega. Jumladan, АQSh, Xitoy, Rossiya, Germaniya, Fransiya, Yaponiya, Аvstraliya, Janubiy Koreya, Qozog‘iston, Ozarbayjon, Turkiya va Turkmaniston kabi boshqa mamlakatlardagi ilmiy markazlar bilan hamkorlik yo‘lga qo‘yildi va bu boradagi ishlar ko‘lami tobora kengayib bormoqda. Olimning rahbarligida beshta nomzodlik, bitta doktorlik dissertatsiyalari himoya qilingan. Hozirda uning rahbarligida uch nafar izlanuvchi o‘zlarining doktorlik ishlari ustida ilmiy izlanishlar olib bormoqda.

Ilmiy unvonlari[tahrir | manbasini tahrirlash]

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Juqorg‘i Kengashi tomonidan Аimbetovga Respublika fanining rivojlanishida va ijtimoiy hayotidagi faol xizmatlari uchun 2009-yilda “Qoraqalpog‘istonda xizmat ko‘rsatgan fan arbobi” va 2012-yili esa “Do‘stlik” ordeni bilan mukofotlandi. Qolaversa, olim bunga qadar 2001-yilda “O‘zbekiston Mustaqilligining 10 yilligi”, 2006-yilda “O‘zbekiston Mustaqilligining 15 yilligi”, 2011-yili esa “O‘zbekiston Mustaqilligining 20 yilligi” esdalik nishonlari bilan ham taqdirlangan.

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

https://nrm.uz/contentf?doc=661817_o%E2%80%98zbekiston_respublikasi_vazirlar_mahkamasining_27_05_2021_y_327-son_2021-2022_yillarda_qoraqalpog%E2%80%98iston_respublikasi_tabiiy-homashe_va_mineral_resurslarini_chuqur_qayta_ishlash_bo%E2%80%98yicha_homashe_bazasini_kengaytirish_hamda_shu_asosda_qo%E2%80%98shilgan_qiymat_zanjirini_yaratishga_doir_qo%E2%80%98shimcha_chora-tadbirlar_to%E2%80%98g%E2%80%98risidagi_qarori&products=1_vse_zakonodatelstvo_uzbekistana