Zohidjon Obidov

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Zohidjon Obidov — jangchi shoir, 1923-yili Toshkentda tugʻilgan. U o‘rta maktabni tugatib oliy o‘quv yurtiga emas, frontga — jangga otlandi. Leningrad janglarida, qamal holatida oʻsha yurt uchun jonini fido etdi. Yarador bo‘lib qaytdi. Shundan so‘ng Toshkent Davlat dorilfununiga o‘qishga kirada. Tugatgach, Namangan pedagogika institutida dars beradi. Ayni chogʻda viloyat yozuvchilari uyushmasiga rahbarlik qiladi. Oʻzbekiston Yozuvchilari uyushmasida, Gʻafur Gʻulom va „Yosh gvardiya“ va „Mushtum“ oynomasida faoliyat koʻrsatadi.



U shoir sifatida 50-yillardan beri ijod qilib keladi. Shu damgacha yigirmadan ortiq sheʼriy toʻplamlari eʼlon qilingan. Jumladan, „Yaxshi niyat“ (1957), „Yangi oyning oʻrogʻi“ (1961), „Oshiq koʻngil bilan“ (1963), „Xitoydan sovgʻa“ (1963), „Tong yulduzlari“ (1965), „Ko‘ngil navosi“ (1968), „Xandalarim“ (1969), „Umid to‘lqinlari“ (1972), „Yurakdagi mavjlar“ (1973), „Kuygan kuyov“ (1973), Tanlangan asarlar (1974), „Talpinur dil“ (1977), „Qoʻlingni ber“ (1979), „Ko‘ngil taronasi“ (1983), „Kuyla dilkash dutorim“ (1984), „Dilrabosan“ (1984), „Bahshida“ (1985), „Senga talpinaman“ (1990), „Qanotli qoʻshiqlar“ (1991), kabi kitoblari bosilgan. Uning sheʼriy to‘pdamlarida bir xil sheʼrlar qo‘shiq bo‘lib yangraydi, bir xillari hashviya sifatida kulgiga yetaklaydi, yana bir xili zamon va zamondoshlarning o‘y-fikrlarini ifoda etadi.

Ayni chog‘da mazkur sheʼrlarning ko‘pchiligi rus va o‘zga tillarga ham tarjima bo‘lgan. Zohidjon Obidov M. Lermontov, T. Shevchenko. M. Bajan, R. Hamzatov, S. Mixalkov kabi mashhur shoirlar asarlarini ham o‘zbek tiliga tarjima qilgan. U urush faxriysi, qo‘sha-qo‘sha orden va medallar sovrindori, Oʻzbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi.[1]

Kuyla, dilkash dutorim[tahrir | manbasini tahrirlash]

Kuyla, dilkash, kuyla dilkash dutorim.
Xumorim yoz, xumorim yoz xumorim.
Qalb sadosi bo‘lib yangra qo‘limda,
Tinglab orom olsin sevikli yorim.

Hamdamim bo‘l, uyqu kelmas kechalar,
Intizorlik daftar ochgan kechalar.
Har pardada visol chog'in et yaqin,
Eslattur yor birga yurgan ko‘chalar.

Dardlashurman boshing bosib ko‘ksima,
Yor kelganda chetda qolib o‘ksima.
Yor ketganda qo‘lga olsam o‘rtanib,
Dilkashim bo‘l, nozlanib sen yo‘q dema.

Oshkoralik[tahrir | manbasini tahrirlash]

Duch kelsang xavf ko‘rdilar,
Churq etsang, cho‘rt bo‘ldilar
So‘ng telba deb kuldilar,
Sho‘ring qurib qolgandi
Bechora, oshkoralik.

Tik boqsang boshga so‘qib,
Ayyorlar zog‘day cho‘qib,
Shaʼningga bo‘hton to‘qib.
Tinkangni quritdilar,
Ey, sho‘rlik oshkoralik.

Mast tuyadek bo‘kirib,
Chaqmoq chaqib, o‘kirib
Minbarlarga musht urib,
Tuhmatchi ham dedilar,
Seni, ey, oshkoralik.

Illatlarga o‘t qo‘yib,
So‘zlolmay, tiling kuyib,
Dimiqib, diling kuyib,
Darding yutib yurakka,
O‘rtanding oshkoralik.

Qaydan kelsang, shart to‘sib,
O‘tar yo‘llaring buzib,
Umid rishtasin uz deb,
Abgor etmoq bo‘ldilar
Seni, ey, oshkoralik.

Qo‘l sinig‘i yeng ichra,
Sir ochako‘rmang sira,
Darkor deb yuz-xotira,
Dakki, dashnom berdilar
Jim bo‘l deb, oshkoralik.

Necha bor dog‘da qolding,
Toru tang chog‘da qolding.
Quvg‘in, avloqda qolding
Lol bo‘lib, hayron bo‘lib,
Uy surib, oshkoralik.

Tislanding, chekinmading,
Shumlarga bukilmading.
Qo‘rqib duv to‘kilmading,
Berding bariga bardosh,
Jafokash, oshkoralik

Avroqlarga yurmading,
Ikkilana ko‘rmading,
Otni ortga burmading
Sinovlarda sinalgan
Ey, tanti oshkoralik.

Odillik zamin edi,
Pok vijdon g‘aming yedi.
Tantanang taʼmin edi,
Na o‘t, na suvda yitmas
Barhayot, oshkoralik.

Bor ekan-ku, ro‘shnolik,
Adolatga oshnolik,
Bor bo‘l haqqa tashnalik,
Bor bo‘l hamisha hamro‘z
Qadirdon, oshkoralik.

Yolg‘on to‘kilgay to‘s-to‘s,
Qing‘irlik qo‘rg‘onin buz,
Haqlik — doim yorug‘ yuz.
Yashayver yorug‘ yuz-la
Ey, rostgo‘y, oshkoralik!

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. Sobir Marvaliyev. Oʻzbek adiblari. T.: „Fan“, 1993

Havolalar[tahrir | manbasini tahrirlash]