Kontent qismiga oʻtish

Zakariyo

Vikipediya, erkin ensiklopediya

Zakariyo (arabcha: زكريا‎) – Qurʼonda tilga olingan paygʻambarlardan biri, Yahyoning otasi. Qurʼonda 8 joyda zikr qilingan, uning nasabi haqida biron narsa deyilmagan.

Qurʼonda aytilishicha, Maryamni tarbiyalayotgan Zakariyo gʻoyibdan qizga har kun turli taom-u sharbatlar, yangi mevalar inʼom etilayotganini koʻradi. Bu Allohning marhamati ekanligini, uning har narsaga qodirligini biladi va qarib, zaif boʻlib qolgani, befarzandlik dogʻi kuydirayotganini arz etib iltijo bilan Allohdan farzand soʻraydi. Alloh maloikalarni yuborib, unga farzand ato etishligi bashoratini beradi:

Farishtalar unga nido qildilar: „(Ey, Zakariyo), Alloh senga Allohning soʻzini tasdiq etadigan, (oʻz qavmiga) xoja boʻladigan, (shahvatlardan oʻzini) tiyadigan va solih paygʻambarlardan boʻladigan Yahyo ismli farzand xushxabarini berur“.
Oli Imron surasi, 39-oyat

Shunda Zakariyo menga keksalik yetgan, xotinim tugʻmas boʻlsa, mendan qanday farzand boʻlsin, dedi. Zakariyoga belgi berildi: uch kungacha Zakariyoning tili Allohning zikridan oʻzga soʻzga aylanmay qoldi. Odamlarga esa faqat imo-ishora bilan muomala qildi. Bu Zakariyoning xotini homilador boʻlganidan darak edi. Rivoyatda aytilishicha, Zakariyo shaytonning sotqinligi tufayli shahid boʻlgan[1].

  1. „Zakariyo“, Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (Z-harfi). Toshkent: „Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi“ Davlat ilmiy nashriyoti, 2000–2006-yillar.