Yulduz Ismatova

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Jump to navigation Jump to search

Yulduz Asadovna Ismatova (1944.31.10, Toshkent) — raqqosa, aktrisa, baletmeyster, rejissyor Oʻzbekistonda xizmat koʻr-satgan sanʼat arbobi (1995). A. Ismatovning qizi. Toshkent xoreografiya bilim yurti (1965)ni hamda Toshkent teatr va rassomlik sanʼati instituti aktyorlik (1976), rejissyorlik (1984) fakultetini tugatgan. 1963—88 yillar Muqimiy teatrida ishlagan. 1997 yildan M. Turgʻunboyeva nomidagi "Oʻzbekraqs" milliy raqs birlashmasining bosh direktori. Eng yaxshi raqslari: "Tanavor", "Munojot", "Gulchi qiz" va b. Ijro etgan rollari: Qumri ("Nurxon"), Malika ("Oddiy moʻʼjiza"), Charlston ("Hijron"), Zarifa ("Xotinimning eri"), Ofat ("Qaynona") va hokazo. Rejissyor sifatida "Dilafroʻzga toʻrt oshiq", "Oltin davrim", "Yulduzlar jamoli" kabilarni sahnalashtirgan.

1988 yil "Oʻzteleradiokompaniya" qoshida "Tanavor" raqs-ansambli (1997 yildan raqs-teatri)ni tashkil etdi. "Sevgi nidosi" (A. Navoiyning "Sabʼai sayyor" asari asosida), "Nodira", "Ulugbek burji", "Qoʻqon ayoli" (anʼanaviy musiqa va raqslar asosida), "Sevgi vasfi" ("Tanavor" janridagi raqslar yigʻindisi), "Moziydan nur", "Temuriy malikalari", "Uvaysiy" kabi raqs-teatrlarini sahnalashtirdi (libretto muallifi ham oʻzi). "Sharq taronalari", Fransiya — Parij—Yunesko qarorgohida "Amir Temur" teatrlashgan konsert dasturi va b.ning bosh baletmeysteri. Lirik joʻshqinlik, doimiy izlanuvchanlik, moziyga ziyraklik bilan murojaat etish, mumtoz asarlarga katta qiziqish va mexr bilan yondashish I. ijodiga xos. "Doʻstlik" ordeni bilan taqdirlangan (1998).[1]

Manbalar[tahrir]

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil