Yuksak qisqichbaqasimonlar

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Jump to navigation Jump to search

Yuksak qisqichbaqasimonlar — qisqichbaqasimonlar kenja sinfi. Asosiy belgilari — boshi 5, koʻkragi 8, qorin boʻlimi 6 boʻgʻimdan iborat; faqat yupqa sovutli qisqichbaqalar qorin boʻlimi 7 boʻgʻimli; qorin oyoqlari rivojlangan. Boshi — sinsefalon yoki prototsefalon. Prototsefalonda jagʻ boʻgʻimlari koʻkrak bilan qoʻshilib, jagʻkoʻkrakni hosil qiladi. Jagʻkoʻkrak (gnatotoraks) koʻpincha boshkoʻkrak ham deyiladi. Boshida bir juft fasetkali koʻz va 5 juft boshoyoq (bir juftdan yuqori va pastki jagʻ, 3 juft oyoqjagʻ) boʻladi. Qorin boʻgʻimlari baʼzan oʻzaro yoki telson bilan qoʻshilib, pleotelson hosil qiladi. Nafas olish va qon aylanish sistemasi yaxshi rivojlangan. Oshqozon chaynovchi va filtrlovchi boʻlimlardan iborat. Koʻpincha jigar deb ataladigan murakkab hazm qilish bezi bor. Chuch"uk suv va quruqlikda yashaydigan Yuksak qisqichbaqasimonlar oʻzgarishsiz, dengiz Yuksak qisqichbaqasimonlar metamorfoz orqali rivojlanadi. "YU.q." nomi koʻp toʻgʻri kelmaydi; chunki ularda yuksak belgilar bilan birga tuban tuzilish xususiyatlar (mas, 2 shoxli qorinoyokdar) ham bor. 13 turkumga mansub 19,5 mingga yaqin turi mavjud. Keng tarqalgan; koʻllar va dengizlarda bentosda yoki pelagik hayot kechiradi. Bir qancha turlari chuchuk suvlarda va quruqlikda yashaydi; ayrim turlari (sakkulina) parazit. Urta Osiyo suv havzalarida yonlab suzarlar, oʻnoyoqlilar, tengoyoqlilar turkumlari, quruqlikda tengoyoqlilar (zahkashlar) turkumi vakillari uchraydi. Bir qancha Yuksak qisqichbaqasimonlar ovlanadi va koʻpaytiriladi.