Yusupovlar

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Jump to navigation Jump to search

Yusupovlar — oʻzbek milliy kurashi rivojlanishiga, uning xalqaro maydonga chiqishiga hissa qoʻshgan polvonlar sulolasi.

Polvonlar sulolasi boshlovchisi Yusupov Tursun (1898, Buxoro — 1982.12.4, Qorakoʻl tumani Qoraun qishlogʻi) oʻz davrida toʻy va sayil kurashlarida nom qozongan. U kurash sirlarini Buxoro amirligida "Yengilmas polvon" nomi bilan elga tanilgan bobosi Roʻziboy (Ruzvalt) polvondan, kurash mahoratini otasi Yusuf polvondan oʻrgangan. Uzoq yillar Qorakoʻl tumanidagi "Ijtimoiy" jamoa xoʻjaligida rahbarlik lavozimlarida ishladi (1944—1970), kurash musobaqalarini oʻtkazishga boshqosh boʻldi, yetti nafar polvon oʻgʻilni voyaga yetkazdi.

Oʻgʻli Nazirquli Tursunov (1932, Buxoro — 1954, Samarqand) — sambo boʻyicha sport ustasi. Kurash va sambo musobaqalari gʻolibi. Samarqand untida oʻqigan (1950—54).

Oʻgʻli Joʻraquli Tursunov (1937.12.10, Buxoro 2001.22.7, Toshkent) — kurash, dzyudo va sambo boʻyicha sport ustasi. Shu turlarda oʻtkazilgan musobaqalar gʻolibi, Oʻzbekiston chempioni, Oʻrta Osiyo universitetini tugatgan (1961), biol. fanlari d-ri (1986), prof. (1992). Oʻzbekiston FA Botanika institutida ilmiy xodim, lab. mudiri (1962—1991), Toshkent untida kafedra mudiri (1991—2001). 20asr oxirida mamlakatda kurash boʻyicha oʻtkazilgan xalqaro musobaqalar tashkilotchilaridan, Xalqaro qurash akademiyasi prezidenti (1999—2001), "Oʻzbek kurashi dovrugʻi" (2002) kitobining hammuallifi, "Shuhrat" medali bilan mukofotlangan (2000).

Oʻgʻli Nurmuhammad Yusupov (1946.27.12, Buxoro) — kurash va dzyudo boʻyicha sport ustasi, sambo boʻyicha xalqaro miqyosdagi sport ustasi (2003), koʻp karra Oʻzbekiston chempioni. Bogʻdorchilik, uzumchilik va vinochilik ilmiy tadqiqot instituti qoshidagi texnikumni (1962), Oʻzbekiston jismoniy tarbiya intini (1965) tugatgan. Qorakoʻl tumanida maktab oʻqituvchisi, direktori (1965-83), 1983 y.dan Qorakoʻl tumani kasaba uyushmalari raisi. Buxoro viloyatida oʻtkazilayotgan kurash musobaqalari tashkilotchilaridan, sport jonkuyari. Sambo boʻyicha faxriylar oʻrtasida jahon chempioni (2003, Fransiya; 2004, Tojikiston).

Oʻgʻli Shermuhammad Yusupov (1949.26.4, Buxoro) — kurash, dzyudo va sambo boʻyicha sport ustasi, shu turlarda nufuzli musobaqalar gʻolibi. Oʻzbekiston chempioni. Toshkent qishloq xoʻjaligi intini tugatgan (1979). Qorakoʻl tumani oʻrmon xoʻjaligi boshqarmasi direktori oʻrinbosari, direktori (197991). 1991 yildan Oʻzbekiston oʻrmon xoʻjaligi boshqarmasi boshligʻining 1-oʻrinbosari. Milliy qurash musobaqalarining tashkilotchilaridan. "Shuhrat" medali bilan mukofotlangan (2001).

Oʻgʻli Muzaffar Yusupov (1952.4.1, Buxoro) — kurash musobaqalari gʻolibi, dzyudo va sambo boʻyicha sport ustasi, shu turlarda Oʻzbekiston chempioni. Toshkent irrigatsiya va qishloq xoʻjaligini mexanizatsiyalash muhandislari intini tugatgan (1975). Toshkent loyiha institutida muhandis (1975—76), Toshkent qishloq xoʻjaligi institutida oʻqituvchi (1976— 79), Qorakoʻl tumani q.x. boshqarmasi boshligʻi (1979—97). 1997 yildan Oʻzbekiston Bojxona qoʻmitasida boʻlim boshligʻi. Kurash musobaqalarini uyushtirishda ishtirok etib keladi.

Oʻgʻli Norquli Yusupov (1954.23.5, Buxoro)— kurash, dzyudo va sambo boʻyicha sport ustasi, shu turlarda oʻtkazilgan nufuzli musobaqalar gʻolibi. Samarqand universitetini tugatgan (1978), texnika fanlari nomzodi (1990). "Kibernetika" ilmiy ishlab chiqarish birlashmasi va boshqalar tashkilotlarda muhandis boʻlib ishlagan (1978—2001). Kurash boʻyicha oʻtkazilgan xalqaro musobaqalar tashkilotchilaridan, "Kurash uchun harakatli oʻyinlar" kitobining muallifi (2003). 2001 yildan Xalqaro kurash akademiyasining prezidenti.

Oʻgʻli Komil Yusupov (1957.20.12, Qorakoʻl tumani) — kurash boʻyicha sport ustasi, sambo va dzyudo boʻyicha xalqaro miqyosdagi sport ustasi (1978, 1979), Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan sportchi (1992). Toshkent universitetining yuridik fakultetini (1984), Oʻzbekiston jismoniy tarbiya intini (1991) tugatgan, harbiy xizmatchi (1976—1992), Oʻzbekiston Davlat jismoniy tarbiya va sport qoʻmitasi raisining oʻrinbosari (1992—96), raisi (2002—2004), "Kamolot" jamgʻarmasi raisining 1-oʻrinbosari (1996— 1999), raisi (1999—2000), 2004 yildan Madaniyat va sport ishlari vazirining birinchi oʻrinbosari. Kurash va belbogʻli kurashning xalqaro qoidalarini ishlab chiqqan. Kurash boʻyicha oʻtkazilgan nufuzli musobaqalar tashkilotchilaridan, Xalqaro kurash assotsiatsiyasi (XKA) tuzish tashabbuskorlaridan biri. 1998 yildan XKA prezidenti. "Kurash" (1999) va "Kurash xalqaro qoidalari, texnikasi va taktikasi" (2005) kitoblarining muallifi. II darajali "Sogʻlom avlod uchun" (1997), "El-yurt hurmati" (1999) ordenlari, BMT ning "Yaxshi niyat elchisi" unvoni (2004) bilan mukofotlangan.