Zaynobiddin Yusupov

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Zaynobiddin Yusupov (1923.1.1 Margʻilon — 1992.30.10) — qiziqchi va askiyachi. Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan artist (1989). Yusufjon qiziq Shakarjonovning oʻgʻli. Oxunjon qiziq Huzurjonovdan taʼlim olgan: 1940-yilda Toshkentda oʻtkazilgan qiziqchilarning birinchi respublika qoʻriktanlovida ishtirok etgan. Otasi hayotligidayoq ukasi Madaminjon Yusupov (1935—1993)ni yoniga olib, askiya, mayda qiziqchiliklar bilan tanildi. 60-yillarda Fargʻona teatrida aktyor, cholgʻu ansambli rahbari boʻlib ishladi. "Tohir va Zuhra" da sandiqsoz, "Nurxon"da Huzurxoʻja, "Maysaraning ishi"da Mulladoʻst, "Arshin mol olon"da Vali kabi rollar ijro etdi. 70-yillarda Margʻilon xalq teatrida, 1978-yildan Fargʻona filarmoniyasida qiziqchi va cholgʻuchi boʻlib ishlaydi. 1986-yilda askiyachi va qiziqchilarning Qoʻqonda oʻtkazilgan respublika koʻriktanlovida oʻzi tashkil etgan "Margʻilon xandasi" uyushmasi bilan qatnashdi. Zaynobiddin va Madaminjon Yu.lar, Mamasiddiq Shiryayev, Orifjon Usmonov ijrosida Qoʻqon va Toshkentda koʻrsatilgan "Tabiblik" (asli "Xitoy tabib") va "Dorbozlik" ogʻzaki komediyalari yangicha jarangladi. 1988-yilda ular Toshkentda "Kulgi markazi"ning ochilishida "Erka oʻgʻil" komediyasini namoyish etdilar. Yu. qiziqchilikda, askiyada ham soʻzni teribterib, donadona va jarangdor qilib ijro etar, soʻzlarning tag maʼnolarini tomoshabinlarga tushunarli shaklda yetkazardi. "Shirinliklar", "Futbol" payrovlarida mohir boʻlgan.

Muhsin Qodirov.