Yogʻoch plitalar

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Jump to navigation Jump to search

Yogʻoch plitalar — yogʻoch tolasi yoki qipigʻiga ishlov berib tayerlanadigan materiallar. Yogʻoch tolali plitalar — yogʻoch (yoki boshqa tolali oʻsimlik poyasi)ning tolali massasini qolipga quyib, presslab va quritib olinadigan yogʻoch materiallar. Asosiy mahalliy xom ashyolar (qurilishga ishlatilmaydigan yogʻoch, yaʼni oʻtin, yogʻochga ishlov berishda chiqadigan chiqindilar, qogʻoz makulatura, somon, oʻsimlik oʻzaklari) ning koʻpligi va arzonligi tufayli bunday plitalar koʻplab ishlab chiqariladi. Tolali massa termomexanik, mexanik va kimyoviy mexanik usullarda olinadi. Buning uchun massa nam holatda bogʻlovchi moddalar qoʻshilmasdan, quruq holatda tolali massaga 4—8% sintetik smola qoʻshib tayyorlanadi. Plitalarning xossalarini yaxshilash uchun ularga parafin, kanifol, sintetik smola, antiseptik moddalar qoʻshiladi. Ularning suvga chidamliligini oshirish uchun tola massasiga parafin, smola, moyli emulsiyalar, alyuminiy sulfat qoʻshiladi. Plitalar quyish mashinalarida qolillanadi. Plitalarning oʻta qattiq, chala qattiq, himoyapardozlashda va izolyasiyada ishlatiladigan xillari bor. Kattik va oʻrtacha qattiq plitalar koʻp qavatli presslarda 135—180° trada, qattiq hamda oʻta qattiq plitalar 150— 170° trada "toblanib", massasiga nisbatan 5—7% namlanib presslanadi. Oʻta qattiq va qattiq plitalarning mustahkamlik chegarasi 50 MN/m2 (500 kgkuch/ sm2) gacha; uz. 1200—3600 mm, eni 1000— 1800 mm, qalinligi 3—8 mm li qilib ishlab chiqariladi. Ular turar joy va sanoat binolarida qavatlararo orayopmalar, tom hamda devorlarni issiqlik saqlaydigan qilish, xonani bezash va b. uchun ishlatiladi. Yogʻoch qipiqli plitalar — (yogʻoch qipigʻi)ni bogʻlovchi moddalar bilan issiklayin presslab olinadigan qurilish va mebelchilik materiali. Bir, uch, besh va koʻp qatlamli; bir qatlamli yaxlit hamda ichi teshikli; zichligi juda kam (350—450 kg/m3), kam (450— 650 kg/m3), oʻrtacha (650—800 kg/m3) va yuqori (700—800 kg/m3) xillari bor. Bogʻlovchi modda sifatida mochevinoformaldegid, fenolformaldegid va b. smola (qatron)lar ishlatiladi. Bir qatlamli plitalarda qipiqlarning oʻlchamlari va bogʻlovchi moddalar miqdori plitaning butun qalinligi boʻyicha bir xil boʻladi. Uch va besh qatlamli plitalarning bir yoki ikkala tomoni ichki qatlamiga nisbatan ancha mayda qipiq hamda bogʻlovchi moddalar koʻproq boʻladi. Bunday plitalarning sirti silliq va mustahkam boʻladi. Plitalarning fizikmexanik xossalari hajmiy massasiga, qipiqlarning shakli va oʻlchamlariga, qatlamlar soniga, bogʻlovchi moddalar sifatiga bogʻliq boʻladi. Bunday plitalar yaxlit yogʻoch plitalarga karaganda biologik taʼsirlarga chidamli. Ular mebel sanoatida, qurilishda, xalq xoʻjaligining boshqa sohalarida ishlatiladi. [1]

Manbalar[tahrir]

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil