Yogʻoch zamburugʻlari

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Jump to navigation Jump to search

Yogʻoch zamburugʻlari - gimenomitsetlar turkumining poʻkaklar oilasiga mansub guruhi. Daraxtlarning yogʻoch qismini, ayniqsa oʻzagini hamda turli yogʻoch qurilmalarni chiritadi. Yo. z.dan chin poʻkak (Forties fomentarius), tangachali poʻkak (Polyporus squamosus), dagʻal tukli poʻkak (Inonotus hispidus) Oʻzbekistonda koʻp tarqalgan. Yo. z.ning tanalari (mitseliysi) daraxtlarning oʻzagida yoki yogʻoch qismida hujayralar orasiga joylashib, daraxt sirtiga yirik boʻrtmalar — mevatanalar chiqaradi. Yo. z. oʻzi ajratadigan turli fermentlar taʼsirida yogʻoch tarkibidagi sellyuloza va ligninni glyukozaga aylantirib oziqlanadi. Shu tufayli daraxtlarning oʻzagi chiriydi. Yo. z., ayniqsa u y zamburugʻi (Serpula lacrymans) turli yogʻoch qurilmalar (uylarning poli, shpallar, yogʻoch koʻpriklar ustuni)da oʻsib, ularni chiritadi. Yo. z. havoning harorati 18—22° va nisbiy namligi 80—85%, yogʻochning namligi esa 28—60% boʻlganda yaxshi rivojlanadi. Yo. z. paydo boʻlmasligi va yogʻoch qismlar chirimasligi uchun ular turli antiseptik moddalar (krezet yogʻi, karbolineum, natriy ftorat va b.) bilan toʻyintiriladi. [1]

Manbalar[tahrir]

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil