Konstantin Yudaxin

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
(Yudaxin Konstantin Kuzmichdan yoʻnaltirildi)
Jump to navigation Jump to search

Konstantin Kuzmich Yudaxin (1890.31.5, Orsk 1975.22.2, hozirgi Bishkek) — sharqshunosturkiyshunos olim. Oʻzbekiston Fanlar Akademiyasi muxbir aʼzosi (1952), Qirgʻiziston Fanlar Akademiyasi akad. (1955), prof. (1940), filol. fanlari doktori (1949). Qirgʻizistonda xizmat koʻrsatgan fan arbobi. Turkiston oʻqituvchilar seminariyasini (Toshkent, 1910), Oʻrta Osiyo universitetining sharq fakultetini tugatgan (1925). Mankent, Qorabuloqdagi rustuzem maktablarida oʻqituvchilik qilgan (1910—15), Sintszyanda ilmiy safarda boʻlgan (1915—20); Leningradda Sharqshunoslik institutida oʻzbek, uygʻur, qozoq va qirgʻiz tillari oʻqituvchisi (1925—32), Moskva sharqshunoslik institutida uygʻur tili kafedrasi mudiri (193244), Qirgʻiziston Fanlar Akademiyasi (SSSR Fanlar Akademiyasi filiali) Til va adabiyot instituti ilmiy xodimi (1944—52), Qirgʻiziston davlat ped. instituti (1946—51), Fargʻona ped. instituti (1952—54) prof., Qirgʻiziston untida maslahatchi prof. (1955 yildan).

Yudaxinning ilmiy ishlari oʻzbek, uygʻur, qirgʻiz tillari tarixi, lahja va shevalarini, ularning genezisi va oʻzaro aloqasini, mazqur turkiy tillarning boshqa oiladagi tillar bilan munosabati, turkiy tillar yozuvi, leksikografiyasi va terminologiyasini oʻrganish masalalariga bagʻishlangan. Yu. birinchi boʻlib oʻzbek tili shevalarini oʻrgangan, oʻzbekcharuscha (arab alifbosida; T., 1927), qirgʻizcharuscha (M., 1940) lugʻatlarni tuzgan olimlardandir. Uning 1965 yilda Moskvada nashr etilgan "Qirgʻizcha-ruscha lugʻat"i Davlat mukofotiga sazovor boʻlgan (1967).[1]

Manbalar[tahrir]

  1. "Yudaxin Konstantin Kuzmich" OʻzME. Yu-harfi Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil