Yuqori bosma

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Yuqori bosma — matn va rasmlarni koʻpaytirishning asosiy matbaa usullaridan biri. Bunda qolipning bosuvchi va oraliq (probel) elementlari turli (balandpast) sathlarda (bir tekislikda emas) joylashadi. Vallardagi boʻyoq elementlarga, ulardan esa bosilayotgan sirtga oʻtadi. Yuqori bosma uchun bosma qoliplarini yasash nisbatan oson, bosish sifati yaxshi va ish unumdorligi yuqori boʻladi. Yuqori bosma usulidan 1000 yildan koʻproq vaqtdan beri foydalaniladi. Dastlabki bosma qoliplari tekis va silliq sirtli yassi taxtalardan iborat boʻlgan. Ulardagi tasvirlar oraliq elementlarni oʻyib olish yoʻli bilan tayyorlangan. Hoz. bosma qoliplar metalldan quyib, plastmassa yoki rezinadan presslab tayyorlanadi. Yuqori bosma gazeta, jurnal, kitoblar, koʻp boʻyoqli rasmlar va boshqalarni bosishda qoʻllanadi (qarang Poligrafiya).