Yunusobod tennis korti

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Jump to navigation Jump to search

"YUNUSOBOD" TENNIS KORTI — Toshkent shahridagi sport majmui (1996); Amir Temur shohkoʻchasida joylashgan "YU."t.k. oʻzining mahobatli koʻrinishi, zamonaviy talablar asosida loyihalanishi va funksional mukammalligi bilan ahamiyatlidir. Ochiq kort maydonlari shohkoʻcha boʻylab eng baland inshoot — Toshkent televizion minorasi tagida joylashgan boʻlib, u bilan yaxlit meʼmoriy ansamblni tashkil qiladi. Ochiq kortlar orqasida, uning gʻarbiy qismida 3000 oʻrinli usti yopiq universal kort binosi qurilgan. Bino tarhi burchaklari aylanma chiziklar bilan chegaralangan toʻgʻri toʻrtburchak shaklida, tomoshabinlar oʻrindiqlari oʻyin maydonini har tomondan qamrab olgan. Maxsus mehmonlar va sharhlovchilar joyi gʻarbiy sektorda, uning tepasida 200 oʻrinli qahvaxona va kichik bufetlar, qoʻshimcha (trenajer, sauna, dam olish xonalari, vrachlar xonasi, garderob, sportchilar xonasi, maʼmuriyat va texnik) xonalar tribuna tagidagi hududga qulay qilib joylashtirilgan. Bino tomining konstruksiyalari — yorugʻlik oʻtkazadigan leksanli ulkan temirbeton ravoqlar bilan ishlangan. Bunday tom va kortni oʻrab olgan 2qavat galereyasining derazalari bino qiyofasiga mos koʻrkam meʼmoriy koʻrinish baxsh etgan. "YU."t.k.da Xalqaro sport musobaqalari oʻtkaziladi.